Sakina bint al-Husayn (; milodiy 667 va 671-yillar oraligʻida tugʻilgan — 671-yil 8-aprelda vafot etgan) Omina () nomi bilan ham tanilgan, islom paygʻambari Muhammadning avlodidan boʻlgan. Oʻn ikki imomning uchinchi imomi Husayn ibn Ali va Rubob bint Imru al-Qaysning qizi. 680-yilda Karbalo voqealari paytida hali yosh bola boʻlgan va u yerda otasi va uning tarafdorlarining Ummaviylar xalifasi Yazid () qoʻshinlari tomonidan oʻldirilganiga guvoh boʻlgan. Jangdan soʻng ayollar va bolalar, jumladan, Sakina ham poytaxt Damashq shahriga olib ketilgan, u yerda koʻchalarda namoyish etilib, soʻng qamoqqa tashlangan.
Tavalludi Sakina yoki Sukayna () unga onasi bergan taxallus boʻlgan. Manbalarda uning asl ismi turlicha: Omina (), Amina () yoki Umayma () tarzida keltiriladi. Biroq oxirgi variant, yaʼni asl ismi Umayma boʻlgani ehtimoli kamroq. Uning otasi Husayn ibn Ali Oʻn ikki imom taʼlimotining uchinchi imomi va islom paygʻambari Muhammadning nabirasi boʻlgan. Sakina Husayn va uning birinchi rafiqasi Rubob bint Imru al-Qaysning qizi edi. Rubob esa Banu Kalb qabilasi sardori Imru al-Qays ibn Adiyning qizi boʻlgan. Juftlik bir necha yil farzand koʻrmagan, shundan soʻng ularning birinchi farzandi Sakina dunyoga kelgan. Sakina, ehtimol, Husaynning ham toʻngʻich qizi boʻlgan. Biroq ayrim manbalarda Husaynning toʻngʻich qizi Fotima boʻlgani aytiladi. Fotimani Husaynning akasi Hasan ibn Alining bevasi Ummu Isʼhoq bint Talha dunyoga keltirgan. Husayn esa akasining soʻnggi vasiyatini bajarish uchun unga uylangan edi. Sakina Madinada tugʻilgan, biroq uning tugʻilgan sanasi aniq maʼlum emas. Turli manbalarda tugʻilgan yili hijriy 47, 49 yoki 51-yil deb keltiriladi. Bu esa milodiy taxminan 671-yilga toʻgʻri keladi. Islomshunos olim Wilferd Madelung Sakina bobosi yaʼni shialik mazhabi birinchi imomi Ali ibn Abu Tolib 661-yilda oʻldirilganidan keyin tugʻilgan, deb hisoblaydi.
Karbalo jangi va asirlik Husayn ibn Ali 680-yilda Umaviylar xalifasi Yazid ibn Muoviyaning hokimiyatga kelishini qoralagan. Yazidning vakillari uning yangi xalifaga bayʼat qilishini talab qilganida Husayn avval ona shahri Madinadan Makkaga, soʻngra esa oilasi va oz sonli tarafdorlari hamrohligida hozirgi Iroqning Kufa shahri tomon yoʻl olgan. Ular orasida oʻsha paytda 5–12 yoshlar oraligʻida boʻlgan Sakina ham bor edi. Ularning kichik karvoni Kufa yaqinidagi Karbalo hududida Umaviylar qoʻshini tomonidan toʻxtatib qolingan va jangda halok etilgan. Qoʻshin avval ularni bir necha kun qurshab olgan va yaqin atrofdagi Furot daryosiga borish yoʻlini ham toʻsib qoʻygan. Karbalo qirgʻinini yod etish bilan bogʻliq keng tarqalgan rivoyatlardan biriga koʻra, Husayn jang maydoniga otlanayotganida Sakina otasining oldiga yugurib chiqib, uning otining yoʻlini toʻsadi. Shu tariqa u otasi oʻldirilishidan oldin u bilan yana bir necha soniya birga boʻlishga muvaffaq boʻladi. Husaynning boshi tanasidan judo qilinganidan soʻng, Umaviy askarlari uning qarorgohini talon-toroj qilgan. Shuningdek, Husayn va halok boʻlgan tarafdorlarining