Jean-Luc Godard (; 1930-yil 3-dekabr, Parij — 2022-yil 13-sentyabr, Roll, Shveytsariya) — fransuz va shveytsariyalik kinorejissyor, ssenariynavis va kino tanqidchisi. U 1960-yillarda Fransuz yangi toʻlqini kino harakatining namoyandalari sifatida François Truffaut, Agnès Varda, Éric Rohmer va Jacques Demy bilan bir qatorda katta shuhrat qozondi. Urushdan keyingi davrning eng taʼsirli fransuz kinoijodkori hisoblanadi. Uning asarlari oʻziga xos hikoya qilish uslubi, uzluksiz montaj tizimi hamda tovush va operatorlik sanʼatidagi eksperimentlari bilan kino sanʼatini tubdan yangiladi.
Dastlab „Cahiers du Cinéma“ („Kino daftarlari“) jurnalida tanqidchi sifatida ishlagan Godar fransuz kinosining „sifat anʼanasi“ni tanqid qilib, Alfred Hitchcock va Howard Hawks kabi Gollivud rejissyorlarini qoʻllab-quvvatlagan. Keyin oʻzi ham film suratga olishga kirishgan. Filmlarida kino tarixiga koʻp ishoralar bor va ular koʻpincha uning siyosiy qarashlarini ifodalagan, 1969-yilda boshqa radikal kinoijodkorlar bilan „Dziga Vertov guruhi“ni tuzgan.
Biografiyasi
Godar 1930-yil 3-dekabrda Parijning 7-okrugida shveytsariyalik shifokor Pol Godar va Odil (qizlik familiyasi Mono) oilasida tugʻilgan. U toʻrt yoshga toʻlganda oilasi Shveytsariyaga koʻchib ketgan. Godar urush yillarining koʻp qismini Shveytsariyada oʻtkazgan va Nyon shahridagi maktabda oʻqigan.
U yoshligida kinoga kam borgan boʻlsada, kino olamiga kirib kelishini André Malrauxning kino psixologiyasi haqidagi essesi hamda 1946-yilda qayta nashr etila boshlagan „La Revue du cinéma“ jurnalini mutolaa qilish bilan bogʻlaydi. 1946-yilda Parijdagi Byuffon litseyida oʻqiy boshlagan, 1948-yilda bakalavr imtihonidan oʻta olmay Shveytsariyaga qaytgan, 1949-yilda imtihonni topshirib, Parijga qaytib kelgan va Sorbonne universitetida antropologiya yoʻnalishiga yozilgan, ammo darslarga qatnashmagan.
1950-yil arafasida Parijning Lotin kvartalida kino klublar mashhur boʻla boshlagan edi. Godar Fransuz sinematekasi va boshqa kino klublarning doimiy qatnashchisiga aylangan va u yerda Claude Chabrol hamda François Truffaut bilan tanishgan. Éric Rohmer va Jacques Rivette bilan birga 1950-yilda qisqa umr koʻrgan „La Gazette du cinéma“ jurnaliga asos solgan. 1951-yilda André Bazin „Cahiers du Cinéma“ jurnalini tashkil etgach, Godar u yerda maqolalari nashr etilgan birinchi yosh tanqidchilardan biri boʻlgan. 1950-yillar oʻrtalarida Shveytsariyada Grande Dixence toʻgʻoni haqida „Beton operatsiyasi“ (Opération béton, 1954) nomli birinchi qisqa metrajli hujjatli filmini suratga olgan.
2022-yil 13-sentyabrda Godar 91 yoshida Rolldagi uyida vafot etgan. Uning huquqiy maslahatchisiga koʻra, oʻlim holati Shveytsariyada qonuniy hisoblangan koʻmak ostida oʻz joniga qasd qilish tartibida yuz bergan, tibbiy xulosada esa rejissyorda „hayotiy faoliyatni cheklovchi bir nechta ogʻir kasalliklar“ mavjudligi qayd etilgan. Godarning yagona yaqin qarindoshi — 1970-yillar boshidan hamkori boʻlgan, u bilan 2010-yillarda turmush qurgan shveytsariyalik rejissyor Anne-Marie Miéville edi.
Kino faoliyati
1950-yillar oxirida Godar bir nechta qisqa metrajli film suratga olgan, ulardan oxirgisi — Jean-Paul Belmondo ishtirokidagi „Sharlotta va uning yigiti“ (1958). 1959-yilda u Trufoning 1956-yildagi mayda jinoyatchi Mishel Portay haqidagi hikoyasini olib, uni prodyuser Georges de Beauregard yordamida toʻliq metrajli filmga aylantirgan. Bu — „Oxirgi nafasda“ (À bout de souffle, 1960) filmi edi, bosh rollarda Jean-Paul Belmondo va Jean Seberg. Filmda tasvir kesilishidagi „sakrash“lar (avval havaskorlik belgisi hisoblangan), qahramonning tomoshabinga murojaati kabi yangiliklar qoʻllangan, ssenariy suratga olish kunlarida, maydonchaning oʻzida yozilgani sababli filmga hujjatli kino tusi berilgan. 1960-yil yanvarida Godar bu film uchun Jan Vigo mukofotiga sazovor boʻlgan.
