Appenditsit — appendiks, yaʼni koʻrichak chuvalchangsimon oʻsimtasining nospetsifik yalligʻlanish kasalligi. Kasallik belgilari odatda qorinning pastki oʻng tomonida ogʻriq, koʻngil aynishi, qusish, ogʻiz qurishi va ishtahaning pasayishi koʻrinishida namoyon boʻladi. Biroq, taxminan 40 % holatlarda bunday tipik belgilar paydo boʻlmasligi ham mumkin. Apendiks yorilishi ogʻir asoratlar: qorin parda ichki qavatining keng, tarqalgan, ogʻriqli yalligʻlanishi va sepsisga olib kelishi mumkin.
Appenditsit appendiks ichki boʻshligʻining tiqilib qolishi natijasida yuzaga keladi. Virusli infeksiya, parazitlar, oʻt toshlari va oʻsmalar tufayli yoki yalligʻlangan limfoid toʻqimalar tufayli kelib chiqishi mumkin. Ushbu tiqilib qolish appendiksdagi bosimning oshishiga, toʻqimalarida qon oqimining pasayishiga va yalligʻlanishni keltirib chiqaradigan appendiks ichidagi bakteriyalarning koʻpayishiga olib keladi. Agar bu jarayon davolanmasa, appendiks yorilib, qorin boʻshligʻiga bakteriyalar chiqib ketishi mumkin va bu jarayon asoratlarning kuchayishiga olib keladi.
Appenditsit tashxisi asosan bemorlardagi klinik belgilarga qarab qoʻyiladi. Bundan tashqari, bemorlarni aktiv kuzatish, obyektiv, laboratoriya va instrumental tekshiruvlarni oʻtkazish ham yaxshi samara beradi. Instrumental tekshiruvlardan appenditsit kasalligida keng qoʻllanadiganlari ultratovush va kompyuter tomografiyasidir (KT). Oʻtkir appenditsitni aniqlashda kompyuter tomografiyasi ultratovushga qaraganda aniqroq ekanligi isbotlangan. Lekin, bolalar va homilador ayollarda koʻproq ultratovush tekshiruvi qoʻllanadi. Chunki kompyuter tomografiyasining radiatsiya nurlari ona va bola organizmiga salbiy taʼsir oʻtkazishi mumkin.
Oʻtkir appenditsit uchun standart davolash usuli yalligʻlangan appendiksni jarrohlik yoʻli bilan olib tashlashdir. Bu operatsiya qorin boʻshligʻida ochiq kesma (laparotomiya) orqali yoki laparoskopiya yordamida bir nechta kichikroq kesmalar orqali amalga oshirilishi mumkin. Antibiotiklar perforatsiyaga uchramagan appenditsitning ayrim holatlarida samarali boʻlishi mumkin. 2015-yilda 11,6 millionga yaqin appenditsit holati qayd etilib, bu kasallikdan 50, 100 ga yaqin bemor oʻlgan. Amerika Qoʻshma Shtatlarida har yili appenditsit bilan ogʻrigan 300 000 dan ortiq bemorda appendektomiya amaliyoti bajariladi.
Appenditsit kasalligi nafaqat odamlarda, balki appendiks oʻsimtasi mavjud boʻlgan hayvonlarda ham uchrashi mumkin. Appendiks oʻsimtasi bor hayvonlarga quyonlar, gvineya choʻchqasi, maymunlar va otlar misol boʻla oladi. Lekin otlarning appendiks oʻsimtasi juda katta boʻlib, koʻr ichak bilan orasidagi chegara yaxshi ifodalanmagan boʻladi. Bundan tashqari otlarning ichaklarida yalligʻlanish jarayonlari boshlansa appendiks bilan birga koʻr ichak ham yalligʻlanadi. Shu sababli veterinariya sohasida otlarga appenditsit tashxisi qoʻllanilmaydi. Umuman olganda hayvonlarda appenditsit kasalligi mavjud boʻlgan taqdirda ham, bunday tashxis qoʻyish juda qiyin.
Etiologiyasi link=//upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/d/d3/Stomach_colon_rectum_diagram-en.svg/220px-Stomach_colon_rectum_diagram-en.svg.png|thumb| Ovqat hazm qilish tizimida appendiksning joylashishi link=//upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/b/b4/3D_still_showing_appendicitis.jpg/220px-3D_still_showing_appendicitis.jpg|alt=3D still showing appendicitis.|thumb| Appendiksning 3D modeli. Oʻtkir appenditsit appendiksning birlamchi obstruksiyasi (toʻsilishi) natijasida kelib chiqadi. Ushbu toʻsiq paydo boʻlgach, appendiks shilliq bilan toʻlib, kattalashadi. Shilliq ishlab chiqarilishining davom etishi appendiks devorlari ichidagi bosimning yanada oshishiga olib keladi. Bosimning koʻtarilishi tromboz va mayda tomirlarning tiqilib qolishiga, limfa oqimining buzilishlariga sabab boʻladi. Bu darajaga yetib kelganda appendiksning oʻz-oʻzidan tiklanishi kamdan-kam hollarda sodir boʻladi. Appendiks qon tomirlarining tiqilib qolishi natijasida avval ishemiya, keyin esa nekrotik jarayon yuzaga keladi. Bakteriyalar nekrozga uchragan appendiks devorlaridan chiqa boshlagach, atrofidagi toʻqimalar ham yiringlay boshlaydi. Natijada sepsis, peritonit va kamdan-kam hollarda appendiksning yorilishi yuzaga keladi. Ushbu jarayonlar rivojlangan sari asta-sekin qorindagi ogʻriq va boshqa belgilari paydo boʻla boshlaydi.
