Qo‘chqorbuloq — Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanidagi qishloq. Tarkibi: qo‘chqor + buloq. Qashqadaryo qipchoqsaroylariga xos urug‘lardan biri – qo‘chqorbuloq (hozirgi, o‘zgargan nomi). Akademik K. Shoniyozov Farg‘ona qipchoqlaridan qo‘chqor tarzida yozib olgan. Koson mang‘itlarining qo‘ziqo‘chqor urug‘i mavjud. Oltoy xalqining qochqor mundus va qirg‘iz xalqining kotkor munduz urug‘i bo‘lganligi ma’lum. Munduz/mundus qabilasining kochkor (qo‘chqor/kotkor/qo‘tkor) urug‘i bo‘lgan. O‘zbek, oltoy va qirg‘iz xalqlarida bir nomdagi urug‘ (qo‘chqor/qochqor/kotkor) mavjudligi bu etnonimning umumturkiy urug‘ligini isbotlaydi. Qo‘chqor/qochqor/kotkor — qo‘yning erkagi, totem, muqaddas hayvon va urug‘ nomi totem bilan bog‘liq. Buloq so‘zining qadimiy shakli – bo‘luk, ma’nosi – to‘da, guruh. 10–11-asrlar turkiy tilida bo‘luk so‘zi shu ma’noni anglatgan. Buyuk tilshunos va elshunos M. Koshg‘ariyning yozishicha, 11-asrda o‘g‘uzlarning alqa bo‘luk, qara bo‘luk, elka bo‘luk va bo‘luk qabilalari bo‘lgan. Qo‘chqorbuloq etnonimining qadimiy shakli – Qo‘chqorbo‘luk. Qo‘chqorbo‘luk – qo‘chqor urug‘i. Davrlar o‘tishi bilan etnonimning tovush tarkibi o‘zgargan. Qo‘chqorbuloq — qo‘chqorbo‘luk urug‘i jamoasining qishlog‘i. Manbalar