boshlarini kesib, ularni nayzalarga qadab, odamlarga namoyish qilish uchun koʻtarib yurishgan. Karbalo voqealarini yod etish bilan bogʻliq yana bir keng tarqalgan rivoyatga koʻra, talon-toroj vaqtida Sakinaning sirgʻalari quloqlaridan zoʻrlik bilan yulib olingan. Shundan soʻng ayollar va bolalar asirga olinib, avval Kufaga, keyinchalik esa Umaviylar poytaxti Damashqqa olib ketilgan. Asirlar Damashq koʻchalarida odamlarga namoyish qilingan holda olib yurilgan, soʻngra nomaʼlum muddatga qamoqqa tashlangan. Hayo va iffat yuzasidan Sakina paygʻambar Muhammadning sahobasi Sahl ibn Saʼddan otasining boshini koʻtarib ketayotgan askarni Damashqdagi tomoshabinlar nigohidan chetroqda yurishga koʻndirishni soʻragan boʻlishi mumkin. Mashhur Oʻn ikki imom taʼlimoti vakili Majlisiy oʻzining asarida Sakina bilan bogʻliq bir tushni keltiradi. Unga koʻra, Sakina tushida buvisi — Muhammadning qizi Fotimani osmonda, Husaynning qonga belangan koʻylagini qoʻlida tutgan holda motam tutayotganini koʻrgan. Oxir-oqibat, Yazid asirlarni ozod qilgan. Ularga Madinaga qaytishga ruxsat berilgan yoki Madinaga kuzatib qoʻyilgan.
Shaxsiy hayoti Ayrim rivoyatlarga koʻra, Sakina Karbalo voqealari chogʻida turmush qurish yoshida boʻlgan. Bu manbalarda aytilishicha, Husayn bundan avval jiyani Hasan ibn Hasanga amakivachchalaridan qay biri — Sakina yoki Fotimaga uylanishni oʻzi tanlashiga ruxsat bergan. Yosh Sakinaning birinchi marta amakivachchasi Abdulloh ibn Hasan bilan nikoh qurgan. Abdulloh Karbalo jangida halok boʻlgan. Ushbu nikoh, ehtimol, er-xotinlik munosabatlariga yetib bormagan, yaʼni ular amalda birga er-xotin boʻlib yashamagan. Ayrim shialik mazhabi manbalariga koʻra, Sakina keyinchalik boshqa turmush qurmagan. Xususan, Oʻn ikki imom taʼlimoti olimi Ash-Shayx al-Mufid oʻzining asarida, Tabarsiy asarida Sakinaning faqat Abdulloh bilan boʻlgan farzandsiz nikohi haqida yozgan. Boshqa bir qarashga koʻra esa Sakina keyinchalik Musʼab ibn az-Zubayrga turmushga chiqqan. Mus’ab Zubayriylar tomonidan tayinlangan Iroq hokimi edi. U 691-yilda Umaviy xalifa Abdulmalik ibn Marvon () tomonidan oʻldirilgan. Juftlikning Fotima ismli qizi boʻlgan, biroq u bolaligida vafot etgan. Sakinaning Mus’abga turmushga chiqqani haqida shia faqihi Ibn Shahrashub oʻzining asarida, sunniy tarixchi Ibn Xallikon esa asarida maʼlumot bergan. Eri Mus’abning vafotidan keyin xalifa Abdulmalik Sakinaga uylanishni taklif qilgan, biroq Sakina bu taklifni rad etgan. U keyinchalik hokimiyatga ega boʻlgan boshqa erkaklarning ham turmush qurish haqidagi takliflarini siyosiy sabablarga koʻra rad etgan koʻrinadi. Keyinchalik Sakina Kufadan Madinaga qaytib kelgan. Sunniy faqih Ibn Qutayba asarida bir rivoyatni keltiradi. Unga koʻra, ayrim kufaliklar Sakinaning Kufada qolishini istaganlar, ammo Sakina ularni qattiq qoralab: „Sizlar mening bobom Ali ibn Abu Tolibni, otam Husaynni, amakimni va erim Mus’abni oʻldirdingizlar“, deb ularga eʼtiroz bildirgan. Darhaqiqat, Ali ibn Abu Tolibning xalifaligi () uning Kufada oʻldirilishi bilan yakunlangan.
