Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti () – shved adabiy mukofoti boʻlib, shved sanoatchisi Alfred Nobel vasiyatiga koʻra 1901-yildan boshlab har yili „qaysi davlat yozuvchisi qalamiga mansub boʻlishidan qatʼiy nazar adabiyot sohasidagi idealistik yoʻnalishda yozilgan eng yaxshi asar uchun“ () beriladigan mukofot hisoblanadi. Mukofot baʼzan alohida asarlar uchun berilsa ham, muallifning barcha asarlariga asoslanadi. Mukofotga kim loyiq koʻrilishi Shvetsiya akademiyasi tomonidan hal qilinadi.
Akademiya laureat ismini oktabr oyining boshida eʼlon qiladi. Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti 1895-yilda Nobel vasiyatiga koʻra taʼsis etilgan besh Nobel mukofotidan biridir. Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti anʼanaviy tarzda Nobel mukofoti topshirish marosimi soʻnggida topshiriladi. Ayrim sabablarga koʻra mukofot topshirilishi keyingi yillarga qoldirilishi mumkin. Soʻnggi shunday holat 2018-yilda kuzatilgan.
Tarixi
Alfred Nobel oʻz vasiyatnomasida boyligini fizika, kimyo, tinchlik, fiziologiya yoki tibbiyot va adabiyot yoʻnalishlarida „insoniyat uchun eng katta foyda keltirgan“ shaxslar uchun bir qator mukofotlar yaratish uchun sarflashni belgilab qoʻygan. Nobel oʻz hayoti davomida bir necha vasiyatnomalar yozgan boʻlsada, uning soʻnggi vasiyatnomasi 1895-yil 27-noyabr kuni Parijdagi Shved-Norveg klubida imzolangan. Nobel umumiy mablagʻining 94% qismini, yaʼni 31 million Shved kronasi (198 million dollar) miqdoridagi pullarni Nobel mukofoti uchun ajratgan„The Will of Alfred Nobel“ , Nobel Foundation. Retrieved 6 November 2007.. Nobelning vasiyatiga skeptik ruhda qarashgan, 1897-yilga kelibgina Storting (Norvegiya parlamenti) ushbu vasiyatnomani tasdiqlagan. Ragnar Sohlman va Rudolf Lilljequist uning vasiyatini bajarishga masʼul shaxslar qilib belgilangan va aynan ular Nobel jamgʻarmasini tashkil qilishgan.
Nobelning vasiyatnomasi parlament tomonidan tasdiqlanganidan koʻp oʻtmay Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti uchun masʼul boʻlgan Norvegiya Nobel qoʻmitasining aʼzolari tasdiqlangan. Mukofotlarni oʻz egalariga topshiruvchi tashkilotlar sifatida 7-iyun kuni Karolinska instituti, 9-iyunda Shvetsiya akademiyasi va 11-iyun sanasida Shvetsiya qirollik fanlar akademiyasi tasdiqlangan. Shundan soʻng Nobel jamgʻarmasi Nobel mukofotini qanday topshirish boʻyicha yakuniy kelishuvga erishgan. 1900-yilda Nobel jamgʻarmasining Nizomi qirol Oscar II tomonidan eʼlon qilinganAFP, „Alfred Nobel’s last will and testament“ , The Local(5 October 2009): accessed 20 January 2010.„Nobel Prize “ (2007), in Encyclopædia Britannica. Retrieved 15 January 2009, from Encyclopædia Britannica . Nobelning vasiyatiga koʻra adabiyot boʻyicha mukofot „Stokgolmdagi akademiya“ tomonidan berilishi belgilab qoʻyilgan, Nobel mukofoti nizomida Stokgolmdagi akademiya Shvetsiya akademiyasi ekanligi belgilab qoʻyilganKjell Espmark: The Nobel Prize in Literature Nobel Foundation.
