Makroiqtisodiyot ( — „uzun“, „katta“, οἶκος — „uy“ va νόμος — „qonun“) — iqtisodiy hodisalar va ularning harakatini bir tizim deb oʻrganuvchi iqtisodiyot nazariyasining boʻlimi. Mamlakatning iqtisodiy holati va rivojlanishini ifodalovchi umumlashgan koʻrsatkichlar tizimi — milliy boylik, yalpi ichki mahsulot, yalpi milliy mahsulot, sof milliy mahsulot, milliy daromad, aholi daromadlari, davlat va xususiy investitsiyalar yigʻindisi, muomaladagi jami pul miqdori va shu kabi jami xoʻjalik boʻyicha jamlanma, umumlashtiruvchi koʻrsatkichlar makroiqtisodiyot oʻrganadigan obyektlar hisoblanadi. Oʻz ichiga hududiy, milliy va xalqaro iqtisodiyotlarni qamrab.
Makroiqtisodiyot mikroiqtisodiyot bilan birgalikda iqtisodiyot fanidagi 2 eng muhim boʻlimlarni tashkil etadi. Mikroiqtisodiy darajada hal etib boʻlmaydigan muammolar makroiqtisodiyotda koʻrib chiqiladi. Makroiqtisodiy taʼlimotlar rivojlanishida 10 dan ortiq maktab tashkil topgan. Ular paydo boʻlgan davlati va asoschilarining gʻoyalariga koʻra farq qiladi. Makroiqtisodiyot termini birinchi marta Ragnar Frisch tomonidan 1934-yil, 14-avgustda qoʻllangan. „The General Theory of Employment, Interest and Money“ kitobida keltirilgan gʻoyalari uchun zamonaviy makroiqtisodiyot asoschisi John Maynard Keynes hisoblanadi.
Makroiqtisodiy holatlarni tahlil etishda va optimal makroiqtisodiy siyosatni belgilashda makroiqtisodiy modeldan foydalaniladi. Makroiqtisodiy model oʻzgaruvchilarning bir-biriga bogʻliqlik darajasi, inqirozdan chiqish usullariga koʻra farq qiladi. Neoklassik nazariya va neokeynschilik taʼlimotiga asoslangan makroiqtisodiy modellar asosan iqtisodiy oʻsishga erishish usullarini tasvirlab beradi. Makroiqtisodiy modellarga AD-AS modeli, IS-LM modeli va Solow modeli misol boʻla oladi.
Davlat iqtisodiyotni tartibga solishda fiskal va monetar siyosatdan foydalanadi. Fiskal siyosatda davlatning byudjet parametrlari va soliq stavkalari koʻrib chiqilsa, monetar siyosatda pul massasi koʻrsatkichlari oʻzgartiriladi. Dunyodagi koʻpgina yirik inqirozlar davlatlarning notoʻgʻri makroiqtisodiy siyosatlari yoki iqtisodiyotni yetarli darajada nazorat qilmasliklari oqibatida sodir boʻlgan. Iqtisodchilar Emi Nakamura va Jón Steinssonning 2018-yildagi xulosalariga koʻra, shuncha inqirozlardan soʻng ham, davlatlar tomonidan olib borilayotgan turli makroiqtisodiy siyosatlarning natijalari har doim ham ijobiy emas va shu sababli, bunday siyosatlar tanqid ostida qolmoqda. COVID-19 pandemiyasi paytida qabul qilingan makroiqtisodiy qarorlar yetarli darajada samarali emasligi sababli, u iqtisodiyotga ham, kishilar hayotini saqlashda ham kutilganidek yordam bermadi.
Makroiqtisodiyotning asosiy muammolari Mikroiqtisodiy darajada oʻz yechimini topmagan muammolar makroiqtisodiy darajada koʻrib chiqiladi:
Iqtisodiy oʻsish, iqtisodiy sikllar. Iqtisodiy oʻsish nima? Iqtisodiy oʻsish sur’atlarini qanday aniqlash mumkin? Iqtisodiy oʻsishga qanday omillar taʼsir koʻrsatadi? Davlat farovonligida iqtisodiy oʻsishning oʻrni qanday?