Ibn Shahrashub va shia tarixchisi Hishom ibn al-Kalbiyning maʼlumotlariga koʻra, Sakina keyinchalik Abdulloh ibn Usmon ibn Abdullohga turmushga chiqqan. Ularning Usmon, Hakim va Rubayha ismli uch farzandi boʻlgan. Abdulloh vafot etganidan keyin, ayrim rivoyatlarga koʻra, Sakina uchinchi xalifa Usmon ibn Affonning () nabirasi Zayd ibn Amrga turmushga chiqqan. Islomshunos Rizvi Fayzerning soʻzlariga koʻra, Sakina uning bevasi sifatida vafot etgan. Boshqa bir rivoyatga koʻra esa, Zaydning vafotidan keyin Sakina Ibrohim ibn Abdurahmon ibn Avfga turmushga chiqqan. Biroq bu soʻnggi ikki nikoh uzoq davom etmagan, deb qayd etiladi. Yana boshqa rivoyatlarda Zayd yoki Usmondan biri, yoxud ularning ikkalasi ham Sakina bilan ajrashgani aytiladi. Ayrim manbalarda esa Misrda yashagan Asbogʻ ibn Abdulaziz ibn Marvon ham Sakina bilan turmush qurgan erkaklardan biri sifatida tilga olinadi. Rivoyat qilinishicha, u Sakina Misrga yetib kelishidan oldin vafot etgan. Quraysh qabilasida ayollarning bir necha bor turmushga chiqishi noodatiy hol boʻlmasa-da, zamonaviy tilshunos Albert Arazi Sakina koʻp marta turmushga chiqqani haqidagi xabarlar biryoqlama va maʼlum bir maqsadni koʻzlagan boʻlishi mumkinligini taʼkidlaydi. Shuningdek, ayrim tadqiqotchilar bunday rivoyatlar Sakinaning shaʼniga tuhmat qiluvchi va oʻzaro ziddiyatli maʼlumotlardan iborat boʻlib, ehtimol, xalifa Ali ibn Abu Tolibning avlodlari, yaʼni Aliylarga qarshi boʻlgan kishilar tomonidan keyinchalik toʻqib chiqarilgan, degan fikrni ilgari surganlar.
Faoliyati va sheʼriyati Dastlabki tarixiy manbalarda Sakina goʻzal, saxiy, dono va iffatli ayol sifatida tasvirlangan. Uning ijtimoiy mavqei ham yuqori boʻlgan. Sunniy muhaddis Ibn Hibbon oʻzining asarida Sakinani hadis rivoyat qiluvchi ishonchli roviylardan biri sifatida qayd etgan. Quraysh qabilasining yoshi ulugʻ va nufuzli kishilari Sakinaning huzuriga tashrif buyurib turgan, u esa qabilaning maslahat kengashi yigʻilishlarida ishtirok etgan. Shuningdek, u Umaviylarga nisbatan juda tanqidiy munosabatda boʻlgan. Al-Isfahoniy va sunniy tarixchi Ibn Asokirning maʼlumotlariga koʻra, Umaviylar minbarlaridan uning bobosi Ali ibn Abu Tolib laʼnatlanganida, Sakina bunga javoban ularning oʻzini ham laʼnatlagan. Shuningdek, Sakina jamoat oldida yuzini yopib yurmagan, nikoh shartnomalarida oʻz mustaqilligini hamda erining faqat bir ayol bilan nikohda boʻlishini talab qilgan, degan bahsli rivoyatlar mavjud. Hatto ayrim manbalarda u erlaridan birini ushbu shartni buzganligi uchun javobgarlikka tortgani va uning nomi bilan atalgan soch turmagi boʻlgani ham aytiladi. Shu sababli marokashlik feminist yozuvchi va sotsiolog Fotima Mernissi Sakina obrazini majburiy hijobga qarshi ramziy shaxs sifatida talqin qiladi. Biroq misrlik yozuvchi Oysha Abdurahmon (vafoti: 1998-yil) bunday maʼlumotlarni Aliylarga, jumladan, Umaviylarga qarshi boʻlgan guruhlar tomonidan ataylab toʻqib chiqarilgan, deb hisoblaydi.
