An-Nabiy Shis masjidi () — Iroqning Mosul shahrida joylashgan Usmoniylar davriga oid tarixiy masjid va ziyoratgoh. Shahar janubida joylashgan boʻlib, Mosuldagi yirik masjidlardan biri sanaladi.
Masjid terrorchi IShID guruhi tomonidan portlovchi moddalar bilan vayron qilinib, keyinchalik uning oʻrnida avtoturargoh tashkil etilgan va shundan soʻng jamoatchilik eʼtiborini tortgan. Masjidning jihozlari ham talon-toroj qilingan. Ushbu hujum, shuningdek, Mosuldagi An-Nabiy Yunus masjidi kabi boshqa tarixiy-madaniy meros obyektlariga qilingan hujumlar Iroqning umumiy tarixiy merosi va oʻzligiga qarshi qaratilgan tajovuz sifatida baholangan. Keyinchalik IShID guruhi magʻlub etilganidan soʻng masjid qayta tiklangan.
Kutubxona Masjid maqbarasi bilan bir qatorda kutubxona va ikkita madrasasi bilan ham mashhur boʻlgan. Sulaymon posho tomonidan masjidda ikkita madrasa tashkil etilgan boʻlib, ulardan birida islom ilmi, ikkinchisida esa qiroat boʻyicha taʼlim berilgan. Keyingi Usmoniylar davrida kutubxonada Qur’onning 33 nusxasi, 131 ta kitob va 236 ta qoʻlyozma boʻlib, u yerda 10 nafar kotib faoliyat olib borgan. Kutubxonada arab tili, Usmoniy turk tili va fors tilidan foydalanilgan. Posho ikki madrasa uchun 14 ta xona qurdirib, ularning faoliyati uchun alohida mablagʻ ajratgan. 1900-yilga kelib, bu kichik taʼlim muassasasida 29 nafar talaba tahsil olgan boʻlib, madrasa mudarrisi Shayx Abdugʻofur bin Hasan al-Habbor edi.
Hozirgi davr
Vayron qilinishi 2014-yil 24-iyulda Iroq va Shom Islom davlati An-Nabiy Shis masjidini portlatib, uni butunlay vayron qilgan. Shuningdek, jangarilar ziyoratgohdagi ayrim artefaktlarni olib chiqib, nomaʼlum joyga olib ketgani taxmin qilinadi.
2022-yildagi qayta qurish
Masjid Ahmad al-Umariy rahbarligi ostida Xayriya ishlari uyushmasi tomonidan qayta tiklangan. Asosiy mablagʻ Hoji Idris Abduqodir Xattob, Hoji Abdujavod Abduqodir al-Jalabiy va ularning oʻgʻillari tomonidan moliyalashtirilgan. Bundan tashqari, doktor Abdusalom al-Qassob va boshqa homiylar ham masjidni qayta tiklash uchun mablagʻ ajratgan. Mass Cement kompaniyasi esa masjidni qayta quyta tiklash uchun zarur sementning katta qismini begʻaraz taqdim etgan.
Qayta qurish jarayonida masjid toʻliq ovoz kuchaytirish tizimi hamda juma xutbasini ayollar namozxonasi hududiga uzatish imkonini beruvchi televizion tizim bilan jihozlangan. Shuningdek, eski masjid toshlaridan foydalanib, ularga Qur’on oyatlari bitilgan yodgorlik barpo etilgan. Ushbu yodgorlik masjid bilan bogʻliq voqealarni abadiylashtirish maqsadida oʻrnatilgan boʻlib, yuqori qavatga olib chiquvchi zinapoya yoniga joylashtirilgan va atrofi Qur’on oyati bilan bezatilgan. Ushbu voqeani yod etish maqsadida shoir doktor Valid as-Sarrof voqeani tarixiy xotira sifatida aks ettiruvchi sheʼr yozgan. Bu sheʼr chiqish darvozalaridan birining devoriga bitilgan.
Yana qarang
Iroqdagi masjidlar roʻyxati
Manbalar
Adabiyotlar
Havolalar
Turkum:Iroqdagi maqbaralar Turkum:2014-yilda buzib tashlangan binolar va inshootlar Turkum:Mosuldagi masjidlar Turkum:1816-yilda bitkazilgan diniy binolar va inshootlar