Ruminiya (rumincha: Romania) — Yevropaning janubi-sharqida joylashgan davlat. Maydoni — 238,391 km². Aholisi — 21,33 mln. kishi (2012). Poytaxti — Buxarest shahri. Maʼmuriy jihatdan 40 uyezd (iudet) ga tenglashtirilgan Buxarest munitsipiyasiga boʻlinadi.
Davlat tuzumi Ruminiya — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1991-yil 8-dekabrdagi umumxalq referendumida maʼqullangan. Davlat boshligʻi — prezident. U aholi tomonidan umumiy toʻgʻri, teng va yashirin ovoz berish yoʻli bilan 4 yil muddatga saylanadi va 2 muddatdan ortiq lavozimda qolishi mumkin emas. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 2 palatali parlament, ijro hokimiyatini hukumat amalga oshiradi.
Tabiati Ruminiya hududining aksari qismini togʻlar va tepaliklar (oʻrtacha balandligi 800 m) egallaydi. Asosiy togʻ tizmasi — Karpat mamlakat hududida katta yoy shaklini hosil qiladi (eng baland nuqtasi — Moldovyanu togʻi, 2 544 m). Karpat togʻlarida kuchli zilzilalar boʻlib turadi. Transilvaniya platosi va Gʻarbiy Ruminiya togʻlari ham Karpat tizmasiga mansub. Janubda Quyi Dunay pasttekisligi va Gʻarbda Oʻrta Dunay pasttekisligi joylashgan. Dunay etaklari bilan Qora dengiz oraligʻida Dobruja platosi choʻzilgan. Ruminiya hududida Qora dengiz sohilining uzunligi 245 km. Konstansadan shimolroqda qirgʻoqlari aksari qismi past, ayrim joylari botqoq, qum tillari va liman (qoʻltiqcha)lar bilan parchalangan, qirgʻoqqa yaqin joylarda orol koʻp. Foydali qazilmalardan neft va gaz, toshkoʻmir, temir, polimetall, mis va oltin rudalari, boksit, toshtuz konlari topilgan. Iqlimi — moʻtadil kontinental iqlim.
Eng katta daryosi — Dunay. Uning asosiy irmoqlari: Prut, Siret, Olt, Yalomitsa. Pasttekisliklarda, asosan, unumdor qora tuproq; balandliklarda qoʻngʻir va kulrang; oʻrmon, togʻlarda, asosan, togʻoʻtloq tuproqlar tarqalgan. Daryo yaqinlarida oʻtloq, qamishzor, oʻrmonlar bor. Transilvaniya platosi, Moldaviya qiri, Dobrujaning eng baland joylari va Karpat togʻ oldida (400–700 m balandlikkacha) qoraqayin aralash emanzorlar mavjud. Karpat togʻlarida (800–1 200 m balandlikkacha) qoraqayinlar, balandroqda (1 500–1 800 m gacha) igna bargli daraxtlar oʻsadi. Togʻlarning eng baland joylari subalp va alp oʻtloqlari bilan band.
Hayvonot dunyosi xilma-xil. Oʻrmonlarda boʻri, tulki, qoplon, boʻrsiq, quyon, olmaxon, qushlardan boyoʻgʻli, qizilishton, kakku va boshqalar yashaydi. Togʻ echkisi, toʻngʻiz, ayiq, bugʻu, dashtlarda sugʻur, yumronqoziq, dala sichqoni uchraydi. Ruminiya hududida Retezat milliy bogʻi va bir necha qoʻriqxona tashkil etilgan. Aholisi Aholisining 90% ga yaqini ruminlar. Venger, nemis, loʻlilar, ukrain, serblar va ruslar ham yashaydi. Rasmiy til — rumin tili. Shahar aholisi 55,4%. Dindorlarining aksariyati — pravoslav xristianlar. Yirik shaharlari: Buxarest, KlujNapoka, Timishoara, Yassi, Brashov, Galats, Krayova, Konstansa, Ployeshti.
Tarixi Ruminiya hududida ilk paleolit davridan buyon odam yashaydi. Transilvaniya, Moldova va Valaxiyada dak qabilalari yashagan. Miloddan avvalgi I asr oʻrtalarida getdaklar qabila ittifoqi shakllanib, keyinchalik uning asosida davlat paydo boʻla boshlagan. I asr boshlarida daklar yashaydigan hududni Rim bosib olib, Dakiya nomi bilan oʻz viloyatiga aylantirdi, daklar esa romanlashtirildi. 271-yil Rim imperiyasi inqirozga uchrashi natijasida rimliklar Dakiyadan chiqib ketishga majbur boʻldi. Keyinroq bu yerlarga xunnlar, gepidlar, avarlar kirib kela boshladi. VI-VII asrlarda slavyanlar koʻchib kelib oʻrnashdi. VIII—X asrlarda Ruminiya hududining talaygina qismi Birinchi Bulgʻor podsholigi tarkibiga kirdi. X-XI asrlarda bijanaklar, qipchoqlar, XIII asrda moʻgʻullar bostirib keldi. XIV asrda ikki mustaqil davlat — Valaxiya va Moldova knyazliklari tashkil topdi. XVI asrga kelib, ular Usmonli turk imperiyasi qoʻl ostiga oʻtdi. 1688-yil Transilvaniya Gabsburglar davlatiga qoʻshib olindi. XVII—XIX asrdagi Rossiya—Turkiya urushlari natijasida Usmonli imperiyasi zaiflashdi, bu esa Valaxiya va Moldova xalqlarining milliy ozodlik kurashiga qulay sharoit yaratdi. Valaxiya va Moldova knyazliklari muxtoriyatga erishdi, ularning xalqlari yagona davlat (1861-yildan Ruminiya)ga birlashdilar. 1862-yil Buxarestda milliy majlis chaqirilib, yagona hukumat tuzildi. 1877-yilda Ruminiya toʻla mustaqillikka erishdi va 1881-yil qirollik deb eʼlon qilindi.