1960-yilda „Kichik askar“ni suratga olgan, unda boʻlajak rafiqasi Anna Karina ilk marta ishtirok etgan. Jazoir mustaqillik urushi haqidagi bu film siyosiy mazmuni sababli ikki yil senzuraga uchragan va 1963-yilda chiqqan. Karina bilan hamkorlikda „Ayol — bu ayol“ (1961, Godarning birinchi rangli filmi), „Oʻz hayotini yashash“ (1962), „Begonalar“ (1964) va „Telba Pyero“ (1965) kabi filmlarni yaratgan, bularning oxirgi uchtasi „Filmmaker“ jurnali tomonidan kino tarixidagi eng taʼsirli asarlar majmuasi deb atalgan. 1963-yilda Brigitte Bardot va Michel Piccoli ishtirokidagi „Nafrat“ filmi rejissyor faoliyatiga eng katta tijoriy muvaffaqiyatni olib kelgan. 1964-yilda Godar va Karina „Anouchka Films“ prodyuserlik kompaniyasini tuzgan. Keyingi filmlari — „Alfavil“ (1965, fantastika, film nuar va satira uygʻunligi), „Erkak — ayol“ (1966), „U haqda bilgan ikki-uch narsam“ (1967), oʻsha davrdagi talabalar harakatiga bagʻishlab „Xitoylik qiz“ (1967) va „Hafta oxiri“ (1967) filmlarini suratga oldi. „Hafta oxiri“ning yakuniy titridagi „Kino oxiri“ yozuvi Godar ijodidagi syujetli (hikoyaviy) kino davri tugaganiga ramziy ishora edi.
1968-yil may voqealaridan ilhomlangan Godar Trufo bilan birga oʻsha yilgi Cannes kinofestivalini talabalar va ishchilar bilan birdamlik belgisi sifatida toʻxtatgan. U Jean-Pierre Gorin bilan „Dziga Vertov“ kino jamoasini tashkil qilgan va 1968–1973-yillarda maoistik mafkurani targʻib qiluvchi beshta film suratga oldi. Ularning eng mashhuri — Yves Montand va Jane Fonda ishtirokidagi yirik byudjetli „Hammasi yaxshi“ (1972) edi. 1980-yilda „Har kim oʻzi uchun“ filmi bilan anʼanaviy kinoga qaytgan, 1985-yilgi „Salom, Mariya“ Rim-katolik cherkovi tomonidan bidʼatda ayblangan.
Rejissyorning keyingi filmlari qatorida „Sevgi madhida“, Sarayevo urushi va umuman urush muammolari haqidagi „Bizning musiqamiz“ (2004), „Film sotsializm“ (2010) va 3D formatida suratga olingan „Tilga alvido“ (2014) filmlari mavjud, ulardan soʻnggisi Cannes kinofestivalida hakamlar hayʼati mukofotini qoʻlga kiritgan. Oxirgi yirik asari „Rasmli kitob“ (2018) 2018-yilgi Cannes kinofestivalida maxsus „Oltin palma novdasi“ bilan taqdirlangan.
Filmografiyasi
Badiiy filmlari
Yil Film nomi Asl nomi 1960 „Oxirgi nafasda“ À bout de souffle 1961 „Ayol — bu ayol“ Une femme est une femme 1962 „Oʻz hayotini yashash“ Vivre sa vie 1963 „Kichik askar“ Le petit soldat 1963 „Karabinerlar“ Les Carabiniers 1963 „Nafrat“ Le Mépris 1964 „Begonalar“ Bande à part 1964 „Turmushga chiqqan ayol“ Une femme mariée 1965 „Alfavil“ Alphaville 1965 „Telba Pyero“ Pierrot le Fou 1966 „Erkak — ayol“ Masculin Féminin 1966 „AQShda ishlab chiqarilgan“ Made in U. S.A 1967 „U haqda bilgan ikki-uch narsam“ Deux ou trois choses que je sais d’elle 1967 „Xitoylik qiz“ La Chinoise 1967 „Hafta oxiri“ Week End 1969 „Oʻrganish zavqi“ Le Gai Savoir 1970 „Sharqdan esayotgan shamol“ Vent d’est 1971 „Italiyada kurash“ Lotte in Italia 1971 „Vladimir va Roza“ Vladimir et Rosa 1972 „Hammasi yaxshi“ Tout va bien 1975 „Ikkinchi raqam“ Numéro deux 1976 „Ishlar qalay“ Comment ça va 1980 „Har kim oʻzi uchun“ Sauve qui peut (la vie) 1982 „Ehtiros“ Passion 1983 „Ismi — Karmen“ Prénom Carmen 1985 „Salom, Mariya“ Je vous salue, Marie 1985 „Detektiv“ Détective 1987 „Qirol Lir“ King Lear 1987 „Oʻng qoʻlingni baland tut“ Soigne ta droite 1990 „Yangi toʻlqin“ Nouvelle Vague 1991 „Germaniya, 90-yil, toʻqqiz nol“ Allemagne année 90 neuf zéro 1993 „Voy, holimga“ Hélas pour moi 1996 „Abadiy Motsart“ For Ever Mozart 2001 „Sevgi madhida“ Éloge de l’amour 2004 „Bizning musiqamiz“ Notre musique 2010 „Film sotsializm“ Film Socialisme 2014 „Tilga alvido“ Adieu au langage 2018 „Rasmli kitob“ Le livre d’image
Hujjatli filmlari
Yil Film nomi Asl nomi 1968 „Boshqa filmlarga oʻxshagan“ Un film comme les autres 1968 „Iblisga xayrixohlik“ Sympathy for the Devil (One Plus One) 1969 „Britaniya tovushlari“ British Sounds 1972 „Jeynga maktub“ Letter to Jane 1976 „Bu yerda va boshqa joylarda“ Ici et ailleurs 1988 „Kino tarixi“ Histoire(s) du cinéma 1994 „JLG/JLG — dekabr oyidagi avtoportret“ JLG/JLG, autoportrait de décembre
Manbalar
Turkum:3-dekabrda tugʻilganlar
Turkum:1930-yilda tugʻilganlar
Turkum:2022-yilda vafot etganlar
Turkum:Fransiyalik kinorejissyorlar