Qahramon Qoʻchqorovich Quronboyev (Қаҳрамон Қўчқорович Қуронбоев, 1970-yil 20-fevralda, Xorazm viloyati, Shovot tumani) — oʻzbekistonlik pedagog va davlat arbobi. 2024-yil 17-yanvardan 2026-yil 5-sentyabrgacha Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi sifatida faoliyat yuritgan.
Biografiyasi 1970-yil 20-fevralda Xorazm viloyati Shovot tumanida tugʻilgan. 1992-yilda Toshkent universitetini, 2004-yilda Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Siyosatshunoslik fanlari doktori, professor. 1997—2008-yillarda „Kamolot“ yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan. 2008—2012-yillarda Oʻzbekiston milliy universitetining maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha prorektori.
2012—2013-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori. 2013—2015-yillarda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari boʻlgan. 2015—2016-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, taʼlim, madaniyat va sport masalalari axborot-tahlil departamentining Yoshlar siyosati va maʼnaviy rivojlanish shoʻbasi mudiri lavozimida faoliyat koʻrsatgan.
2017-yilda qisqa muddat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashkiliy masalalar va kadrlar boʻyicha davlat maslahatchisi oʻrinbosari lavozimida faoliyat olib borgan. 2017—2019-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi — Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi raisi lavozimida ishlagan. 2019-yildan 2023-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari boʻlgan.
2023—2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining yoshlar siyosati departamentining rahbari. 2024-yil 16-yanvarda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi etib saylandiQahramon Quronboyev Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi boʻldi. Uning maqomi Oʻzbekiston bosh vazirining oʻrinbosariga tenglashtirilgan. Shu bilan bir vaqtda yoshlar komissiyasi raisi hisoblanadi. 2026-yil 5-sentyabr kuni Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi lavozimidan ozod etilgan.
Tanqidlar 2018-yil 5-iyun kuni ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda yoshlar ittifoq raisi Qahramon Quronboyev toʻydagi kelin bilan kuyovni avtomobildan tushirib, taksiga oʻtqazib, joʻnatib yuborganini va qolgan mashinalarni orqaga qaytarganini aytgan. Bu harakatlarini „yoshlarni tarbiyalash kerakligi“ bilan izohlagani ortidan tanqidga uchragan.
2024-yil 14-fevral kuni Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev mehnat qonunchiligiga zid ravishda mahalla faollari oʻz hududida har kuni ertalab madhiya kuylashi kerakligi, kechqurun esa uning oʻziga shaxsan kunlik hisobot topshirishlari lozimligini aytgan.
Oilasi Akasi — Oʻktamboy Qoʻchqorovich Quronboyev, 2020-yil mart oyidan 2023-yilning yanvarigacha Xorazm viloyati Yangibozor tumani hokimi boʻlgan.
Mukofotlari 2021-yilda Mehnat shuhrati ordeni bilan mukofotlangan. 2024-yil 24-avgustda Doʻstlik ordeni bilan mukofotlangan.
Manbalar
Havolalar
Turkum:Oʻzbekiston yetakchilari