Qoʻzgʻatuvchi omillarga bezoarlar, yot jismlar, travma, ichak qurtlari, limfadenit va koʻpincha appendikolitlar yoki fekalitkar deb ataladigan kalsifikatsiyalangan najas toshlari kiradi. Qoʻzgʻatuvchi omillardan fekalitlar koʻproq diqqatni tortadi, chunki rivojlangan mamlakatlarda appenditsitga chalingan bemorlarni tekshirib koʻrilganda koʻpchiligida ushbu elementlar topilgan.
Najas toshlarining paydo boʻlishi yoʻgʻon ichakning oʻng qismida rezervuari borligi va najas oʻtib ketish vaqtining choʻzilishi bilan boʻgliq deb hisoblangan. Biroq, keyingi tadqiqotlarda bu oʻz isbotini topmadi. Divertikulyar kasalliklar va adenomatoz poliplar tarixan nomaʼlum boʻlgan va turli Afrika qabilalarida appenditsit kam uchraydigan yoki umuman boʻlmagan holatlarida yoʻgʻon ichak saratoni ham juda kam uchragan. Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, appenditsit va boshqa yuqorida aytib oʻtilgan yoʻgʻon ichak kasalliklarining koʻpayishida tarkibida klechatkasi kam boʻlgan taomlarni muntazam istemol qilish muhim rol oʻynaydi.
Epidemiologiyasi
Appenditsit koʻpincha 5 yoshdan 40 yoshgacha boʻlgan odamlarda uchraydi. 2013-yilda bu kasallik butun dunyo bo‘ylab 72 000 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Bu koʻrsatkich 1990-yilda 88 000 tani tashkil etar edi.
Klinik manzarasi link=//upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/b/b1/McBurney%27s_point.jpg/290px-McBurney%27s_point.jpg|thumb| McBurney nuqtasining joylashuvi (1), kindikdan (2) oʻng yonbosh suyagi oldingi yuqorigi oʻsimtasigacha boʻlgan masofaning uchdan ikki qismida joylashgan(3) Oʻtkir appenditsit qorindagi ogʻriq, koʻngil aynishi, qusish va isitma kabi klinik belgilar bilan boshlanadi. Koʻrichak oʻsimtasining shishishi va yalligʻlanishi oʻsha joydagi qorin pardani ham taʼsirlantira boshlaydi. Koʻrichak tipik joylashgan boʻlsa, bu holatda ogʻriq qorinning oʻng pastki sohasida seziladi. Ogʻriqning bu klassik joylashuvi uch yoshgacha boʻlgan bolalarda aniqlanmasligi mumkin.
Appenditsitda ogʻriq kindik atrofida kuchsiz boshlanadi va bir necha soatdan keyin odatda qorinning oʻng pastki qismiga oʻtadi (Kocher simptomi). Bu holatda qorin devori yumshoq bosimga (palpatsiya) ham juda sezgir boʻladi. Qoʻl barmoqlari uchki qismlari bilan qorin devorining pastki oʻng qismini bosib turib birdaniga qoʻyib yuborish natijasida ogʻriqning kuchayishi (Blumberg simptomi) ham musbat natija beradi. Agar appendiks retrosekal joylashgan boʻlsa (koʻrichak orqasida joylashgan boʻlsa), qorinning oʻng pastki qismiga chuqur bosim berilganda ham ogʻriq sezilmasligi mumkin (soqov appenditsit). Buning sababi shundaki, gaz bilan toʻlgan koʻrichak yalligʻlangan appendiksni bosimdan himoya qiladi. Xuddi shunday, agar appendiks toʻliq tos boʻshligʻida joylashgan boʻlsa, odatda qorin boʻshligʻida hech qanday ogʻriq sezilmaydi. Bunday hollarda yalligʻlanish jarayoni kechayotgan, atipik joylashgan appendiksni Obraztsov va Ivanov kabi bir nechta simptomlar yordamida aniqlab olish mumkin.
Diagnostikasi link=//upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/4/46/AppendicitisMark.png/290px-AppendicitisMark.png|thumb| KT tomografiyasida appenditsitning koʻrinishi Appenditsit tashxisi kasallik simptomlari, klinik, laborator va instrumental tekshiruvlarga asoslanib qoʻyiladi. Kasallik kechishiga koʻra tipik va atipik boʻladi. Odatda appenditsit anoreksiya, koʻngil aynishi yoki qayt qilish bilan birga kindik atrofida boshlanadigan va bir necha soatdan soʻng qorinning oʻng pastki qismiga oʻtadigan ogʻriqlar bilan boshlanadi. Ogʻriq, anoreksiya, leykotsitoz va isitma tipik kechayotgan appenditsitning klassik belgilari hisoblanadi.
