Bobo Hatim ziyoratgohi, shuningdek, Bobo Hatim maqbarasi, Bobo Hatim qabri, Salar Xalil qabri (Salar Kalil, Salar Chalil Sayyid) nomlari bilan ham tanilgan maqbara yoki ziyoratgoh. Afgʻonistonning Tojikiston bilan chegaradosh Qunduz viloyatidagi Imom Sohib shaharchasi tashqarisida joylashgan. Maqbara majmuasi XI—XII asrlarda qurib bitkazilgan.
Taʼmirlash ishlari Maqbara 1978–1979-yillarda Afgʻonistondagi Fransiya arxeologik missiyasi () va Afgʻoniston arxeologiya instituti tomonidan taʼmirlangan. Taʼmirlashdan oldin maqbara devorlari mustahkamligini yoʻqotgan, tashqi devorlarning yuqori qismidagi ayrim gʻishtlar tushib ketgan edi. Taʼmirlash jarayonida devorlarning dastlabki qurilgan paytidagi balandligi aniqlanib, yetishmayotgan gʻishtlar qayta terib chiqilgan. Shu tariqa maqbaraning tashqi koʻrinishi dastlabki kubsimon shakliga keltirilgan, burchaklariga oʻrnatilgan sakkiz qirrali toʻrtta kichik ustun ham tiklangan. Gumbaz yangi qurilish qorishmasi (gʻisht, tosh yoki boshqa materiallar qorishmasi) yordamida qayta yigʻilgan, tashqi yuzasi suvalib, atrofiga gʻishtdan toʻrtta halqa hosil qiluvchi boʼrtma bezaklar ishlangan. Gumbazning aylana va sakkiz qirrali asos qismlari ham qayta qurilib, tepasiga metall bezak oʻrnatilgan.
Meʼmorchiligi Bobo Hatim ziyoratgohi XI asr oxiri yoki XII asr boshlarida pishiq gʻishtdan qurilgan, usti gumbaz bilan yopilgan toʻrtburchak shakldagi maqbaradir.
Maqbara devorlarida gʼishtlar puxta terilgan boʼlib, ular bir vaqtning oʻzida ham binoning asosiy konstruksiyasini, ham tashqi bezagini hosil qiladi. Archnet maʼlumotlariga koʻra, binoning tashqi devorlarida gʻishtlarni turli usullarda terish orqali geometrik naqshlar va boʻrtma bezaklar hosil qilingan. Bunday bezaklar mintaqada Saljuqiylar davri meʼmorchiligiga xos xususiyatlardan hisoblanadi. Sodda bezaklar va ixcham mutanosiblik uygʻunligi ilk Saljuqiylar davri maqbaralari meʼmorchiligiga xos aniqlik va soddalikni namoyon etadi.
Maqbara ichida dafn etiladigan xona joylashgan boʻlib, unda kichik, hech qanday yozuv tushirilmagan ramziy qabr toshi mavjud. Uning bosh tomoni kirish eshigi tomonga qaratilgan. Ichki devorlar va bagʻallar ganch bilan bezatilgan. Tokchalar, bagʻallar va gumbaz ostidagi gardish qismida geometrik naqshlar, oʻyma gul bezaklari hamda kufiy yozuvlar bitilgan hoshiyalar mavjud. Gul naqshlarining ayrimlari yon tomondan qaralganda togʻ echkisi boshini eslatadigan tarzda ishlangan. Vaqt oʻtishi bilan bezaklarning katta qismiga shikast yetgan boʻlsa-da, ularning ayrim qismlari saqlanib qolgan va taʼmirlash ishlari davomida qayta tiklangan.
Afgʻoniston arxeologiya instituti va Afgʻonistondagi Fransiya arxeologik missiyasi 1978–1979-yillarda maqbarani sinchkovlik bilan taʼmirlagan. Taʼmirlash jarayonida gumbazning gardish qismi va tepasidagi bezagi qayta ishlangan, tashqi devorlardagi yetishmayotgan gʻishtlar oʻrni toʻldirilib, maqbaraning dastlabki kubsimon shakli tiklangan. Shuningdek, binoning dastlabki tarhi va sakkiz qirrali kichik ustunlar, gʻisht hamda ganchdan ishlangan oʻziga xos bezaklar kabi meʼmoriy xususiyatlarini saqlab qolishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Yana qarang
Afgʻonistonda islom
Manbalar
Havolalar
Turkum:Islomiy maqbaralar Turkum:Afgʻonistondagi maqbaralar