Bernardo Bertoluchchi (; 1941-yil 16-mart, Parma — 2018-yil 26-noyabr, Rim) — italiyalik kinorejissyor va ssenariynavis. U zamonaviy kino sanʼatining eng nufuzli va sermahsul namoyandalaridan biri sifatida eʼtirof etiladi. „Soʻnggi imperator“ (1987) filmi bilan eng yaxshi rejissyor uchun „Oscar“ mukofotini olgan birinchi italiyalik rejissyor boʻlgan, shuningdek, BAFTA, „Sezar“ va ikki marta „Oltin globus“ mukofotlari, Venetsiyada „Oltin sher“ va Cannes kinofestivalida faxriy „Oltin palma novdasi“ egasidir.
Bertoluchchi 22 yoshida Per Paolo Pazolini yordamchisi sifatida kinoga kirib, shu yoshda rejissyor sifatida debyut qilgan. Uning filmlarida koʻpincha siyosat, insoniy munosabatlar, tarix, ijtimoiy tabaqalanish va jamiyatdagi turli yopiq mavzularni keng yoritadi.
Biografiyasi
Bertoluchchi Italiyaning Emilia-Romagna viloyatidagi Parma shahrida tugʻilgan. U oʻqituvchi Ninetta va shoir, sanʼatshunos hamda kino tanqidchisi Attilio Bertoluchchi oilasida voyaga yetgan. U 15 yoshidanoq ijod qila boshlagan hamda oʻzining ilk kitobi uchun „Premio Viareggio“ adabiy mukofotiga loyiq koʻrilgan. Otasi Pier Paolo Pasolinining birinchi romanini nashr etishga yordam bergan edi, Pasolini esa Bernardoni oʻzining „Akkattone“ (1961) filmida birinchi yordamchi rejissyor qilib olgan. 1958–1961-yillarda Sapienza universitetining zamonaviy adabiyot fakultetida oʻqigan, ammo uni tamomlamay tark etgan. Ukasi Juzeppe (1947–2012) teatr rejissyori va dramaturg boʻlgan.
Bertoluchchi 2018-yil 26-noyabrda Rimda 77 yoshida oʻpka saratonidan vafot etgan.
Kino faoliyati
1962-yilda Pasolini ssenariysi asosida birinchi toʻliq metrajli filmi „Ajal“ (La commare secca)ni suratga olgan. Rejissyorning 1964-yilda chiqarilgan „Inqilobdan oldin“ nomli ikkinchi filmi Italiyada sovuq kutib olingan boʻlsada, xalqaro miqyosda kinotanqidchilar tomonidan yuqori baholandi va keyinchalik rejissyor ijodidagi eng muhim asarlardan biri sifatida eʼtirof etildi. Rejissyorning Moravia Alberto romani asosidagi „Konformist“ (1970) filmi „Oscar“ mukofotining eng yaxshi moslashtirilgan ssenariy nominatsiyasiga va Berlin kinofestivalining „Oltin ayiq“ mukofotiga nomzod boʻlgan.
1972-yilgi „Parijdagi soʻnggi tango“ (Marlon Brando va Mariya Shnayder ishtirokida) kuchli bahslarga sabab boʻlgan. Filmdagi zoʻrlash sahnasi jamoatchilik tomonidan keskin tanqid qilingan. Aktrisa Mariya Shnayder keyinchalik ushbu jarayonda oʻzini kamsitilgan va jinsiy zoʻravonlikka uchragandek his qilganini bayon etgan. Rejissyor Bertoluchchi esa 2013-yilda bergan intervyusida aktrisadan kadrda chinakam gʻazab va tushkunlik emotsiyasini olish maqsadida sariyogʻdan lubrikant sifatida foydalanish gʻoyasini undan sir saqlaganini tan olgan. Italiya sudining qarori bilan film musodara etildi, Bertoluchchi esa toʻrt oylik shartli qamoq jazosiga tortilib, besh yilga saylov va fuqarolik huquqlaridan mahrum qilindi. Keyingi filmlari — tarixiy epopeya „1900“ (1976), „Oy“ (1979) va „Kulgili odamning fojiasi“ (1981) ham bahsli, ammo yuqori baholangan.