Ishsizlik. Qaysi toifadagi aholi ishsiz hisoblanadi? Ishsizlik iqtisodiyotga qanday taʼsir koʻrsatadi? Ishsizlikni qanday qilib yoʻqotish mumkin? Ishsizlik turlarini qanday aniqlash mumkin?
Narxlarning umumiy darajasi. Narxlarning umumiy darajasi deganda nima nazarda tutiladi? Narxlardagi oʻzgarish iqtisodiy muvozanatga qanday taʼsir koʻrsatadi? Inflyatsiya nima? Inflyatsiya qanday holatda iqtisodiyotga foydali boʻlishi mumkin?
Pul muomalasi, Foiz stavkasi. Makroiqtisodiyotda pulning roli qanday? Foiz stavkasi nimalarga taʼsir koʻrsatadi va uni tashkil etuvchi omillar qaysilar?
Savdo balansi. Nega davlatlar oʻzaro savdo bilan shugʻullanishadi? Sof eksport mamlakat valyuta kursiga qanday taʼsir koʻrsatadi?
Makroiqtisodiy taʼlimotlar tarixi
Makroiqtisodiyot fan sifatida 1930-yillarda vujudga kelgan. Lekin, bu vaqtga qadar turli olimlar tomonidan iqtisodiyotning ishlash mexanizmi boʻyicha nazariyalar, davlatning iqtisodiy siyosati toʻgʻrisida turli xil gʻoyalar allaqachon paydo boʻlgan edi. Bu nazariyalarning maqsad va usullari bir-biridan farq qilganligi tufayli, har biri oʻz makroiqtisodiy taʼlimotiga ega 10 dan ortiq maktablar vujudga keldi.
Dastlabki makroiqtisodiy taʼlimotlar Merkantilizmdan marksizmgacha
XV asrda tarixdagi dastlabki iqtisodiy taʼlimotlar maktabi, merkantilizm vujudga kelgan. Antoine Montchrestien de Watteville, William Stafford, Thomas Mun va Jean-Baptiste Colbert bu maktab rivojlanishiga hissa qoʻshgan olimlar hisoblanishadi. Merkantilizm maktabining maqsadi davlat aralashuvi orqali pul bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish va toʻlov balansini qoʻllab-quvvatlash hisoblangan (eksportni oshirish va importni cheklash orqali).
XVIII asr oʻrtalarida fiziokratlar maktabi tashkil topdi (François Quesnay, Anne Robert Jacques Turgot, Victor Riqueti, marquis de Mirabeau va Pierre-Paul Le Mercier de La Rivière). Fiziokratlar keltirgan gʻoyalarda qishloq xoʻjaligining ahamiyati yuqori edi. Fiziokratizm taʼlimotiga koʻra, yer yagona ishlab chiqarish omili hisoblangan. Tableau économique nomli iqtisodiy modelda fiziokrat François Quesnay jamiyatni dehqonlar, hunarmandlar va mulkdorlarga boʻlish orqali „sof mahsulot“ paydo boʻlish sabablarini keltirib oʻtgan.
XIX asrda Karl Marx va Friedrich Engels boshchiligida marksizm va marksistik siyosiy iqtisodiyot vujudga kelgan. Marx fikriga koʻra, aynan oʻz foydasini maksimallashtirishga intiluvchi firmalar iqtisodiyotdagi inqirozlarga sababchi boʻladi. Yaʼni, ular xarajatlarni kamaytirish uchun ishchilarning ish haqidan iqtisod qila boshlaydilar, bu esa firmalarning asosiy isteʼmolchilari boʻlgan ishchilar sinfining xarid qobiliyati pasayishiga olib keladi. Marksizm taʼlimoti orqali makroiqtisodiyotda qoʻshilgan qiymat, ishlab chiqarish munosabatlari, oddiy va kengaytirilgan takror ishlab chiqarish tushunchalari paydo boʻldi.
