Gʻarb dunyosining badiiy musiqasi odatda Klassik musiqa deb nomlanadi va Gʻarb folklori yoki ommabop musiqa anʼanalaridan farqlanadi. Baʼzan „Gʻarb klassik musiqasi“ deb ham yuritiladi, chunki „klassik musiqa“ atamasi Gʻarbga mansub boʻlmagan badiiy musiqalarga ham qoʻllanilishi mumkin. Klassik musiqa koʻpincha oʻzining musiqiy shakli va notalar uygʻunligi tuzilishidagi rasmiylik va murakkablik, xususan, polifoniya ishlatilishi bilan ajralib turadi. IX asrdan boshlab klassik musiqa asosan yozma anʼana sifatida rivojlanib kelgan. Bu anʼana murakkab nota tizimi hamda analitik, tanqidiy, tarixshunoslik, musiqashunoslik va falsafiy yoʻnalishlarda qoʻshimcha adabiyotlarni yuzaga keltirgan. Gʻarb madaniyatining asosiy tarkibiy qismi hisoblangan klassik musiqa koʻpincha bastakorlarning solistik yoki guruh sifatida qarashlari nuqtai nazaridan koʻrib chiqiladi. Ularning kompozitsiyalari, shaxsiyati va qarashlari klassik musiqa tarixini shakllantirishda muhim rol oʻynagan.
Gʻarbiy Yevropadagi cherkovlar va qirollik saroylari homiyligiga asoslangan holda, saqlanib qolgan ilk oʻrta asr musiqasi asosan diniy, monofonik va vokal boʻlib, qadimgi Yunoniston va Rim musiqasi uning gʻoya va nazariyasiga taʼsir qilgan. Eng qadimgi saqlanib qolgan musiqa qoʻlyozmalari Carolinglar imperiyasi (800—888-yillar) davriga tegishlidir. Ushbu davrda Gʻarb ibodat qoʻshiqlari asta-sekin „Grigorian kuylari“ deb ataluvchi yagona shaklga birlasha boshlagan. Avliyo Gall, Avliyo Martial va Avliyo Emmeram abbatliklarida musiqiy markazlar faoliyat yuritgan. XI asrda esa nota yozuvi rivojlanib, oʻrta asr musiqashunoslari tomonidan koʻplab asarlar yaratilgan. XII asr oʻrtalariga kelib, Fransiya Yevropaning asosiy musiqa markaziga aylandi: Notre-Dame diniy maktabi ritmlar va polifoniyani birinchi boʻlib chuqur oʻrgandi, qadimgi musiqa esa shoir-musiqachi zodagonlar boshchiligidagi troubadour va trouvère anʼanalari bilan gullab-yashnagan. XV asr boshlaridan boshlab, nufuzli Franko-Flamand maktabi uygʻonish davri bastakorlari inglizlarning contenance angloise deb nomlanuvchi notalar uygʻunligi tamoyillaridan foydalanib, xor musiqasini, ayniqsa, messa va motetni yangi darajaga olib chiqdi. Tez orada Shimoliy Italiya markaziy musiqiy mintaqaga aylandi, bu yerda Rim maktabi madrigal kabi janrlarda murakkab polifoniya usullarini qoʻllagan. Bu esa oʻz navbatida qisqa muddatli Ingliz Madrigal maktabiga ilhom berdi.
Barokko davri (1580—1750) umumiy amaliyot tonalligining nisbiy standartlashuvi va sezilarli hajmdagi ansambllar darajasiga koʻtarilgan musiqa asboblarining ahamiyati oshishiga guvoh boʻldi. Opera vatani Italiya solist markazli konsert janri, uyushtirilgan sonata shakli, shuningdek oratoriya va kantata kabi keng koʻlamli vokal-markazli janrlarning yaratilishi bilan yetakchilik mavqeyini saqlab qoldi. Johann Sebastian Bach tomonidan rivojlantirilgan fuga texnikasi barokko davrining murakkablikka moyilligini namoyon etgan. Bunga javoban, soddaroq va qoʻshiqsimon galant musiqasi hamda empfindsamkeit uslublari ishlab chiqildi. Nisbatan qisqa, lekin muhim boʻlgan Klassik davrda (1730—1820) Wolfgang Amadeus Mozart, Joseph Haydn va Ludwig van Beethoven kabi bastakorlar simfoniya, torli kvartet va konsert kabi janrlarda keng eʼtirof etilgan mutlaq musiqaning namunalarini yaratdilar. Keyingi Romantizm davri (1800—1910) esa dasturli musiqa tomon yoʻnaldi, bunda badiiy musiqa, simfonik poema va turli pianino janrlari asosiy ifoda vositalari boʻldi. Bu davrda virtuozlik qadrlanib, ulkan hajmli asarlar qoʻllab quvvatlandi, falsafa va milliylik gʻoyalari esa musiqaga singdirildi – bu jihatlar Richard Wagner operalarida oʻz aksini topdi. XX asrga kelib, uslubiy yaxlitlik asta-sekin yoʻqola boshladi, ommabop musiqaning ahamiyati esa sezilarli darajada oshdi. Modernizm nuqtayi nazaridan, koʻplab bastakorlar oʻtmishdagi usul va janrlardan ongli ravishda chetlashdilar. Ayrimlari tonallikni tark etib, serializm yoʻlini tanladilar, boshqalari esa folklor yoki impressionistik kayfiyatlardan yangi ilhom manbaini kashf etdilar. Ikkinchi jahon urushidan soʻng, ilk bor tinglovchilar zamonaviy asarlardan koʻra eski musiqani afzal koʻrdilar. XX asrning oʻrtalaridan to hozirgi kungacha boʻlgan asosiy yoʻnalishlar qatoriga Yangi Soddalik, Yangi Murakkablik, Minimalizm, Spektral musiqa va yaqinda paydo boʻlgan Postmodernizm hamda Postminimalizm kiradi. Tobora musiqa globallashib borayotgan dunyoda Amerika, Afrika va Osiyolik ijodkorlar muhim oʻrin egalladilar, simfonik orkestrlar va opera teatrlarini endilikda dunyoning turli burchaklarida uchratish mumkin.
