2024-yil holatiga koʻra, Epstein–Barr virusiga qarshi vaksina hali ishlab chiqilmagan. Ushbu virus lotent infeksiyani vujudga keltiradi va infeksion mononukleozga sabab boʻladi. Shuningdek, EBV tarqoq sklerozni keltirib chiqaruvchi omillardan biri boʻlishi mumkinligiga oid dalillar tobora koʻpayib bormoqda. Epstein–Barr virusi ikki xil hujayra turini zararlaydigan, yaʼni dual-tropik virus hisoblanadi. U B limfotsitlari va epiteliy hujayralarini zararlaydi. Virusning yana bir muhim xususiyati shundaki, u litik va latent bosqichlarida turli xil oqsillarni ifodalaydi. Bu esa virusni oʻrganish va uning biologik xususiyatlarini tushunishni murakkablashtiradi. Antivirus vositalari virusning DNKsini koʻpayishiga toʻsqinlik qilish orqali taʼsir koʻrsatadi. Biroq, 2016-yil holatiga koʻra, ularning Epstein–Barr virusini davolashda samarali ekanini tasdiqlovchi ishonchli ilmiy dalillar yetarli emas edi. Bundan tashqari, bu dorilar qimmat boʻlib, virusda ularga nisbatan chidamlilik rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, 1–10% hollarda turli nojoʻya taʼsirlarni ham keltirib chiqarishi mumkin.
2006–2008-yillarda Epstein–Barr virusiga qarshi vaksina yaratish boʻyicha bir nechta klinik sinovlar oʻtkazilgan. Virusning Gp350/220 oqsillari vaksina ishlab chiqishda asosiy nishonlardan biri hisoblanadi. Biroq, bunday vaksina faqat B limfotsitlarining zararlanishini oldini oladi, epiteliy hujayralarining zararlanishiga esa toʻsqinlik qila olmaydi. MVA-EL nomli vaksina ham Epstein–Barr virusi bilan bogʻliq saraton kasalliklarini davolash uchun taklif qilingan, ammo u virusning oʻziga qarshi emas, balki faqat u bilan bogʻliq saraton turlariga qarshi samarali boʻlishi kutiladi. Shuningdek, virusga oʻxshash zarrachalar asosida yaratilayotgan Epstein–Barr virusi vaksinalari ham faol ilmiy tadqiqotlar mavzusi boʻlib qolmoqda.
2018-yil aprel oyida Epstein–Barr virusini bloklovchi birinchi inson antitanasi — AMMO1 kashf etildi. Ushbu antitana virusning gH va gL glikoproteinlarini bloklaydi. Bu kashfiyot Epstein–Barr virusining yangi zaif nuqtalarini aniqlash imkonini berdi hamda uning dual-tropik infeksiyasini neytrallashtirib, B limfotsitlari va epiteliy hujayralarining zararlanishini bir vaqtning oʻzida oldini oladi. Bu hozirgacha erishilgan eng istiqbolli yutuqlardan biri hisoblanadi, chunki u virusning har ikki turdagi hujayralarga yuqishini toʻsishga qodir boʻlgan birinchi antitana hisoblanadi.
2021-yilda Moderna kompaniyasi Epstein–Barr virusiga qarshi ikkita mRNK vaksina nomzodini — mRNA-1189 va mRNA-1195 ni taqdim etdi. mRNA-1189 profilaktik, mRNA-1195 esa terapevtik vaksina sifatida ishlab chiqilgan. Kompaniya maʼlumotiga koʻra, mRNA-1189 virusning B limfotsitlariga kirishining ikkala mexanizmini (gp350 hamda gH/gL/gp42 orqali) toʻsishga xizmat qiluvchi beshta glikoproteinni kodlaydi. Bundan tashqari, u epiteliy hujayralarini himoya qilish uchun gH/gL, barcha hujayralarni himoya qilish uchun esa gB glikoproteinini ham oʻz ichiga oladi. Ushbu vaksinadagi mRNK taʼsirida hosil boʻladigan virus oqsillari hujayra membranasiga birikkan tabiiy shaklda ifodalanadi. Bu esa ularning immun tizimi tomonidan tanilib, virusga qarshi immun javob hosil qilinishiga yordam beradi. 2022-yil 5-yanvarda Moderna mRNA-1189 vaksinasining I bosqich klinik sinovlarini boshladi. mRNA-1195 vaksinasi esa Epstein–Barr virusi keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan uzoq muddatli asoratlarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilmoqda. U mRNA-1189 ga nisbatan qoʻshimcha antigenlarni oʻz ichiga oladi. 2023-yil boshida Moderna mRNA-1195 vaksinasining I bosqich klinik sinovlarini boshladi.
Manbalar
Turkum:Vaksinalar Turkum:Epstein–Barr virusi