Federiko Fellini (: 1920-yil 20-yanvar, Rimini — 1993-yil 31-oktyabr, Rim) — italyalik kinorejissyor va ssenariynavis. U xayolot (fantaziya) va barokko tasvirlarini oddiy kundalik hayot bilan uygʻunlashtirgan oʻziga xos uslubi bilan mashhur. Uning filmlari „Cahiers du Cinéma“ va „Sight & Sound“ kabi nufuzli tanqidchilar soʻrovnomalarida yuqori oʻrinlarni egallagan.
Fellini oʻz faoliyati davomida 17 marta „Oscar“ mukofotiga nomzod qilib koʻrsatilgan va toʻrt karra ushbu sovrinni qoʻlga kiritgan. Uning filmlari „Eng yaxshi xorijiy film“ nominatsiyasida g'olib bo'lgan va mazkur yoʻnalishda mutlaq rekordchi hisoblanadi. 1993-yilda rejissyorga kino sanʼatiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun faxriy „Oscar“ mukofoti topshirilgan. Uning mashhur „Shirin hayot“ (La Dolce Vita) filmi esa 1960-yilda Cannes kinofestivalining bosh sovrini — „Oltin palma novdasi“ga loyiq koʻrilgan. Bugungi kunda uning nomidan kelib chiqqan „fellinicha“ (ital. felliniano) atamasi kino va sanʼatda barokko estetikasiga boy, dabdabali hamda xayolot aralashgan oʻziga xos uslubni anglatadi.
Hayoti
Fellini 1920-yil 20-yanvarda Adriatika dengizi boʻyidagi kichik Rimini shahrida, oʻrta hol oilada dunyoga kelgan. Uning otasi Urbano Fellini sayyor savdogar boʻlib ishlagan, onasi Ida Barbiani esa katolik eʼtiqodidagi rimlik savdogarlar oilasidan edi. Federikoning ukasi Rikkardo keyinchalik hujjatli filmlar rejissyori boʻlib yetishdi, singlisi esa Mariya Maddalena boʻlgan. U bolaligidan rasm chizish, qoʻgʻirchoq teatri qoʻyish va bolalar jurnallarini oʻqish bilan shugʻullangan.
Fellini 1937-yilda Riminida shaxsiy fotoatelyesini ochdi, 1938-yilda esa Florensiyada oʻzining ilk karikaturasini nashr ettirdi. 1939-yilda u ota-onasining istagiga koʻra Rim universitetining huquq fakultetiga oʻqishga kirdi. Biroq taniqli biograf Hollis Alpertning taʼkidlashicha, uning darslarga qatnagani haqida hech qanday rasmiy maʼlumot saqlanmagan. Shu yillarda u „Marc’Aurelio“ hajviy jurnalida ishlay boshladi va 1942-yilgacha shu yerda ijod qildi. Aynan mana shu faoliyati keyinchalik unga kino va estrada olami eshiklarini ochib berdi.
1942-yil kuzida Fellini radiostudiyada oʻzining boʻlajak turmush oʻrtogʻi, aktrisa Giulietta Masina bilan tanishgan. Ular 1943-yil 30-oktyabrda turmush qurgan. 1945-yil 22-martda oilada oʻgʻil — Pyerfederiko tugʻilgan, ammo goʻdak 11 kundan keyin ensefalitdan vafot etgan, boshqa farzandlari boʻlmagan. Rim ozod qilingandan soʻng Fellini Roberto Rossellini bilan ishlab, „Rim — ochiq shahar“ va „Paisa“ filmlarining ssenariylari ustida ishlagan, ikkala ssenariy ham „Oscar“ mukofotiga nomzod boʻlgan.
Fellini 1993-yilning avgustida Riminidagi „Grand“ mehmonxonada ilk bor insultni boshdan oʻtkazdi. Keyinchalik Rim shifoxonalaridan birida yuz bergan ikkinchi insultdan soʻng komaga tushdi va oʻsha yilning 31-oktyabr kuni 73 yoshida hayotdan koʻz yumdi. Rejissyor bilan vidolashuv marosimi Fellini uchun qadrli boʻlgan „Chinechitta“ kinostudiyasining 5-pavilyonida boʻlib oʻtdi va unda 70 mingga yaqin kishi ishtirok etdi. Masina besh oy oʻtgach, 1994-yil 23-martda oʻpka saratonidan vafot etgan. Fellini xotini va oʻgʻli bilan birga Rimini Monumental qabristoniga dafn etilgan.