Nominatsiyalar va mukofotlash jarayoni Har yili Shvetsiya akademiyasi adabiyot boʻyicha Nobel mukofotiga nomzodlarni belgilash uchun soʻrovlar yuboradi. Akademiyaning aʼzolari, adabiyot jamiyatlari aʼzolari, til va adabiyot professorlari, adabiyot boʻyicha sobiq Nobel mukofoti sovrindorlari va yozuvchilar uyushmalari prezidentlari oʻzi loyiq deb bilgan nomzodni koʻrsatishadi. Ushbu shaxslar oʻzini nomzod qilib koʻrsatishiga ruxsat berilmaydi.
1901–1950-yillar oraligʻida akademiyaga 20 dan 35 tagacha nomzodlar yuborilgan boʻlsa, bugungi kunga kelib har yili minglab nomzodlar yuborilmoqda va 2011-yil holatiga koʻra 220 ga yaqin nomzodlar yuborilganPer Wästberg (President of The Nobel Committee for Literature), „Do We Need the Nobel?“ , The New York Review of Books, 22 December 2011. Retrieved December 2011.. Ushbu takliflar akademiya tomonidan 1-fevral sanasigacha koʻrib chiqilishi kerak va 4-5 kishidan iborat ishchi guruh aynan shuning ustida ishlaydi. Aprel oyiga kelib nomzodlar soni 20 tagacha qisqartiriladi. May oyiga kelib esa akademiya 5 kishidan iborat yakuniy roʻyxatni tasdiqlaydi. Keyingi 5 oy nomzodlarning asarlarini koʻrib chiqish va oʻqishga sarflanadi. Oktabr oyiga kelib akademiya aʼzolari oʻrtasida ovoz berish oʻtkaziladi va ovozlarning yarmidan koʻpini qoʻlga kiritgan nomzod adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti laureati sifatida tanlanadi. Akademiya aʼzolari nomzodning asarlarini asarning asl tilida oʻqishadi, ammo ushbu tilni egallagan bironta akademiya aʼzosi boʻlmagan taqdirda tarjimonlar va mutaxasislarga murojaat qilinadi va yozuvchi asarlari tarjimalarini taqdim etishni soʻrashadi. Jarayonning keyingi bosqichlari boshqa sohalar boʻyicha Nobel mukofoti topshirish jarayonlari bilan bir xil. Shvetsiya Akademiyasi umrbod muddatga saylangan 18 nafar aʼzodan iborat. 2018-yil 2-may kuni qirol Carl XVI Gustaf Akademiya qoidalariga oʻzgartirishlar kiritadi va akademiya aʼzolariga isteʼfoga chiqish huquqini beradi. Shuningdek, yangi qoidalarga koʻra, 2 yildan ortiq vaqt davomida akademiya ishida nofaol boʻlgan aʼzolardan isteʼfoga chiqishi soʻralishi mumkinligi eslatib oʻtilgan. Nobel qoʻmitasi aʼzolari akademiya aʼzolari orasidan 3 yil muddatga saylanadi va ularga maxsus tayinlangan maslahatchilar yordam beradi.
Mukofot odatda oktabr oyida eʼlon qilinadi. Biroq, baʼzi yillarda mukofot bir yil oʻtib eʼlon qilingan. Oxirgi marotaba shunday holat 2018-yilda kuzatilgan. Baʼzi yillarda, misol uchun 1949-yilda nomzodlardan hech biri yetarlicha ovoz toʻplay olmagan va shu sababli mukofot keyinga qoldirilgan va keyingi yil eʼlon qilingan.
Mukofotlar Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti laureati oltin medal, iqtibos yozilgan diplom va maʼlum miqdordagi pul summasini yutib oladi. Pul summasi Nobel jamgʻarmasining oʻsha yilgi daromadiga bogʻliq. Ushbu mukofot koʻpi bilan 2 kishi oʻrtasida taqsimlanishi mumkin. Agar shunday holat kuzatilsa mukofot puli laureatlar oʻrtasida teng taqsimlanadi„Nobel Prize – Prizes“ (2007), in Encyclopædia Britannica. Retrieved 15 January 2009, from Encyclopædia Britannica.