Atipik kechishida esa boshlangʻich alomat sifatida birdaniga qorinning oʻng pastki qismidagi oʻgʻriqlar paydo boʻlishi mumkin. Appenditsitning atipik kechishida koʻpincha ultratovush va kompyuter tomografiyasi yordamida tashxis qoʻyiladi.
Klinik tekshiruvlar
Kocher simptomi — kindik atrofida boshlangan ogʻriqning 2-5 soat oʻtgach oʻng yonbosh sohasiga koʻchib oʻtishi. Massouh yoki koʻylak simptomi — Chap qoʻl bilan koʻylak pastki uchi tortiladi va qov suyagiga bosib ushlab turiladi. Oʻng qoʻl barmoq uchlari bilan toʻsh suyagi hanjarsimon oʻsimta oldida qorin devori biroz bosilib, nafas olish vaqtida oʻng yonbosh sohasiga qarab tez sirpanuvchi harakat yuzaga keltiriladi va qoʻl uchlari qorindan olinmay turiladi. Rovsing simptomi — tebranuvchi palpatsiya bilan chap yonbosh sohasiga tegilganda, oʻng yonbosh sohasida ogʻriqning kuchayishi. Sitkovskiy (Rozenshteyn) simptomi — tekshirilayotgan odam chap tomonga yonboshlab yotganida, oʻng yonbosh sohasida ogʻriq kuchayishi. Bartomier-Mishelson simptomi — chap yonboshi bilan yotgan bemorning oʻng yonbosh sohasi palpatsiya qilinganda ogʻriqning kuchayishi. Psoas simptomi — shuningdek, „Obraztsov belgisi“ sifatida ham tanilgan. Bemor chalqancha yotgan holatida oʻng yonbosh sohasiga oʻng qoʻl bilan eng ogʻriqli soha bosib turilib, shu vaqtning oʻzida bemorga oʻng oyoqni 30° ga tizzani bukmasdan koʻtarishi soʻraladi. Bunda ogʻriq kuchayadi. Dunfi simptomi — bemordan yoʻtalganda oʻng yonbosh sohasida ogʻriqning kuchayishi. Gamburger simptomi — bemor ovqat eyishni rad etadi.
Laborator tekshiruvlar Appenditsit uchun maxsus laboratoriya tekshiruvlari mavjud boʻlmasa-da, infeksiya belgilarini tekshirish uchun umumiy qon tahlili oʻtkaziladi. Appenditsit bilan ogʻrigan odamlarning 70-90 foizida leykotsitlar normadan baland chiqadi. Lekin qorin boʻshligʻi va chanoq aʼzolarining boshqa koʻplab kasalliklari ham leykositlarning koʻpayishiga sababchi boʻlishi mumkin. Interleykin-6, kalprotektin va NGAL kabi yangi molekulalarning diagnostikasi samaradorligi bolalar appenditsitida oʻrganilgan va oʻrtacha foydaliligi aniqlangan.
Siydik tahlili odatda infeksiyani koʻrsatmaydi, ammo homiladorlik holatini, ayniqsa tugʻish yoshidagi ayollarda ektopik homiladorlik ehtimolini aniqlash uchun kerak boʻladi. Siydikni tahlil qilish qorin ogʻrigʻining sababi sifatida siydik yoʻllari infeksiyasini istisno qilish uchun ham muhimdir. Siydik tahlilda bir koʻruv maydonida 20 dan ortiq leykositlar mavjudligi siydik yoʻllari yalligʻlanishidan dalolat beradi.
Instrumental tekshiruvlar Bolalarda appenditsitga xos qorin ogʻrigʻi boshlangan zahoti zudlik bilan jarroh konsultatsiyasini olish va qoʻshimcha tekshiruvlarni amalga oshirish kerak. Chunki bolalarda simptomlarning aniqlanishi kattalarga nisbatan qiyinroq boʻladi. Qoʻshimcha tekshirish usullarini tanlayotganda radiatsiya taʼsirini ham inobatga olish kerak. Shu sababli bolalarga birinchi navbatda ultratovush tekshiruvi, bu tekshiruv bilan aniqlab boʻlmagan holatdagina KT tekshiruvini amalga oshirish kerak. Kattalar va oʻsmirlarda appenditsit tashxisini qoʻyish uchun kompyuter tomografiyasi ultratovushga qaraganda aniqroqdir. Kompyuter tomografiyasining sezgirligi 94 %, oʻziga xosligi 95 %. Ultratovush tekshiruvining umumiy sezuvchanligi 86 %, oʻziga xosligi 81 % ni tashkil etadi.
Ultratovush tekshiruvi link=//upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/a/a9/SonoAppendizitis.JPG/220px-SonoAppendizitis.JPG|thumb| Oʻtkir appenditsitning ultratovush tasviri