Terminologiya va taʼrifi
Kelib chiqishi
Inglizcha „classical“ va nemischa „Klassik“ atamalarining ikkisi ham fransuzcha „classique“ soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, bu soʻz oʻz navbatida lotincha „classicus“ soʻzidan olingan. Ushbu soʻz dastlab Qadimgi Rim fuqarolarining eng yuqori tabaqasiga nisbatan ishlatilgan. Rimda bu atama keyinchalik hurmatga sazovor adabiyot arboblarini ajratib koʻrsatish uchun qoʻllanila boshlagan. Rimlik yozuvchi Aulus Gellius Demosfen va Vergiliy kabi yozuvchilarni „classicus“ deb taʼriflagan. Uygʻonish davriga kelib, bu sifat yanada keng maʼno kasb etdi. Randle Cotgravening 1611-yildagi „Fransuz va ingliz tillari lugʻati“ asarida keltirilgan taʼrif mavjud eng qadimgi taʼriflardan biri hisoblanadi. Unda „classique“ soʻzi „klassik, rasmiy, tartibli, tegishli yoki munosib darajada; shuningdek, maʼqullangan, ishonchli, asosiy, yetakchi“ deb tarjima qilingan. Musiqashunos Daniel Heartz buni ikki taʼrifga umumlashtirgan: 1) „rasmiy intizom“ va 2) „mukammallik namunasi“. Gellius kabi, lotin tilida yozgan keyingi Uygʻonish davri olimlari ham „classicus“ soʻzini klassik antik davr yozuvchilariga nisbatan ishlatganlar. Ammo bu maʼno asta-sekin rivojlangan boʻlib, maʼlum vaqt davomida rasmiylik va mukammallikning kengroq klassik gʻoyalariga boʻysungan holda ikkinchi darajali ahamiyatga ega boʻlgan. Adabiyot va tasviriy sanʼatda Qadimgi Yunon va Rim davriga oid muhim namunalar mavjud boʻlganligi sababli „klassik“ atamasi klassik antik davrga nisbatan qoʻllanila boshlangan. Biroq, Uygʻonish davri musiqachilari uchun oʻsha davrga oid deyarli hech qanday musiqiy asarlar saqlanib qolmagan.
XVIII asrda Angliyada „klassik“ atamasi birinchi marta „ijrodagi asarlarning maʼlum bir toʻplamini ifodalash uchun“ ishlatila boshlangan. London boshqa Yevropa shaharlarida kuzatilmagan va oʻxshashi boʻlmagan, mashhur ommaviy konsert musiqa sahnasini rivojlantirgan. Qirollik saroyi asta-sekin musiqadagi oʻz monopoliyasini yoʻqotib bordi. Bu koʻp jihatdan Angliya Hamdoʻstligining parchalanishi va Shonli inqilob saroy musiqachilariga taʼsir koʻrsatgani tufayli yuz bergan. 1672-yilda sobiq saroy musiqachisi John Banister Londondagi bir qovoqxonada ommaviy konsertlar berishni boshladi; uning tez fursatda oshgan mashhurligi Londonda ommaviy konsertlarning nufuzini yuksaltirdi. „Klassik“ yoki koʻpincha „qadimgi musiqa“ tushunchasi shakllanib, u hamon rasmiylik va mukammallik tamoyillariga asoslangan. Heartzning taʼkidlashicha, „musiqiy didning bu yangicha shakllanishida fuqarolik marosimlari, din va axloqiy faollik muhim ahamiyat kasb etgan“. Bunday musiqa ijrosi Qadimgi musiqa akademiyasi va keyinchalik Qadimgi musiqa konsertlari turkumida ixtisoslashtirilgan boʻlib, unda asosan XVI va XVII asr taniqli bastakorlarining asarlari, ayniqsa George Frideric Handelning ijodi namoyish etilgan. Fransiyada Lyudovik XIV hukmronligi davrida (1638—1715) madaniy uygʻonish roʻy bergan. Bu davrning oxiriga kelib, Molière, Jean de La Fontaine va Jean Racine kabi adiblar oʻz asarlari bilan qadimgi antik davr yutuqlaridan ham oʻzib ketganligi eʼtirof etilgan. Shunday qilib, Jean-Baptiste Lully (va keyinchalik Christoph Willibald Gluck)ning musiqasi „klassik“ deb tavsiflangan boʻlib, ular „l’opéra française classique“ (fransuz klassik operasi) deb nomlangan. Qitʼaviy Yevropaning qolgan qismida „klassik“ tushunchasini yunon-rim dunyosiga oʻxshash deb belgilashdan voz kechish jarayoni sekinroq kechgan. Buning asosiy sababi shundaki, kanonlashgan repertuarlarning yoki juda kam, yoki faqat yuqori tabaqalarga xos boʻlganidir.