Birinchi jahon urushi boshlarida Ruminiya Antanta davlatlari bilan ittifoq tuzib, Avstriya-Vengriya hududining bir qismini qoʻshib oldi va urushga kirishdi. Urush natijasida Ruminiya hududi va aholisi ikki baravar koʻpaydi: 1918-yil unga Transilvaniya qoʻshib berildi. Shu yili Bessarabiya va Shimoliy Bukovinani bosib oldi.
1929—1933-yillardagi jahon iqtisodiy boʻhroni Ruminiya sanoati (neftdan tashqari) va qishloq-xoʻjaligiga salbiy taʼsir qildi. 1928—1933-yillarda hukumat tepasiga vaqti-vaqti bilan millatchi tsaranistlar partiyasi kelib, mamlakat iqtisodiyotini gʻarbga tobe qilib qoʻydi. Natijada Ruminiyaning gʻarbga qaram boʻlishi kuchaydi. 1926-yil chet elga badargʻa qilingan taxt vorisi Karol 1930-yil mamlakatga qaytib keldi va Karol II nomi bilan taxtga chiqdi. 1931-yil „Temir gvardiya“ degan fashistik tashkilot tuzildi. 1939-yil martda Ruminiya bilan Germaniya oʻrtasida tuzilgan iqtisodiy bitim mamlakat iqtisodiyotini asoratga soldi.
Ikkinchi jahon urushi boshlanishida Ruminiya hukumati betaraflik siyosatini eʼlon qildi, lekin 1940-yil yozida bundan voz kechdi. Mamlakat fashizm yoʻliga oʻtdi. Oʻsha yil 23-noyabrda Ruminiya Berlin paktiga qoʻshildi va Ikkinchi jahon urushida qatnasha boshladi. 1944-yil 23-avgustda Ruminiya hukumati agʻdarib tashlandi. Mamlakatning yangi hukumati 24-avgust kuni Germaniyaga urush eʼlon qildi. 1944-yil 25-oktabrda Ruminiya hududi batamom ozod etildi. 1947-yil monarxiya tugatilib, Ruminiya Xalq Respublikasi eʼlon qilindi (1965-yil 21-avgustdan 1989-yil 22-dekabrgacha Sotsialistik Respublika deb atalgan).
1948—1989-yillarda Ruminiya Kompartiyasi (1921-yil tashkil etilgan, 1948—1965-yillarda Ruminiya Ishchi partiyasi deb nomlangan) hukmronligi davrida mamlakat Sovet Ittifoqi taʼsirida boʻldi. Ayniqsa, N.Chaushesku diktatorlik rejimi (1965—1989-yillar) davlat rivojiga halokatli taʼsir qildi. 1989-yil qoʻzgʻoloni natijasida hukumat agʻdarib tashlandi, Chaushesku qatl etildi, Ruminiya KP tugatildi, mamlakat nomi oʻzgartirilib, „Ruminiya“ deb atala boshladi. Hokimiyat tepasiga Milliy qutqarish fronti kengashi, 1990-yil fevraldan Muvaqqat milliy kelishuv kengashi keldi. 1990 va 1992-yillarda birinchi marta demokratik saylov oʻtkazildi. Ruminiya — 1955-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Ruminiya suverenitetini 1991-yil 20-dekabrda tan olgan va 1995-yil 6-oktabrda diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan.
Milliy bayrami — 1-dekabr — Ruminiya milliy kuni (1918).
Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari Demokratik partiya, 1993-yil asos solingan; Milliy liberal partiya, 1990-yil roʻyxatga olingan; Ruminlar milliy birligi partiyasi, 1990-yil tuzilgan; Ruminiya Sotsial Demokratik partiyasi (Partidul Social Democrat), 2001-yil Ruminiya Sotsial Demokratiya partiyasi (Partidul Democraţiei Sociale in România) bilan Rumin Sotsial Demokratik partiyasi (Partidul Social Democrat Român) qoʻshilishi natijasida tashkil topgan; Ruminiya vengerlari demokratik ittifoqi, 1989-yil tuzilgan; Bukj Ruminiya partiyasi, millatchi partiya. Ruminiya erkin kasaba uyushmalari milliy konfederatsiyasi, 1993-yil tuzilgan; Milliy kasaba uyushma bloki; „Alfa“ milliy kasaba uyushma karteli.