Sakina notiqligi va sheʼriyat sohasidagi mahorati bilan ham tanilgan. Manbalarda aytilishicha, u oʻz uyida shoirlarni qabul qilib, ularning sheʼrlarini tinglagan, ularga oʻz fikr-mulohazalarini bildirgan hamda „sela“ deb ataluvchi pul mukofotlarini taqdim etgan. Biroq u mehmonlar bilan parda ortidan yoki xizmatkor ayol orqali muloqot qilgan. Uning uyiga tashrif buyurgan shoirlar orasida oʻsha davrning mashhur shoirlari al-Farazdaq, Jarir ibn Atiya va Kusayyir boʻlgan boʻlishi mumkin. Shuningdek, rivoyatlarga koʻra, Sakina shoirlar yoki ularning tarafdorlari oʻrtasida yuzaga kelgan bahs va kelishmovchiliklarni hal qilishda hakamlik ham qilgan. Bunday maʼlumotlar ilk manbalarda tarqoq holda uchraydi, jumladan, sunniy olim Ibn al-Javziyning asari, tarixchi va musiqashunos Abu Faraj al-Isfahoniyning sheʼrlar toʻplamida keltirilgan. Shu bilan birga, ushbu rivoyatlarning ishonchliligi ayrim shia olimlari tomonidan shubha ostiga olingan. Jumladan, mashhur Oʻn ikki imom taʼlimoti ilohiyotshunosi al-Hilliy (vafoti: 1325-yil) bu maʼlumotlarga nisbatan tanqidiy munosabat bildirgan. Boshqa ayrim tadqiqotchilar esa bu rivoyatlar Husayn ibn Alining qizi Sakina haqida emas, balki Sakina bint Xolid ibn Mus’ab az-Zubayriy haqida boʻlishi mumkinligini taxmin qilganlar.
Vafoti va ziyoratgohi
Ibn Asokir va sunniy tarixchi Balozuriyning maʼlumotlariga koʻra, Sakina hijriy 117-hijriy yil 5-Rabiulavval oyida (735-yil 8-aprel) 68 yoshida Ummaviy xalifa Hishom ibn Abdulmalik () hukmronligi davrida Madinada vafot etgan. Bu maʼlumot tarixchi Ibn Saʼd va muhaddis An-Navoviy tomonidan ham keltirilgan. Biroq dastlabki manbalarda Sakina vafot etgan sana sifatida boshqa sanalar ham uchraydi. Jumladan, uning vafot yili hijriy 92-yil (milodiy 710–711-yillar) va hijriy 94-yil (milodiy 712–713-yillar) sifatida ham keltirilgan. Shuningdek, uning Makka, Damashq yoki Misrda vafot etganiga doir xabarlar ham mavjud. Sakina Baqi’ qabristoniga dafn etilgan, biroq Misrning Qohira shahrida ham unga nisbat berilgan ziyoratgoh bor. Bundan tashqari Damashqdagi Bob as-Sagʻir qabristonida ham Sakinaning qabri deb koʻrsatiladigan yana bir maqbara bor. Ilgari Falastinning Tiberiya shahrida ham unga nisbat berilgan qabr boʻlgan. Biroq tarixchi Yoqut Hamaviy (vafoti: 1229-yil) Damashq va Tiberiyadagi qabrlarni Sakina bilan bogʻlash xato ekanini taʼkidlagan va uning haqiqiy dafn etilgan joyi Madina deb hisoblagan.
Yana qarang Ruqayya bint Husayn Fotima Husayn ibn Ali shajarasi
Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:Muhammadning oilasi Turkum:Karbalo jangi Turkum:670-yillarda tugʻilganlar Turkum:7-asr arab ayollari Turkum:7-asr arab shaxslari Turkum:8-asr arab shaxslari Turkum:735-yilda vafot etganlar Turkum:8-asr arab ayollari