Muhammetnazar Gapurowiç Gapurow (; 1922-yil 15-fevral, Oktyabrsk qishlogʻi, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi — 1999-yil 13-iyul, Berzengi qishlogʻi, Kopetdogʻ etrapi, Ashxobod, Turkmaniston) — sovet hamda turkman davlat va partiya arbobi. Turkmaniston Kommunstik partiyasi Markaziy qoʻmitasining birinchi kotibi (1969—1985).

Tarjimayi holi Muhammetnazar Gapurow 1922-yil 15-fevralda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Chorjoʻy tumani, Oktyabrsk qishlogʻida (hozirgi Lebap viloyatida) dehqon oilasida tugʻilgan. Turkmanlarning ersari qabilasidan. Chorjoʻy davlat pedagogika institutini oʻqituvchilik mutaxassisligi boʻyicha sirtdan tamomlagan. 1939-yilda Chorjoʻy oʻqituvchilar institutida oʻqigan. 1941-yilda Chorjoʻy viloyatidagi 8 yillik maktab oʻqituvchisi. 1941-yil dekabrda harbiy xizmatga chaqirilgan. Armiyada Oʻrta Osiyo harbiy okrugi 88-alohida oʻqchi brigadasi, 1-alohida oʻqchi batareyasining avtomatchilar boʻlinmasi komandiri boʻlib xizmat qilgan. 1942-yil noyabrdan 1943-yil fevralgacha 87-alohida oʻqchi brigada, 64-alohida oʻqchi batalyoni avtomatchilar boʻlinmasi komandiri boʻlgan. Ikkinchi jahon urushida shimoli-gʻarbiy frontda jang qilgan. 1943-yil 26-fevralda oyogʻidan oʻq yeb, oʻng qoʻlidan uch marta oʻq yegan. Gospitalda davolangach, katta serjant Muhammetnazar Gapurow demobilizatsiya qilingan. 1943—1944-yillarda Chorjoʻy viloyatidagi „Yaxti Yel“ kolxozi qoshidagi maktabning oʻquv boʻlimi mudiri, 1944-yilda esa maktab direktori boʻlgan, 1944-yildan VKP (b), soʻngra KPSS aʼzosi. 1944-yildan partiya ishida faoliyat olib borgan, dastlab instruktor, 1945-yildan Chorjoʻy etrapi partiya qoʻmitasining targʻibot va tashviqot boʻlimi mudiri, 1947-yildan Turkmaniston Kompartiyasi Chorjoʻy viloyati Sakar etrapi qoʻmitasi kotibi, 1948—1951-yillarda Chorjoʻy viloyati komsomol qoʻmitasining 1-kotibi, 1951—1955-yillarda Turkmaniston SSR LKSM Markaziy qoʻmitasining targʻibot va tashviqot boʻyicha kotibi, 1955-yilda Turkmaniston Kompartiyasi Chorjoʻy viloyati qoʻmitasining targʻibot va tashviqot boʻlimi mudiri, 1957—1959-yillarda Turkmaniston Kompartiyasi Chorjoʻy viloyati qoʻmitasining kotibi, 1959–1962-yillarda esa birinchi kotibi, 1962—1963-yillarda Turkmaniston Kompartiyasi Markaziy qoʻmitasi kotibi, 1963-yil 26-martdan 1969-yil 25-dekabrgacha Turkmaniston SSR Ministrlar Soveti raisi, tashqi ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. KPSS Markaziy qoʻmitasi aʼzoligiga nomzod (1966—1971). KPSS Markaziy qoʻmitasi aʼzosi (1971—1986). Turkmaniston SSRdan SSSR Oliy Kengashi deputati: 6-chaqiriq Millatlar Kengashi (1962—1966) va 7—11-chaqiriq Ittifoq Kengashi (1966—1989). 1969-yil 24-dekabrdan 1985-yil 21-dekabrgacha Turkmaniston Kompartiyasi Markaziy qoʻmitasining 1-kotibi boʻlgan. 1985-yil dekabrda pensiyaga chiqqan. 1999-yil 13-iyulda Berzengi qishlogʻidagi dachasida vafot etgan. Ashxobod shahridagi Vatutin qabristonida dafn etilgan.

Unvon va mukofotlari Muhammetnazar Gapurow Sotsialistik Mehnat Qahramoni faxriy unvoni (1981-yil), besh marta Lenin ordeni (1964-yil 16-mart, 1971-yil 27-avgust, 1972-yil 14-fevral, 1973-yil 10-dekabr,1982-yil 12-fevral), I darajali Vatan urushi ordeni (1985-yil 11-mart), uch marta Mehnat Qizil Bayroq ordeni (1950-yil 28-yanvar, 1957-yil 14-fevral, 1976-yil 25-dekabr), „Hurmat belgisi“ ordeni (1948-yil 28-avgust), „Jasurlik uchun“ medali (1945-yil 4-may) va boshqa medallar bilan taqdirlangan.

Manbalar

Turkum:Ashxobodda vafot etganlar Turkum:Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari Turkum:Turkmaniston SSR Oliy Sovetining 5-chaqiriq deputatlari Turkum:Turkmaniston SSR Oliy Sovetining 7-chaqiriq deputatlari Turkum:Turkmaniston SSR Oliy Sovetining 8-chaqiriq deputatlari Turkum:Turkmaniston SSR Oliy Sovetining 9-chaqiriq deputatlari Turkum:KPSS XXII syezdi delegatlari Turkum:KPSS XXIII syezdi delegatlari Turkum:KPSS XXIV syezdi delegatlari Turkum:KPSS XXV syezdi delegatlari Turkum:KPSS XXVI syezdi delegatlari