Lars Nils „Lasse“ Bergagen (1945-yil 13-may — 2023-yil 19-oktyabr) — shved qoʻshiqchi va bastakor.

Bergagen Shvetsiya nomidan Eurovision qoʻshiq tanlovi 1975da „Jennie, Jennie“ qoʻshigʻi bilan ishtirok etgan. Shuningdek, u 1994-yildan 2003-yilgacha Shvetsiya televideniyesidagi dasturining boshlovchisi sifatida ham tanilgan.

Dastlabki va shaxsiy hayoti

Bergagen 1945-yil 13-mayda Stokholm shahrida tugʻilgan.

U hamshira Britta Bergagen (qizlik familiyasi Lindstedt; 1908–1997) va professor hamda stomatolog Nils Bergagen (asl familiyasi Nilsson; 1909–1995) oilasida dunyoga kelgan.

Bergagen 1965–1968-yillarda qoʻshiqchi Lill-Babs bilan turmush qurgan. Ularning 1966-yilda tugʻilgan Malin Berghagen ismli qizi bor. 1976-yildan boshlab u Eva Strand bilan turmush qurgan va ularning Maria Berghagen Enander ismli qizi 1976-yilda dunyoga kelgan.

Faoliyati

Musiqiy faoliyati

Bergagen 19 yoshida Enköping shahridagi NTO tadbirida chiqish qilayotgan paytda uni Karusell ovoz yozish kompaniyasi prodyuseri Kurt Pettersson ommaga tanitgan.

U oʻzining ilk plastinkasini 1965-yilda chiqargan.

Bergagenning katta muvaffaqiyati 1969-yilda „Teddybjörnen Fredriksson“ va „Gunga Gunga“ qoʻshiqlarini chiqarishi bilan boshlangan. Har ikkala qoʻshiq ham Svensktoppen musiqiy reytingiga kirgan.

Uning mashhur qoʻshiqlari qatoriga „En enkel sång om frihet“, „Hålligång i skogen“ va „Du som vandrar genom livet“ ham kiradi.

1960-yillarda Bergagen Benny Andersson bilan hamkorlik qilgan. Ular birgalikda Jan Malmsjö tomonidan Melodifestivalen 1969 tanlovida ijro etilgan „Hej clown“ hamda Anderssonning Hep Stars guruhi ijro etgan „Sagan om lilla Sofie“ kabi qoʻshiqlarni yaratishgan.

Manbalar