Shahzoda Ahmad Nuri afandi (; 1878-yil 12-fevral — 1944-yil 7-avgust) — Usmoniylar shahzodasi, sulton Abdulhamid II va uning rafiqasi Bedrifalak Kadınning oʻgʻli.

Yoshigi Shahzoda Ahmad Nuri 1878-yil 12-fevral kuni Yıldız saroyida tugʻilgan. Uning otasi Abdulhamid II sulton Abdulmajid I va Tirimüjgan Kadınning oʻgʻli boʻlgan. Onasi Bedrifalak Kadın esa shahzoda Kerzedj Mehmed beyning qizi edi. U Abdulhamid II ning uchinchi farzandi, ikkinchi oʻgʻli, Bedrifalak Kadınning esa eng kenja farzandi edi. Uning oʻzidan sakkiz yosh katta Shahzoda Mehmed Salim ismli akasi va olti yosh katta Zekiye Sulton ismli opasi boʻlgan.

Ahmad Nurining sunnat marosimi 1891-yilda oʻgay akalari Shahzoda Mehmed Abdulqodir va Shahzoda Mehmed Burhoniddinniki bilan birga oʻtkazilgan. U dastlabki taʼlimini shahzodalar maktabida olgan. Soʻngra Usmoniylar harbiy kollejiga qabul qilingan. Ahmad Nuri Usmoniylar armiyasi otliq qoʻshinlar polkida mayor unvoniga ega boʻlgan. Keyinchalik u polkovnik unvoniga koʻtarilgan, soʻngra brigadir boʻlgan. Shahzodaga Yildiz saroyi hududida bir villa ajratilgan edi.

Ahmad Nuri juda aqlli, sezgir inson boʻlgan va shu sababdan doimo baxtsizlikka yoʻliqardi. Uning rassomchilikda gʻayrioddiy isteʼdodi bor edi. U Sanâyi-i Nefise maktabida dars bergan italiyalik rassom Salvatore Valeriydan saboq olgan. Bir necha kun davomida ishlagach, u otasiga taxtga oʻtirganining 25 yilligi munosabati bilan (1901) sovgʻa sifatida kichik chodir kattaligidagi koʻchma hammom yasab bergan.

1909-yil 27-aprelda Abdulhamid II taxtdan agʻdarilib, Salonikiga surgun qilindi. Biroq Ahmad Nuri Istanbulda qoldi. Abdulhamidning butun oilasi Yildiz saroyidan haydab chiqarildi, ularning koʻpchiligining hatto yashash uchun joyi ham yoʻq edi. Nuri va uning akasi Shahzoda Salim avvaliga opalari Zakiya Sultonning uyida yashadi. Keyinchalik Nuriga Buyukdere xiyobonida yashash uchun joy ajratildi.

Shaxsiy hayoti Ahmad Nurining yagona rafiqasi Fahriya Zishan xonim boʻlgan. U 1883-yilda tugʻilgan. Uning otasi Ilyos Ali beyning kelib chiqishi cherkas boʻlib, Usmoniylar armiyasida otliq qoʻshinlar polkida mayor sifatida xizmat qilgan. Ular 1900-yilda turmush qurdi. Ahmad Nuri Shahzodaboshida joylashgan Mekteb-i Tahsil deb atalgan qizlar maktabiga borganda Fahriya Zishan tanishgan. Maktab direktori Fahriyaning akasi boʻlgan. Fahriya Zishan xonim chiroyli ayol edi. Bundan tashqari, uning oilasi va Ahmad Nurining onasi oʻrtasida doʻstlik rishtalari boʻlgan.

Sulton Abdulhamid kelinini yaxshi koʻrardi. 1905-yilda Ahmad Nuri churra operatsiyasini boshidan oʻtkazganidan keyin Fahriya eriga gʻamxoʻrlik qilgani uchun Abdulhamid uni oltin medal bilan taqdirlagan. Churra sultonning juma marosimi yurishi paytida uning mashinasiga otilgan paket tufayli yuzaga kelgan. Ahmad Nuri uni bomba deb oʻylab, mashinadan sakrab tushgan. Biroq keyinroq bu paket tashlab ketilgan chaqaloq ekani maʼlum boʻlgan. Ahmad Nuri mashinadan keskin harakat bilan sakragani bois churra kasalligiga chalingan. Keyinchalik operatsiya qilinganiga qaramay, Ahmad vafotiga qadar shu darddan azob chekkan.