Xoʻjaligi Ruminiya — industrial-agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 41%, qishloq va oʻrmon xoʻjaligining ulushi 19%, xizmat koʻrsatish tarmogʻi ulushi 40%.
Sanoati Ishlab chiqarish vositalari ishlab chiqaruvchi tarmoqlar ustun (?!). Yoqilgʻi-energetika bazasining negizini gaz, koʻmir va neft tashkil etadi. Elektr energiyaning koʻp qismi issiqlik elektr stansiyalarida hosil qilinadi (1-yilda oʻrtacha 55 mlrd. kVtsoat). Neft konlari, asosan, Janubiy va Sharqiy Karpat etaklarida joylashgan. Temir, boksit, polimetall rudalari, mis, oltin, toshtuz va hokazo qazib olinadi. Neftni qayta ishlashning asosiy markazlari — Ployeshti, Brazi, Piteshti, Dermeneshti. Metallsozlik, qora va rangli metallurgiya rivojlangan. Slatinada alyuminiy, Kopsha-Mikeda qoʻrgʻoshin va rux, Baya-Mareda mis eritiladi. Mashinasozlik, asosan, neft qazib olish va uni qayta ishlash, kimyo sanoati, yengil va oziq-ovqat sanoati, energetika uchun texnologiya mashina uskunalari va elektrtexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Avtobuslar, temir yoʻl transporti vositalari, qurilish mashinalari, kemalar va traktorlar ham ishlab chiqariladi. Kimyo sanoatining asosiy mahsulotlari: soda, xlor, oltingugurt kislotasi, mineral oʻgʻit, sintetik kauchuk, plastmassa, smola, kimyoviy tola, dori-darmon, boʻyoq, lak va boshqalar. Binokorlik materiallari ishlab chiqarish, sellyulozaqogʻoz, yogʻochsozlik (ayniqsa, mebel), toʻqimachilik tarmoqlari rivojlangan. Oziq-ovqat (meva va sabzavot konservalari, yogʻ, vino, pishloq) sanoatining ham salmogʻi katta. Asosiy sanoat markazlari: Buharest, Konstansa, Yassi va Timishoara..
Qishloq xoʻjaligiga yaroqli barcha yerlar salkam 15 mln. gektar. Shundan salkam 2,5 mln. gektari sugʻoriladi. Dehqonchilik ustun. Asosiy ekinlari: makkajoʻxori, bugʻdoy, arpa, suli. Texnika ekinlaridan qand lavlagi va kungaboqar yetishtiriladi. Sabzavotchilik, bogʻdorchilik va uzumchilik (asosan, vinobop navlar) rivojlangan. Goʻsht chorvachiligi yetakchi: qoramol, choʻchqa, qoʻy, echki boqiladi. Baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik, pillachilik, oʻrmon xoʻjaligi rivojlangan. Qishloq xoʻjaligi mamlakatning oziq-ovqatga boʻlgan ehtiyojini 60% qondiradi.
Tashqi iqtisodiy aloqalari Ruminiya chetga traktor, avtomobil, transport vositalari, kimyoviy oʻgʻit va neft mahsulotlari, qora metallar prokati, quvur, mebel, sement, poyabzal, gazlama, tovush yozish apparatlari, mineral xom ashyo chiqaradi. Chetdan turli mashinamexanizmlar, kimyoviy mollar, yoqilgʻi va xom ashyo, oziq-ovqat, keng isteʼmol mollari keltiradi. Tashqi savdoda Germaniya, Italiya, Rossiya, Fransiya bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — ley.
Transporti Ruminiyaning Markaziy Yevropa mamlakatlaridan Qora dengiz va Dunayga oʻtiladigan tranzit yoʻllaridagi ahamiyati katta. Mamlakatning umumiy yuk aylanmasida temir yoʻlning ulushi qariyb 39,5%, dengiz transportining ulushi 48,8%, avtomobil transportining ulushi 7,1%, truboprovod transportining ulushi 3,2%, daryo transportining ulushi 1,4%. Temir yoʻllar uzunligi 11,4 ming km, avtomobil yoʻllari 153 ming km. Asosiy dengiz porti — Konstansa, daryo portlari — Breila, Jurju va Galats. Buharest (Otopen) va Konstansada xalqaro aeroportlar bor.
Tibbiy xizmati Davlatga qarashli poliklinika va kasalxonalar bilan bir qatorda xususiy shifoxonalar ham bor. Vrach va farmatsevtlar 5 ta tibbiyotfarmatsevtika institutida, oʻrta tibbiyot xodimlari tibbiyot maktablari va litseylarda tayyorlanadi. R.da 100 dan ortiq balneologiya va 23 iqlimiy kurort bor. Eng mashhurlari: Eforiya, Mangaliya, Konstansa, Sinaya, PoyanaBrashov va boshqa
Maorifi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari