Sahobiya madrasasi () — Turkiyaning Qayseri shahridagi XIII asrga oid tarixiy madrasa.

Tarixi Madrasa Qayseri shahrining markazida joylashgan. Peshtoqdagi muqarnasli ravoqni oʻrab turgan yarim doira shaklidagi kamar yuzasiga oq marmardan ikki qator yozuv bitilgan. Ushbu yozuvga koʻra, madrasa Onadoʻli saljuqiylari sultoni Gʻiyosiddin Kayxusrav ibn Qilich Arslon hukmronligi davrida vazir Sohib ota Faxriddin Ali ibn Husayn buyrugʻiga binoan 1267–1268-yillarda qurilgan.

Meʼmorchiligi

Bino toʻgʻri toʻrtburchak shaklda qurilgan boʻlib, uning markazida hovli joylashgan. Madrasa Onadoʻli saljuqiylari meʼmorchiligi uslubida barpo etilgan. Uning old fasadi karvonsaroy koʻrinishiga ega. Madrasa bir qavatli boʻlib, toʻrtta ayvondan iborat. Baland, gumbazsimon ravoq bilan yopilgan peshtoq binoning janubiy tomonida, fasad markazida joylashgan. Peshtoq geometrik va oʻsimlik shaklidagi naqshlar bilan bezatilgan boʻlib, Onadoʼli saljuqiylari meʼmorchiligining soʻnggi davriga xos xususiyatlarni namoyon etadi.

Hovlining shimoliy tomonidagi asosiy ayvon markazda joylashgan boʻlib, uning ustki qismi uchli, bochka shaklidagi gumbaz bilan yopilgan. Shimoliy tomondagi devorning oʻrtasidan keyinchalik eshik ochilgan. Binoning eski fotosuratlaridan asosiy ayvonning ikki yonidagi har ikkala xona dastlab gumbaz bilan yopilganini bilish mumkin. Madrasa toʻliq yoʻnilgan toshlardan qurilgan.

Madrasa peshtoqi nafis tosh oʻymakorligi bilan bezatilgan. Tashqi qismidan ichkariga tomon pogʻonama-pogʻona chuqurlashib boruvchi hoshiyalarda, asosan, oʻzaro tutashgan murakkab geometrik naqshlar ishlangan.

1960-yillarda madrasada keng koʻlamli taʼmirlash ishlari olib borilgan. Bu jarayonda katta qismi qulab tushgan asosiy devorlar, ayvon ravoqlari va peshtoq qayta tiklanib, yetishmayotgan qismlari toʻldirilgan. Asosiy ayvonning gʻarbiy tomonidagi xonaning qulab tushgan gumbazi ham beton yordamida qayta qurilgan. Hozirda madrasa binosidan bozor sifatida foydalaniladi.

Manbalar .

Havolalar

Turkum:1268-yilda qurib bitkazilgan binolar va inshootlar Turkum:Qayseridagi binolar va inshootlar Turkum:Turkiyadagi madrasalar