Central Asian University (qisqartmasi: CAU) – Oʻzbekiston Respublikasi Toshkent shahrida joylashgan xususiy oliy taʼlim muassasasi. 2019-yilda tashkil etilgan ushbu oliygohda bakalavriat, magistratura va tibbiy taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv dasturlari mavjud. Universitetda darslar asosan, ingliz tilida olib boriladi.

Tarixi Central Asian University Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-fevraldagi 130-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Muassasa dastlab AKFA Group va AKFA Medline kompaniyalari tomonidan Akfa University nomi bilan ochilgan.

Dastlabki oʻquv yilida universitetning tibbiyot yoʻnalishiga 200 nafarga yaqin talaba qabul qilindi. 2020-yilga kelib oliygohda biznes sohasidagi taʼlim dasturlari ham joriy etildi. 2021-yilda esa muassasa tarkibida yangi akademik yoʻnalishlar, jumladan, muhandislik va pedagogika dasturlari faoliyat boshladi.

2022-yilda talabalar soni sezilarli darajada oshib, 1400 dan ortiq talaba qabul qilindi. 2023-yil 26-iyunda oliygoh nomi rasman Central Asian University deb oʻzgartirildi.ʼ.

2024-yilda universitet oʻzining ilk bitiruvchilariga diplom topshirdi. Shu yilning oʻzida Shveysariyaning Mehmonxona va turizm menejmenti instituti (HTMi) bilan akademik hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, mehmonxona va turizm boshqaruvi yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma diplom (double-degree) dasturlari yo'lga qo'yildi.

Universitet Vasiylik kengashi tomonidan boshqariladi. 2023-yilning fevral oyidan buyon muassasa prezidenti lavozimida Kamron Gʻulomov ishlab kelmoqda.

Akademik faoliyat va tadqiqotlar

Central Asian University tayyorlov kurslari (pre-foundation), bakalavriat, magistratura, tibbiy taʼlim hamda rezidentura dasturlarini taklif etadi. Taʼlim jarayonlari asosan ingliz tilida yuritiladi. Universitet tarkibida oltita maktab (fakultet) mavjud: Muhandislik, Arxitektura va dizayn, Tibbiyot, Stomatologiya, Biznes hamda Mehmondoʻstlik va turizm menejmenti. Tibbiy taʼlim va rezidentura bosqichidagi amaliy mashgʻulotlar AKFA Medline University Hospital bilan hamkorlikda olib boriladi.

Ilmiy-tadqiqot ishlari universitet qoshidagi maxsus boʻlinmalar, jumladan, CAU ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi (CAU Research Lab) tomonidan amalga oshiriladi. Universitetda muntazam ravishda CAU Journal of Applied Research ilmiy jurnali chop etiladi.

Kampus va talabalar hayoti Central Asian University Toshkent shahrida joylashgan markazlashgan kampusga ega boʻlib, uning hududida oʻquv binolari, laboratoriyalar, kutubxonalar, talabalar turar joylari hamda sport majmualari barpo etilgan. Hozirgi vaqtda qoʻshimcha oʻquv va laboratoriya binolarini qurishni koʻzda tutuvchi kampus hududini kengaytirish loyihasi amalga oshirilmoqda.

2025-yil holatiga koʻra, universitetda 2200 dan ortiq talaba tahsil oladi hamda 500 dan ziyod akademik va maʼmuriy xodim faoliyat yuritadi. Kampusda mahalliy va xorijiy talabalar uchun yotoqxona va har tomonlama qoʻllab-quvvatlash xizmatlari yoʻlga qoʻyilgan.

Xalqaro eʼtirof va hamkorlik Central Asian University bir qancha xalqaro reyting tizimlaridan joy olgan. Xususan, 2025-yilda muassasa Round University Ranking xalqaro reytingida dunyo boʻyicha 975-oʻrinni egalladi, Times Higher Education Impact Rankings reytingida 1501+ oʻrinlar roʻyxatidan joy oldi hamda QS Stars tizimida 4 yulduzli (4 Stars) darajaga loyiq deb topildi.

Universitet Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan salohiyatni oshirish loyihalarida hamda Erasmus+ dasturida faol ishtirok etadi. 2025-yilda muassasa Oʻzbekistonda universitet gospitalini rivojlantirish maqsadida AQShning Cleveland Clinic tibbiyot markazi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi..

Manbalar