Mukofot taʼsis etilgandan beri uning mukofot puli oʻzgarib turgan. 2012-yil holatiga koʻra ushbu summa 8 000 000 shved kronasi ($1 100 000 ni tashkil etadi) koʻrinishida boʻlgan, oldingi yillarda ushbu summa 10 000 000 shved kronasini tashkil qilgan. Mukofot puli qiymati 1901-yilda 150 782 shved kronasini tashkil qilgan. Eng minimal miqdordagi mukofot puli esa 1945-yilda kuzatilgan va 121 333 kronani tashkil qilgan. Shundan soʻng mukofot puli ancha oʻsgan va barqarorlikni saqlab kelmoqda.
Shuningdek Nobel mukofoti laureati Stokgolmda boʻlib oʻtadigan „Nobel haftaligi“ davomida maʼruza oʻqish uchun taklif etiladi. 10-dekabr sanasida mukofot topshirish marosimi va ziyofat boʻlib oʻtadi. Ushbu mukofot dunyodagi ikkinchi eng boy adabiy mukofotdir.
Medal Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti medalining old qismida Alfred Nobelning portreti mavjud. Ushbu medalning dizayneri Erik Lindbergdir. 1902–2010-yillar oraligʻida medallar Eskilstunada joylashgan Shvedsiya qirollik zarbxonasi – Myntverket tomonidan tayyorlangan. 2011-yilda Kongsbergdagi Det Norske Myntvertek tomonidan ishlab chiqarilgan. Medallar 2012-yildan boshlab Eskilstunadagi Svenska Medalj tomonidan ishlab chiqib kelinmoqda.
Diplom Nobel mukofoti laureatlari toʻgʻridan-toʻgʻri Shvetsiya qirolidan diplomni qabul qilib olishadi. Har bir diplom uni olgan laureat uchun oʻziga xos tarzda ishlab chiqilgan boʻladi. Diplomda odatda laureatning rasmi va nima uchun mukofotga loyiq koʻrilganligi yozilgan boʻladi.
Laureatlar Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti 1901-yildan 2023-yilgacha 116 marotaba 120 kishiga topshirilgan: 103 erkak va 17 nafar ayolga. Mukofot 4 marotaba 2 kishi oʻrtasida taqsimlangan. 7 marotaba ushbu mukofot hech kimga topshirilmagan. Gʻoliblar orasida 25 ta turli tilda ijod qiluvchi shoir va yozuvchilar mavjud. Mukofotni qoʻlga kiritgan eng yosh laureat 1907-yilda, 41 yoshida mukofotni qoʻlga kiritgan Rudyard Kipling hisoblanadi. Mukofotni qoʻlga kiritgan eng keksa laureat Doris Lessing boʻlib, u 2007-yilda 88 yoshida ushbu sharafga muyassar boʻlgan. Ushbu mukofot 1 marotaba laureatning vafotidan soʻng taqdim qilingan. Ushbu holat 1931-yilda, Erik Axel Karlfeldt vafotidan soʻng kuzatilgan. Baʼzi hollarda mukofotga Shvetsiya akademiyasi aʼzolarining oʻzi loyiq koʻrilgan: 1916-yilda Verven von Heidenstam, 1931-yilda Karlfeldt, 1951-yilda Pär Lagerkvist va 1974-yilda Eyvind Jonson, Harry Martinsonlar mukofotga loyiq koʻrilgan. Selma Lagerlöf 1909-yilda Nobel mukofoti bilan taqdirlanganidan 5 yil oʻtib, 1914-yilda Shvetsiya akademiyasi aʼzosi etib saylangan. 1919-yilda Erik Axel Karlfeldt, 1958-yilda Boris Pasternak („Nobel jamgʻarmasi“ maʼlumotlariga koʻra mukofot dastlab qabul qilingan, keyinchalik SSSR hukumati tomonidan rad etilgan) va 1964-yilda Jean-Paul Sartre mukofotni qabul qilishmagan"Facts on the Nobel Prize in Literature ", Nobel Foundation..