Ijodi
Fellini kino faoliyatini 1940-yillarda ssenariynavis sifatida boshlagan. 1950-yilda Alberto Lattuada bilan birgalikda suratga olgan „Estrada chiroqlari“ uning rejissyorlik debyuti boʻlgan, ammo film muvaffaqiyatsiz chiqqan. Uning mustaqil rejissyor sifatidagi ilk filmi „Oq shayx“ (1952) boʻldi. 1953-yilda suratga olingan „Vitelloni“ (Onaning bolalari) kartinasi Venetsiya kinofestivalida „Kumush sher“ mukofotiga loyiq koʻrildi va rejissyorga kartinaning dunyo ekranlariga chiqishiga yoʻl ochdi. Felliniga jahon shuhratini keltirgan asarlar esa „Yoʻl“ (1954) va „Kabiriya tunlari“ (1957) kartinalari boʻldi. Ushbu ikki durdona asar, keyinchalik yaratilgan „8½“ (1963) va „Amarkord“ (1973) filmlari kabi, „Eng yaxshi xorijiy film“ nominatsiyasida „Oscar“ mukofotiga sazovor boʻlgan.
„Shirin hayot“ (1960) filmi kassa tushumlari boʻyicha barcha rekordlarni yangiladi, biroq cherkov va konservativ doiralar tomonidan keskin qarshilik hamda tanqidlarga duch keldi. Aynan ushbu kartinadagi fotograf Paparatso ismidan dunyo miqyosida ommalashgan inglizcha „paparazzi“ atamasi kelib chiqqan. 1960-yillardan boshlab Fellini neorealizm yoʻnalishidan uzoqlashdi va Carl Jung gʻoyalaridan ilhomlanib, oʻz filmlarida tushlar hamda xayolot tasvirlariga keng oʻrin bera boshladi. Bu davrning eng asosiy asarlari qatoriga „8½“, „Ruhlar asirasi Julyetta“ (1965) va „Fellinining Satirikoni“ (1969) filmlarini kiritish mumkin. 1973-yilda esa rejissyor oʻzining Rimini shahridagi bolalik xotiralariga asoslangan „Amarkord“ filmini suratga oldi. Ushbu durdona asar „Shirin hayot“dan keyin Fellini ijodidagi eng kassabop va eng katta moliyaviy muvaffaqiyat keltirgan loyiha boʻldi. Shunga qaramay, Fellini oʻz filmlarini avtobiografik deb atashlariga doim qarshi chiqqan va ekranlashtirilgan bolalik xotiralari shunchaki oʻz tasavvurining mahsuli ekanini taʼkidlagan.
Rejissyor 1985-yilda Venetsiya kinofestivalida kino sanʼatiga qoʻshgan hissasi uchun „Oltin sher“ faxriy mukofoti bilan taqdirlandi. Dunyoga mashhur „Sight & Sound“ jurnalining 2002-yilgi eng yaxshi rejissyorlar reytingida u hamkasblari (rejissyorlar) oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomada 2-oʻrinni, kinotanqidchilar ovoz berishida esa 7-oʻrinni egalladi. Bugungi kunda uning tugʻilib oʻsgan yurti — Rimini shahridagi xalqaro aeroport hamda 2021-yilda ochilgan zamonaviy muzey ijodkor sharafiga Federiko Fellini nomi bilan ataladi.
Filmografiyasi
Yil Film nomi Asl nomi Izoh 1950 „Estrada chiroqlari“ Luci del varietà Debyut, Alberto Lattuada bilan hammuallifda 1952 „Oq shayx“ Lo sceicco bianco Yakka rejissyor sifatidagi birinchi film 1953 „Vitelloni“ I vitelloni Venetsiyada „Kumush sher“ 1954 „Yoʻl“ La strada „Oscar“ (eng yaxshi xorijiy film) 1955 „Aldoqchilar“ Il bidone 1957 „Kabiriyaning tunlari“ Le notti di Cabiria „Oscar“ (eng yaxshi xorijiy film) 1960 „Shirin hayot“ La dolce vita Cannes kinofestivalida „Oltin palma novdasi“ 1963 „8½“ Otto e mezzo „Oscar“ (eng yaxshi xorijiy film) 1965 „Ruhlar asirasi Julyetta“ Giulietta degli spiriti Rejissyorning birinchi rangli badiiy filmi 1969 „Fellinining Satirikoni“ Fellini Satyricon 1970 „Masxarabozlar“ I clowns Hujjatli-badiy film 1972 „Rim“ Roma 1973 „Amarkord“ Amarcord „Oscar“ (eng yaxshi xorijiy film) 1976 „Casanova“ Il Casanova di Federico Fellini 1978 „Orkestr mashqi“ Prova d’orchestra 1980 „Ayollar shahri“ La città delle donne 1983 „Kema suzishda davom etmoqda“ E la nave va 1986 „Jinjer va Fred“ Ginger e Fred 1987 „Intervyu“ Intervista Cannes kinofestivalida 40 yillik yubiley mukofoti 1990 „Oyning ovozi“ La voce della luna Rejissyorning oxirgi filmi
Manbalar
Havolalar
Federiko Fellini — IMDb saytida Federiko Fellini — Riminidagi Fellini fondining rasmiy veb-sayti (italyan tilida)
Turkum:20-yanvarda tugʻilganlar
Turkum:1920-yilda tugʻilganlar
Turkum:1993-yilda vafot etganlar
Turkum:Italiyalik kinorejissyorlar