Ularning farzandi boʻlmagan. Shunga qaramay, shahzoda ayolini juda yaxshi koʻrgan va boshqa ayolga uylanmagan. Juftlik 1919-yilda ajralgan, chunki Fahriya shahzodaning bir qilmishidan ranjigan. U Buyukderedagi villalarini tark etib, Feneryoludagi bir uyga koʻchib oʻtgan va opasini ham oʻzi bilan olib ketgan. 1924-yilda Usmoniylar oilasi surgun qilinganda Fahriya erining ortidan Fransiyaning Nice shahriga borgan. Fahriya Zishan xonim 1940-yilda vafot etgan va Suriyaning Damashq shahridagi Sulaymoniya takyasi qabristoniga dafn qilingan.

Surgundagi hayoti va vafoti 1924-yil mart oyida Usmoniylar oilasi surgun qilingach, Nuri va uning rafiqasi Fransiyaning Nice shahriga joylashdi. 1925-yil 14-yanvarda u mashhur turk yahudiy advokati Sami Günzbergga ishonchnoma berdi. Ushbu ishonchnoma unga Abdulhamid tomonidan qoldirilgan hamda Turkiya va Turkiyadan tashqarida joylashgan bino, yer, kon va imtiyozlarni noqonuniy egallab olganlardan qaytarib olish vakolatini berdi. Surgunda shahzoda moliyaviy qiyinchiliklarga duch keldi. Yildizdagi villasi musodara qilindi, Feneryoludagi villadan tushgan pul esa qisqa fursatda tugab qoldi. Shu orada Nice shahrida tanishib qolgan bir yosh yunon yigit u bilan yaqin munosabatda boʻldi. U shahzodaga maʼlum miqdorda pul berib yordam qildi.

Ahmad Nuri kimyo, rangtasvir va meʼmorchilikni ham yaxshi bilardi. U Nice shahridagi uyida yoki mehmonxonada ijaraga olgan xonasida sovun kabi gigiyena buyumlarini tayyorlar va ularni sotardi. Shuningdek, Ahmad ularni doʻstlariga ham sovgʻa qilardi. Ikkinchi Jahon urushi davrida uning ahvoli yanada yomonlashdi. Ish topa olmagan Nuri juda ayanchli holatga tushib qoldi. U ochlik va kasallikdan 1944-yil 7-avgustda bogʻda vafot etdi va yetimlar qabristoniga dafn etildi. Ahmad Nurining choʻntagidan topilgan maktubda shunday yozilgan edi: „Agar oʻlsam, hech kimni ayblamang, chunki men ochman. Men kinoteatrda pianino chalib kun koʻrar edim. Endi bunday ishni topa olmayapman. Meni musulmon sifatida dafn qiling“.

Unvon va mukofotlari Usmoniylar uyi ordeni Sharaf ordeni Imtiyoz ordeni Usmoniya ordeni Majidiya ordeni Imtiyoz kumush medali Imtiyoz oltin medali Liyoqat urushi oltin medali Liyoqat oltin medali Hijoz temiryoʻli medali Imtiyoz urushi oltin medali Iftixor sanoyi oltin medali Yunon urushi oltin medali

Harbiy lavozimlari Harbiy unvonlari va armiyadagi lavozimlari Usmoniylar armiyasi otliq qoʻshinlar polki mayori Usmoniylar armiyasi otliq qoʻshinlar polki polkovnigi Usmoniylar armiyasi otliq qoʻshinlar polki brigadiri

Serialda 2017-yilgi „Payitaht: Abdülhamid“ teleserialida Shahzoda Ahmad Nuri rolini turk aktyori Kemal Uçar ijro etgan.

Nasabi

Manbalar

Adabiyotlar

Turkum:1878-yilda tugʻilganlar Turkum:1944-yilda vafot etganlar Turkum:Usmoniylar imperiyasi shahzodalari Turkum:Ochlik tufayli vafot etganlar Turkum:Sultonlarning oʻgʻillari Turkum:Xalifalarning oʻgʻillari