Donatella Francesca Versace (1955-yil 2-mayda tugʻilgan) – italiyalik moda dizayneri, tadbirkor ayol, model va ijtimoiy faol shaxs. Versace moda kompaniyasining asoschisi Gianni Versacening singlisi boʻlib, akasi bilan brendni rivojlantirishda, xususan, italyan hashamatini ommaviy madaniyat va mashhurlik bilan uygʻunlashtirishda yaqindan hamkorlik qilgan.
1997-yilda Gianni vafot etgach, Donatella Versace brendning bir qismini meros qilib oldi va brendning badiiy rahbariga aylandi. Hozirda u kompaniyaning bosh brend elchisi hisoblanadi.
Yoshlik davri va taʼlimi Donatella Versace 1955-yilda Italiyaning Reggio di Calabria shahrida tugʻilgan. Oilada toʻrt farzandning eng kichigi boʻlib, Santo va Gianni ismli akalari va Tina ismli opasi boʻlgan. Otasi Antonio Versace oilaviy koʻmir qazib olish biznesini boshqarishga yordam bergan, onasi Francesca Versace (qizlik familiyasi Olandese) esa oʻzining moda butigini ochishdan avval tikuvchilik kompaniyasida tikuvchi boʻlib ishlagan. Opasi Tina 12 yoshida notoʻgʻri davolangan qoqshol infeksiyasi tufayli vafot etgan.
1970-yillarning oʻrtalarida Donatella Florensiyada adabiyot va tillarni oʻrgangan. Dam olish kunlari u Milanga qatnab, oʻsha paytda Callaghan moda brendida ishlayotgan akasi Gianni bilan birga faoliyat olib borgan. Donatellaning onasi esa bunga rozi boʻlmagan, qizining oʻqishga koʻproq eʼtibor qaratishini istagan va baʼzan kutilmaganda Florensiyaga borib, uni tekshirib turgan.
Karyerasi 1976-yilda Donatella va Santo akalari Gianni bilan birga Milanga koʻchib oʻtishgan. 1977-yilda esa ular uchalasi AQShga uch haftalik safarga chiqishgan, bu safarning maqsadi matbuot vakillari va xorijdagi xaridorlar bilan uchrashish hamda Versace brendini yaratishga tayyorgarlik koʻrish boʻlgan.
Versace brendi 1978-yilda tashkil etilgan boʻlib, Donatella uning vitse-prezidenti boʻlgan. U barcha loyihalarda akasi Gianni bilan hamkorlikda ishlagan, ayniqsa, uslub yaratish, brend imijini shakllantirish hamda aksessuarlar, poyabzallar va sumkalarni loyihalashda faol ishtirok etganCathy Horyn, La Bella Donatella, Vanityfair.com, 1 June 1997.
Manbalar
Havolalar
Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:1955-yilda tugʻilganlar Turkum:21-asr italyan tadbirkor ayollari Turkum:20-asr italyan tadbirkor ayollari Turkum:Versace oilasi