Nobel koʻrsatmalarining talqini Alfred Nobelning Nobel mukofoti laureatining asarlari „insoniyat uchun katta foyda keltirishi“ va „idealistik yoʻnalishda“ boʻlishi haqidagi koʻrsatmalari koʻplab muhokamalarga sabab boʻlgan. Nobelning idealizmi dastlab „yuksak idealizm“ sifatida talqin qilingan. Shu tufayli konservatizm idealizmi, cherkov, davlat va oila muqaddasligi mezonlari haqida asarlar yozgan Bjørnstjerne Bjørnson, Rudyard Kipling va Paul Heyselar ushbu mukofot laureatiga aylangan. Birinchi jahon urushi davrida neytrallik siyosati yuritilgan va bu qisman skandinaviyalik yozuvchilar laureatlar orasida nega koʻp boʻlganligini tushunishga yordam beradi. 1920-yillarda „idealistik yoʻnalish“ „keng koʻngilli insoniylik yoʻnalishi“ sifatida talqin etila boshlangan va bu Anatole France, George Bernard Shaw va Thomas Mann kabi yozuvchilarga mukofot olib kelgan. 1930-yilda „barchaning qalbiga yetib bora olgan yozuvchilar“ ushbu mukofotni qoʻlga kiritishgan. Sinclair Lewis va Pearl Buck shular jumlasidandir. 1946-yildan boshlab yangilangan akademiya ushbu mukofot yoʻnalishidagi oʻz dunyoqarashini oʻzgartirdi va Hermann Hesse, André Gide, T. S. Eliot, William Faulkner kabi adabiyot daholarini mukofotga loyiq deb topdi. Bu davrga kelib „insoniyat uchun foyda“ tushunchasi yanada ekskluzivroq talqin qilina boshlangan va koʻpincha muhim, ammo xalqaro miqyosda eʼtiborga olinmagan yozuvchilar eʼtibor markaziga tushgan. Oʻsha yillari Isaac Bashevis Singer, Odysseus Elytis, Elias Canetti, va Jaroslav Seifert kabi yozvuchilar adabiyot boʻyicha Nobel mukofotini qoʻlga kiritishgan. 1986-yildan boshlab akademiya Nobel vasiyatidagi umumdunyoviy ruhiy birlikni tan olgan va nomzodlar millatiga nisbatan har qanday irqchilikni rad etgan. Shundan soʻng Nigeriyalik Wole Soyinka, Misrlik Naguib Mahfouz, Meksikalik Octavio Paz, JARdan boʻlgan Nadine Gordimer, Sent Lyusiyadan Derek Walcott, roʻyxatdagi ilk afro-amerikalik hisoblangan Toni Morrison, Yaponiyalik Kenzaburo Oe va Xitoylik Gao Xingjianlar mukofotni qoʻlga kiritishgan. 2015-yilda mukofot jurnalist Svyatlana Aleksiyevichga topshirilgan"All Nobel Prizes in Literature ", Nobel Foundation..
Boshqa xalqaro mukofotlar Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti millatidan qatʼiy nazar barcha qoʻlga kiritishi mumkin boʻlgan yagona adabiy mukofot emas. Katta shuhratga ega boʻlgan boshqa adabiy mukofotlar sirasiga Adabiyot boʻyicha Neustadt xalqaro mukofoti, Jerusalem mukofoti, Franz Kafka mukofoti, Xalqaro Booker mukofoti kabilar kiradi.
Koʻp hollarda Hans Christian Andersen mukofoti „kichik Nobel“ sifatida talqin qilinadi. Mukofot bu nomga sazovor boʻlishining asosiy sababi u ham adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti singari yozuvchilarning butun ijodi davomida erishgan yutuqlariga asoslanadi, ammo Andersen mukofoti faqatgina bolalar adabiyoti yoʻnalishida taqdim qilinadi.
Yana qarang
Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti sovrindorlari roʻyxati Nobel mukofoti sovrindorlari roʻyxati The Big Read Adabiy mukofotlar roʻyxati Nobel kutubxonasi
Manbalar
Turkum: Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti Turkum:Nobel mukofoti Turkum:Xalqaro adabiy mukofotlar Turkum:Shvetsiya akademiyasi