XIX asr boshlaridagi koʻplab Yevropa sharhlovchilari klassik musiqaning taʼrifida yangi bir yondashuv topdilar. Ular bastakorlar Wolfgang Amadeus Mozart, Joseph Haydn va (uning soʻnggi asarlarining baʼzilarini hisobga olmaganda) Ludwig van Beethovenni „klassik“ deb atab, ularni paydo boʻlayotgan Romantizm davri musiqasi uslubiga qarama-qarshi qoʻydilar. Xususan, bu uch bastakor Birinchi Vena maktabiga, baʼzan „Vena klassiklari“ deb ataladigan guruhga birlashtirilgan. Biroq, bu birlashtirishning oʻzi muammoli hisoblanadi, chunki uchala bastakorning hech biri Venada tugʻilmagan va Haydn bilan Mozart bu shaharda juda kam vaqt oʻtkazgan. Bu tez-tez ifoda etilgan taʼrif boʻlsa-da, u mutlaq qatʼiy emas. 1879-yilda bastakor Charles Kensington Salaman quyidagi bastakorlarni klassik deb belgilagan: Bach, Handel, Haydn, Mozart, Beethoven, Waber, Spohr va Mendelssohn. Keng maʼnoda, ayrim ijodkorlar „klassik“ atamasini turli bastakorlarning, ayniqsa, maʼlum bir janrda koʻplab asarlar yaratganlarning qimmatli ijodini umumiy ravishda maqtash uchun qoʻllaganlar. Zamonaviy talqini „Klassik musiqa“ atamasining zamonaviy tushunchasi hamon noaniq va koʻp qirraligicha qolmoqda. „Badiiy musiqa“, „kanonik musiqa“, „sayqallangan musiqa“ va „jiddiy musiqa“ kabi boshqa atamalar koʻp jihatdan bir-biriga sinonim hisoblanadi. „Klassik musiqa“ atamasi koʻpincha faqat Gʻarb dunyosiga taalluqli deb tushuniladi yoki shunday maʼno nazarda tutiladi. Buning aksi oʻlaroq, koʻplab akademik tarix kitoblarida „Gʻarb musiqasi“ atamasi klassik boʻlmagan Gʻarb musiqasini oʻz ichiga olmaydi. Shu tarzda, XX asrning ikkinchi yarmida „Gʻarb klassik musiqasi“ va „Gʻarb badiiy musiqasi“ kabi atamalar bu tushunchani ifodalash uchun qoʻllanila boshlandi. Musiqashunos Ralph P. Lockening taʼkidlashicha, bu atamalarning hech biri ideal emas, chunki ular „Gʻarb badiiy musiqasi janrlarini ijro etadigan, biroq gʻarbiy boʻlmagan madaniyatlardan kelib chiqqan ayrim ijrochilar“ haqida mulohaza yuritganda „qiziqarli murakkablik“ni keltirib chiqaradi.
Klassik musiqaning oʻziga xos xususiyatlari qatoriga musiqiy shaklning murakkabligi va notalar uygʻunligi tuzilishning serqirraligi kiradi. Oxford ingliz tili lugʻati (OED) musiqaga nisbatan „klassik“ soʻzini uch xil maʼnoda izohlaydi:
„tan olingan mukammallik“; „ommaviy musiqa yoki folklordan farqlanib, klassik musiqiy anʼanaga oid, unga xos yoki uni ifodalovchi“ „yoki XVIII asr oxiri va XIX asr boshlaridagi asosan rasmiy Yevropa musiqasiga oid boʻlib, uygʻunlik, muvozanat va belgilangan kompozitsion shakllarga rioya qilish bilan tavsiflanadi“.
Oxirgi taʼrif hozirda klassitsizm davri deb ataladigan, XVIII asrning ikkinchi yarmidan XIX asr boshlarigacha boʻlgan Yevropa musiqasining oʻziga xos uslubiy davrini ifodalaydi. Bu davr Yevropa musiqa sanʼatining alohida uslubiy yoʻnalishini oʻz ichiga oladi. Tarixi
Kelib chiqishi