Klassik maktab
Oʻzini oʻzi tartibga soluvchi iqtisodiy tizim tarafdorlari klassik makroiqtisodiyot maktabining aʼzolari hisoblanishadi. Klassik makroiqtisodiyot taʼlimoti XVII asrda paydo boʻlgan. Maktab asoschilaridan biri William Pettyning fikricha, boylikning manbai yer va mehnat hisoblanadi. „Mehnat boylikning otasi, yer esa uning onasidir“ iborasi W.Pettyga tegishlidir. XVIII asr oxirlarida klassik iqtisodiyot nazariyasi rivojlanishining 2-bosqichi boshlangan. Adam Smith oʻzining „An Inquiry into the Nature and Causes of the Wealth of Nations“ asaridagi fikriga koʻra, talab va taklif asosida shakllanadigan erkin narxlar asosida bozor oʻzini oʻzi boshqarishi mumkin (bozorning koʻrinmas qoʻli nazariyasi). Keyinchalik, laissez-faire nazariyasiga asosan doimiy barqaror iqtisodiyot haqida gipoteza paydo boʻldi. Gipotezaga koʻra, barcha bozorlarda mukammal raqobat mavjud, narxlarning doimiy oʻzgarishi talab va taklif holatiga bogʻliq va bozor hech qanday aralashuvsiz ham muvozanatga kela oladi. XIX asrda David Ricardo oʻzining nisbiy ustunlik nazariyasiga asoslanib, istalgan davlatlar oʻrtasida tashkil etilgan tashqi iqtisodiy faoliyat ikki davlatga ham foydali boʻlishini isbotlab berdi. Yana bir iqtisodchi olim Jean-Baptiste Say fikriga koʻra, yalpi talab va yalpi taklif oʻrtasida tengsizlik vujudga kelishi mumkin emas, chunki yalpi taklifni oʻzi yalpi talabni vujudga keltiradi. Keyinchalik bu fikr Say qonuni boʻlib fanga kirdi. Klassik maktab vakillari oʻrganuvchi asosiy muammo resurslar taqchilligi hisoblangan. Shuningdek, ular iqtisodiy davrni qisqa va uzoq muddatlarga ajratishmas edi. Klassik maktab modeli Buyuk depressiya va Ikkinchi jahon urushi vaqtida deyarli ishlamadi, chunki iqtisodiyot shunday ogʻir ahvolda edi-ki, bozor muvozanatga kela olmas edi.
Avstriya maktabi
XIX asr soʻnggida Avstriya maktabi tashkil topgan. Maktab taʼlimoti marjinalizm gʻoyasi va inson xulq-atvori boʻyicha tadqiqotlarga asoslanar edi. Marjinalizmga doir dastlabki dastlabki fikrlar 1871-yilda avstriyalik iqtisodchi Carl Menger tomonidan yozilgan „Grundsätze der Volkswirtschaftslehre“ kitobida uchraydi. Bu maktab taʼlimotiga koʻra, inson xarakterining qiyinlik darajasi va bozor holatlarining doimiy oʻzgarib turishi sababli, iqtisodiyotda matematik modellashtirishni amalga oshirish imkonsiz. Shu sababli, iqtisodiy siyosatda erkin iqtisodiyot (laissez-faire) va iqtisodiy liberalizm tamoyillari asosiy hisoblanadi. Avstriya maktabining izdoshlari bozor ishtirokchilari (iqtisodiy agentlar) tomonidan tuzilgan shartnomalar erkinligini himoya qilish va bitimlarga aralashmaslik (ayniqsa, davlat tomonidan) tarafdorlari boʻlishganLudwig von Mises. Human Action, p. 11, „Purposeful Action and Animal Reaction“. Referenced 2011-11-23. Maktabning taniqli aʼzolari Carl Menger, Eugen von Böhm-Bawerk, Ludwig von Mises, Henry Hazlitt, Murray Rothbard va Nobel laureati Friedrich Hayek hisoblanadi.
