Gʻofur Qosimov (1894—1938) – Namangan uyezdi „Qoʻshchi“ ittifoqi raisi. Oʻzbekiston ipakchilik trestining direktori. 1938-yilda qatagʻon qurboni boʻlgan.

Gʻofur Qosimov 1894-yili Oʻsh shahrida dehqon oilasida tugʻilgan, otasidan 7 yoshida judo boʻlib, onasi qoʻlida qolgan. 1897-yili oila doimiy yashash uchun Namangan shahriga koʻchib kelgan. Otasidan hech qanday meros qolmagan

Gʻofur 6 yoshdan musulmon maktabida oʻqiydi, 12 yoshida yangi usuldagi oʻzbek maktabiga kiradi, 1908-yilgacha boylar qoʻlida xizmatkor boʻlib ishlagan, asalari yetishtirgan. 1917-yilgi inqilobdan keyin Fargʻona shahrida bir oylik qisqartirilgan pedagogik kursda oʻqigan va 1918-yili Namangan shahridagi pedagogik kurslarda oʻqituvchi boʻlib ishlagan, 1919—1921-yillari Namangan shahar xalq maorifi boʻlimi mudiri boʻlib xizmat qiladi, 1921-yil aprel boshlarida partiya safiga oʻtadi, 1921-yili Namangan uyezd-shahar ijroiya komitetiga saylanadi va uyezd-shahar militsiya boshligʻi, uyezd-shahar partiya komiteti mas’ul kotibi, 1924-yildan 1925-yilgacha Namangan uyezd-shahar „Qoʻshchi“ ittifoqi raisi, 1925—1927-yillari Qoʻqon shahrida viloyat ijroiya komiteti umumiy boʻlim mudiri, 1929—1930-yillari Namangan tumanida paxta Ittifoqi raisi, 1930—1931-yillari Andijon okrug kolxoz seksiyasi raisi boʻlib ishlaydi. 1931—1932-yillari Moskvada Oliy kolxozlar institutida oʻqiydi, oʻqishdan qaytib kelib yana Namangan tumani kolxoz ittifoqining raisi boʻlib ishlaydi. 1932—1934-yillari Toshkentda Oʻzbekiston ipakchilik trestining direktori boʻlib ishlaydi, shaxsiy varaqasida 1919—1922-yillari bosmachilik frontida 184 marotaba urushda qatnashgani qayd etilgan. 1923-yil oktyabrida bosmachilikka qarshi kurashdagi qahramonona ishlari uchun SSSR Markaziy Ijroiya Komiteti prezidiumi qarori bilan Gʻafur Qosimov SSSR Markaziy Ijroiya Komitetining yorligʻi bilan taqdirlangan.

Shaxsiy varaqasida VKP (b) Markaziy Komiteti Oʻrta Osiyo byurosi tomonidan 1929-yili Gʻafur Qosimovga maxbus qoʻrboshilarni ozod qilinishiga qarshilik bildirgani uchun xayfsan eʼlon qilingani qayd etilgan.

SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasining 1938-yil 4-oktyabr yigʻilishida Gʻafur Qosimov otishga hukm qilindi. Hukm oʻsha kuni ijro etilgan.

Manbalar

Turkum:1894-yilda tugʻilganlar Turkum:1938-yilda vafot etganlar Turkum:Sovet davri qatagʻon qurbonlari