Xitoyning oxirgi imperatori Pui hayotiga bagʻishlangan „Soʻnggi imperator“ (1987) filmi tanqidchilar va tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan, u 60-"Oscar" marosimida nomzod boʻlgan toʻqqizta nominatsiyaning barchasini, shu jumladan eng yaxshi film va eng yaxshi rejissyor mukofotlarini qoʻlga kiritgan. Bu film Xitoy hukumati taqiqlangan shaharda (Imperator saroyi) suratga olishga ruxsat bergan birinchi badiiy film boʻlgan. U „Sharq trilogiyasi“ deb ataluvchi uch film — „Soʻnggi imperator“, „Panoh boʻlguvchi osmon“ (1990) va „Kichik Budda“ (1993) — ning birinchisi edi. Keyin Bertoluchchi Italiyaga qaytib, „Goʻzallikni oʻgʻirlash“ (1996) va „Orzu qiluvchilar“ (2003) filmlarini suratga olgan.
2007-yilda Venetsiya kinofestivalida butun faoliyati uchun „Oltin sher“, 2011-yilda esa Cannes kinofestivalida faxriy „Oltin palma novdasi“ bilan taqdirlangan. Uning oxirgi asari boʻlmish „Men va sen“ filmi Nikkolo Ammaniti romani asosida yaratilgan boʻlib, 2012-yili Cannes kinofestivalining tanlovdan tashqari namoyish etiladigan filmlar qatoridan joy oldi. Uning vafotidan sal oldin yozilgan oxirgi ssenariysi „Aks-sado xonasi“ 2026-yilda italiyalik rejissyor Andrea Pallaoro tomonidan filmga aylantirilgan.
Filmografiyasi
Badiiy filmlari
Yil Film nomi Asl nomi Rejissyor Ssenariychi 1962 „Ajal“ La commare secca 1964 „Inqilobdan oldin“ Before the Revolution (Prima della rivoluzione) 1967 „Milliard dollarlik ballada“ Ballata da un miliardo 1968 „Bir paytlar Gʻarbda“ Once Upon a Time in the West Hikoya muallifi 1968 „Sherik“ Partner 1970 „Konformist“ The Conformist (Il conformista) 1972 „Parijdagi soʻnggi tango“ Last Tango in Paris 1976 „1900“ 1900 (Novecento) 1979 „Oy“ La Luna 1981 „Kulgili odamning fojiasi“ Tragedy of a Ridiculous Man (La tragedia di un uomo ridicolo) 1987 „Soʻnggi imperator“ The Last Emperor 1990 „Panoh boʻlguvchi osmon“ The Sheltering Sky 1993 „Kichik Budda“ Little Buddha Hikoya muallifi 1996 „Goʻzallikni oʻgʻirlash“ Stealing Beauty 1998 „Qamal ostida“ Besieged 2001 „Sevgi tantanasi“ Triumph of Love 2003 „Orzu qiluvchilar“ The Dreamers 2012 „Men va sen“ Me and You (Io e te) 2026 „Aks-sado xonasi“ The Echo Chamber
Qisqa metrajli filmlari
Yil Film nomi Izoh 1956 „Choʻchqaning oʻlimi“ (The Death of a Pig) 1956 „Kanat“ (The Cable) Shuningdek montajchi va operator 1969 „Azob“ (Agony) „Sevgi va gʻazab“ (Love and Anger) filmining qismi 2002 Histoire d’eaux „Oʻn daqiqaga ulgʻaygan: Cello“ (Ten Minutes Older: The Cello) filmining qismi
Manbalar
Turkum:16-martda tugʻilganlar
Turkum:1941-yilda tugʻilganlar
Turkum:2018-yilda vafot etganlar
Turkum:Italiyalik kinorejissyorlar