Neoklassik maktab
Neoklassik maktab bozor iqtisodiyoti sharoitida davlatning aralashuvini cheklash gʻoyasini ilgari surgan. Maktab asoschisi Alfred Marshallning iqtisodiy gʻoyalari quyidagicha edi:
Monopoliyalarning vujudga kelishi jamiyat farovonligiga putur yetkazadi. Chekli naflilik va chekli xarajat qisqa muddatli oraliqda bozordagi tovarlar bahosini belgilovchi omillar hisoblanadi. Iqtisodiyotdagi hodisalar qisqa va uzoq muddatli oraliqda sodir boʻladi. Makroiqtisodiyotda uzoq muddatli davrda barcha oʻzgaruvchilar xususan, ish haqi, narxlar darajasi va iqtisodiy agentlar oʻzgaruvchan deb olinsa, qisqa muddatli davrda bu koʻrsatkichlarning biri yoki bir qanchasi oʻzgarishga ulgurmaydiPaul A. Samuelson and William D. Nordhaus (2004). Economics, 18th ed., Glossary of Terms, „Long run“ and „Short run.“. Uzoq muddatli oraliqda davlat oʻzining potensial ishlab chiqarish maksimumi va tabiiy ishsizlik darajasiga yetadi. Bu maktab vakillaridan Léon Walras umumiy iqtisodiy muvozanatlik modelini ishlab chiqishga, Joseph Schumpeter esa iqtisodiy tizimlar oʻzgarishning ichki kuchlarini koʻrsatib berishga harakat qilgan. Amerikalik iqtisodchi-matematik E. Roy Weintraub taʼkidlashicha, neoklassik iqtisodiyot quyidagi qoidalarga asoslanadi:
Iqtisodiy agentlar ratsional qaror qabul qilishadi.
Isteʼmolchilar naflilikni, firmalar foydani maksimallashtirishga intilishadi.
Iqtisodiy agentlar toʻliq va aktual axborotga asosan mustaqil qarorlar qabul qilishadi.
Alfred Marshall taklif etgan nazariya nafaqat marjinalistlarning naflilik nazariyasini, balki klassiklarning mehnat nazariyasini ham oʻz ichiga olardi. Yaʼni, talab va taklif egri chiziqlari berilganida talab oʻrniga chekli naflilik (marginal utility) va taklif rolida chekli xarajat (marginal cost) olinadi. Marshall fikriga koʻra, faqat talab yoki faqat taklifning oʻzigina narxni belgilamaydi: „Talab va taklif qogʻozni qirquvchi qaychining 2 uchiga oʻxshaydi“.
Keynschilik inqilobi
John Maynard Keynes 1936-yilda keynschilik maktabiga asos soldi. Bu vaqtga kelib, Buyuk Depressiya taʼsirida sodir boʻlgan jamiyatdagi yoʻqotishlar sababli, oʻzini oʻzi tartibga soluvchi klassik iqtisodiyot mavqeiga putur yetdi. Keynes Birinchi jahon urushi va 1929—1933 yillardagi Buyuk Depressiya tajribasidan kelib chiqib, klassik maktab taʼlimotlarini inkor qiluvchi xulosalarga keldi. Birinchidan, u bozorda faqat mukammal raqobat boʻlmasligini isbotlab berdi. Ikkinchidan, Keynes fikriga koʻra koʻra qisqa muddatli oraliqda narxlar talab va taklifdan qatʼiy nazar oʻzgarmay turishi mumkin. Keynschilik taʼlimotiga koʻra, iqtisodiyot har doim ham barqaror boʻlmaydi va shunday holatlarda davlat baʼzi muammolarni hal qilish uchun iqtisodiyotga aralashishi talab etiladi. Shu gʻoyasi sababli, Keynes aralash iqtisodiyot tarafdori hisoblangan. Keynschilik maktabining mashhur vakillari William Phillips, Ben Bernanke va James Tobin hisoblanishadi.