A Big Mooncake for Little Star (tarjimasi „Mitti yulduz uchun katta oy pirogi“) – 2018-yilda Grace Lin tomonidan yozilgan va chizilgan rasmli kitob. Hikoya Mitti yulduzning onasi tayyorlagan oy pirogini asta-sekin yeb tugatishi haqida. Bu asar Lin uchun ham mavzu, ham tasvirlash uslubi jihatidan yangilik boʻldi. Kitob yaxshi baholandi va 2019-yilda Caldecott mukofotiga sazovor boʻldi. Illyustratsiyalar asosan qora rangda ishlangan boʻlib, hikoya va uning gʻoyalarini yetkazishda ham rasmlar, ham soʻzlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Syujeti Kitob boshida Mitti yulduzning onasi katta oy pirogini endigina tayyorlagan boʻladi va qizchaga unga tegmaslikni tayinlaydi. Biroq qizcha kechasi uygʻonib ketadi va onasining aytganini unutgan holda pirogdan ozgina tishlab, tezda oʻrniga qaytib yotadi. Bu holat har oqshom takrorlanadi. Pirog esa tobora kichrayib boradi. Oxiri, Mitti yulduzning onasi nima boʻlganini payqaydi. Kitob oxirida esa ular birgalikda yangi pirog pishirishadi.
Nashr tarixi Bu kitob Linning „eng sevimli Osiyo bayrami“ – Kuz o‘rtasida o‘tkaziladigan festivalni (Lin uni Kuzgi Oy festivali deb ataydi) nishonlash uchun yozilgan. U uch yoshli qiziga anʼanaviy ertaklarni, jumladan Oy quyoni haqidagi hikoyalarni soʻzlab boʻlgach, festival uchun yangi hikoya aytishni istagan, chunki qizi yana ertak soʻrashda davom etgan. Keyinchalik, qizi bir yilga moʻljallangan barcha oy piroglarini yeb qoʻyib, keyingi yilgacha boshqa oy pirogi boʻlmasligini bilgach, Lin shu voqeadan ilhomlanib hikoyani yaratgan. Lin bu kitobni 2016-yilgi AQSh prezidentlik saylovidan soʻng his qilgan tushkunlik kayfiyatiga javoban yozgan. Shuningdek, u qizini Robert McCloskeyning Amerika madaniyatiga bagʻishlangan sanʼat koʻrgazmasiga olib borgach, unda osiyolik obrazlar yoʻqligini payqagan. U yana Coles Phillipsning orqa fon bilan qorishib ketuvchi qahramonlar tasvirlangan illyustratsiyalarini eslab, u yerda ham osiyolik obrazlar yoʻqligini oʻylagan. Mitti yulduz obrazini Lin oʻz qizidan ilhomlanib yaratgan. Shuningdek, uni muallif oʻz qiziga koʻrsatishni istagan Osiyo vakilining timsoli sifatida tasavvur qilgan.
Kitob 2018-yil 28-avgustda Little, Brown and Company nashriyoti tomonidan chop etilgan.
Asarning yozilishi va illyustratsiyalar Lin uchun bu kitob uning ijodidagi muhim burilish nuqtasini ifodalaydi – u bu asarda oʻzining Osiyo merosini oʻrganish mavzusidan chiqib, oʻzining amerikalik ekanini tasdiqlash tomon oʻtdi. A Big Mooncake for Little Star asari oy fazalari haqida boʻlib, Lin uchun yangi tasviriy uslubni ham ifodalaydi. Chunki u ilgari, masalan, Where the Mountain Meets the Moon kabi kitoblarini blok bosma texnikasida chizgan edi. Bu safar esa u guash boʻyoqlardan va akvarel qogʻozdan foydalandi. Kitobdagi qora rang muhim oʻrin tutadi – u tungi osmonga oʻxshash muhitni yaratadi. The New York Times gazetasida muallif Samantha Hunt "kitob sahifalaridagi oʻta qorongʻulikni yulduzlarning oltin nuri yorib oʻtadi," deb yozgan. Kitobdagi shirinlik keyingi kosmik tasvirlar uchun fon bilan birlashadi: oy pirogining uvoqlari yulduzga aylanadi, toʻkilgan sut esa Somon yoʻliga oʻxshaydi. Bu orqali Lin kosmos mavzusini yanada mustahkamlaydi. Garchi kitobda bevosita aytilmagan boʻlsa ham, Mitti yulduzning oy pirogini yeyishi oy fazalarini ramziy tarzda ifodalaydi. Qora rangning koʻp ishlatilishi matn joylashuvini ham ajratib koʻrsatadi va shu bilan birga kosmik muhitni mustahkamlaydi. Linning matni va tasvirlari uygʻunlashib, sirli, biroz hazil aralash afsonaviy ohangdagi original asarni yaratgan.
Manbalar
Turkum:Amerika rasmli kitoblari