Ulugʻbek Ismatullayevich Rashitov (2002-yil 23-mart, Toshkent, Oʻzbekiston) – oʻzbekistonlik taekvondochi, Oʻzbekiston terma jamoa aʼzosi. 2020-yilgi hamda 2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari gʻolibi. Oʻzbekiston terma jamoasi tarixida taekvondo boʻyicha Olimpiada oʻyinlarida birinchi oltin medalni qoʻlga kiritdi. Butunjahon harbiy oʻyinlari va taekvondo boʻyicha Osiyo chempioni. 2023-yilgi jahon chempionatining bronza medali sovrindori. „Oʻzbekiston iftixori“ faxriy unvoni sohibi. Hayoti Ulugʻbek Rashitov 2002-yilning 23-mart kuni Toshkent shahrida tugʻilgan. 18-sonli umumtaʼlim maktabda oʻqigan. Ulugʼbek Rashitov Oʼzbekiston Milliy universiteti Taekvondo va sport faoliyati fakultetida tahsil olgan.
Faoliyati Ulugʻbek Rashitov 2016-yildan Oʻzbekiston kadetlar terma jamoasi, keyin oʻsmirlar va yoshlar terma jamoalari tarkibidan oʻrin olgan, soʻng terma jamoaga oʻtgan.
2018-yilda Tunisda oʻtkazilgan yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida bronza medalini qoʻlga kiritgan.
2018-yilda Ulugʻbek Rashitov Buenos Ayresda (Argentina) boʻlib oʻtgan oʻsmirlar oʻrtasidagi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida yoshlar oʻrtasida 48 kg gacha vazn toifasida kumush medalni qoʻlga kiritdi va finalda rossiyalik sportchi Dmitriy Shishkoga yutqazdi.
2019-yilda oʻsmirlar oʻrtasida taekvondo boʻyicha Osiyo chempionatida 55 kg vazn toifasida oltin medalni qoʻlga kiritdi. Shu yilning oʻzida u 2019-yilgi Xalqaro harbiy oʻyinlarida 58 kg gacha vazn toifasida oltin medalni qoʻlga kiritdi va finalda xitoylik sportchi Liang Yushuayni magʻlub etdi.
2021-yilda Amman shahrida (Iordaniya) taekvondo boʻyicha Osiyo Olimpiya saralash turnirida u Tokioda (Yaponiya) XXXII Yozgi Olimpiada oʻyinlariga yoʻllanma oldi.
2021-yilda Tokioda (Yaponiya) Yozgi Olimpiada oʻyinlarida u 68 kg vazn toifasida ishtirok etdi. Saralash bosqichida u Mali sportchisi Seydu Fofanani magʻlub etdi. Nimchorak finalda u koreyalik ikki karra Olimpiada sovrindori Li Da Xuni yengdi. Yarim finalda u Nedzad Xushichga (Bosniya va Gersegovina) qarshi jangga chiqdi va 28:5 hisobida yirik gʻalabaga erishdi. U finalda britaniyalik taekvondochi Bredli Sindenni 34:29 hisobida magʻlub etib, Oʻzbekiston terma jamoasi tarixida taekvondo boʻyicha Olimpiada oʻyinlarida birinchi oʻrin sohibi boʻlib, oltin medalni qoʻlga kiritdi.
2022-yilda 24-iyunda Chuncheonda (Koreya Respublikasi) boʻlib oʻtgan taekvondo boʻyicha Osiyo chempionatida u 68 kg gacha vazn toifasida final bahsida iordaniyalik sportchi Zaid Karimni magʻlub etib, oltin medalini qoʻlga kiritdi.
2022-yilning 9-12-avgust kunlari Turkiyaning Konya shahrida boʻlib oʻtayotgan Islom birdamligi oʻyinlarida 68 kg vazn toifasida dayanga chiqib, oltin medalni qoʻlga kiritgan. Finalda ozarbayjonlik Javad Agayevni magʻlub etgan.
2023-yilda Boku shahrida boʻlib oʻtgan jahon chempionatida 68 kg gacha boʻlgan vazn toifasida Rashitov bronza medalini qoʻlga kiritdi. Yarim finalda janubiy koreyalik sportchi Jin Xo Junga magʻlub boʻlgan.
Ulugʻbek Rashitov Italiyada oʻtkazilgan Gran-prida 68 kg vazn toifasida oltin medal sohibi boʻlgan. Finalda vengriyalik Levente Józsani magʻlub etgan. 2024-yilgi Olimpiada oʻyinlari Ulugʻbek Rashitov 2024-yilgi Parijdagi Yozgi Olimpiada oʻyinlarining 1/16 finalida Hong konglik sportchi Lo Wai Fungga qarshi dayanga tushdi va 2:0 (12:0, 9:2) hisobida gʻalaba qozondi. Chorak finalda unga xitoylik Liang Yushuai raqiblik qildi. Liang Yushuai 0:2 (1:2, 2:9) hisobida magʻlub boʻldi. Ulugʻbek Rashitov ispaniyalik raqibi Javier Perez Poloni yengib final bosqichiga oʻtdi. Finalda 2:0 hisobida iordaniyalik raqibi Zaid Karimni magʻlubiyatga uchratdi va oltin medalni qoʻlga kiritdi.
Musobaqalardan chetlatilishi Xalqaro doping-test agentligi (ITA) hisobotiga koʻra, Ulugʻbek Rashitov soʻnggi bir yil ichida uch marotaba doping qoidalarini buzgan. Shu sababli, 2027-yil 12-mayga qadar musobaqalardan chetlatildi va 2025-yil 3-fevraldan boshlab erishgan barcha shaxsiy natijalari bekor qilingan.
Unvon va mukofotlari „Oʻzbekiston iftixori“ faxriy unvoni (2021-yil). El-yurt hurmati ordeni (2024-yil). Leytenant harbiy unvoni (2024-yil)
Manbalar
Havolalar
Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Oʻzbekistonlik erkak taekvondochilar Turkum:2020-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlaridagi taekvondochilar Turkum:2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlaridagi taekvondochilar Turkum:Oʻzbekistonning Olimpiada oʻyinlarida oltin medali olgan sportchilari Turkum:Oʻzbekistonning Islom birdamlik oʻyinlarida oltin medali olgan sportchilari Turkum:2021-yilgi Islom birdamlik oʻyinlarida medal sohiblari Turkum:21-asrda Oʻzbekiston sportchilari Turkum:2022-yilgi Osiyo oʻyinlarida medal sohiblari Turkum:Oʻzbekiston uchun Osiyo oʻyinlarida oltin medali sohiblari Turkum:2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida medal sohiblari Turkum:2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari chempionlari Turkum:2022-yilgi Osiyo oʻyinlari taekvondochilari