Buxoro — Oʻzbekiston Respublikasining qadimiy shaharlaridan biri, Buxoro viloyatining maʼmuriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Oʻzbekistonning ilk poytaxti hisoblanadi. Buyuk ipak yoʻlida yirik tijorat markazlaridan boʻlgan. Oʻzbekistonning janubiy-gʻarbida, Zarafshon daryosi quyi oqimida joylashgan. Toshkentdan 616 km. Buxoro 2 ta shahar rayoni (Fayzulla Xoʻjayev va Toʻqimachilik)ga boʻlingan. Aholisi 290 000 (2019). Aholisining katta qismini oʻzbeklar tashkil etadi. Oliy taʼlim muassasalari: Buxoro davlat universiteti, Buxoro davlat pedagogika instituti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.
Nomlanishi va etimologiyasi Buxoro shahri qadim zamonlarda qanday nomlangani haligacha nomaʼlum. Milodiy V asrga oid xitoy manbalarida Buxoro shahri Nyumi tarzida tilga olinib oʻtilgan. Binobarin, shaharda shu nomdagi mulk hukmdorining qarorgohi ham boʻlgan. Tan imperiyasining VII asrga oid solnomalarida Buxoro shahri An (Ango), Ansi, Buxo (Buxe, Fuxo) shakllarida qayd etib oʻtilgan. Keyinchalik shahar har xil nomlana boshladi. Arab qadimiy manbalarda u Bumiskat, Madinat us-sufriya (Mis shahar), Numijkat (soʻgʻdcha numij yoki namich degani mashhur degan maʼnoni anglatgan) tarzida keltirilgan. Qadimiy zamonlarda yashagan mahalliy mualliflarning fikricha, shaharning nomi Buxor, yaʼni „Sanamlar turgan ibodatxona“ maʼnosini anglatuvchi bir soʻzdan kelib chiqqan.
Ayrim tadqiqotchilarning faraz qilishlaricha, Buxoro nomi mintaqaning eng asosiy buddaviylik ibodatxonasi vixara yoki ana shu vixaraning sug'diy transkripsiyasi boʻlmish buxoro (ibodatxona) soʻzidan kelib chiqqan. Ammo buddaviylik va moniylik diniy taʼlimotlariga oid osori atiqalar shahar hududida ham, umuman, Buxoro vohasida ham topilgan emas.
Buxoro (Buxara) toponimi ilk bor soʻgʻd yozuvlari bilan Buxoroda zarb qilingan mis tangalarida tilga olingan (milodiy IV-V asrlar).Naymark A. I. O nachale chekanki mednoy monety v Bukharskom Sogde // Numizmatika Tsentral’noy Azii, vyp. 1. Tashkent, 1995. S. 29 — 50.
Tarixi Buxoro shahri Sharqning mashhur qadimiy shaharlaridan biri. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, Buxoroga miloddan avvalgi VI asrda Afrosiyobning kuyovi Siyovush tomonidan asos solingan.Mukhamedzhanov A. R. Bukhara — gorod dvadtsati pyati vekov // Obshchestvennyye nauki v Uzbekistane. — 1997. — № 9—10-11. Zarafshon daryosining quyi oqimida joylashgan Buxoro shahri va uning atrofidagi yerlar qadimda nihoyatda xushmanzara , hayvonot va oʻsimlik dunyosi betakror, koʻl va oqar suvlarga boy boʻlib, tarixchi Narshaxiyning „Buxoro tarixi“ asaridagi maʼlumotlar buni tasdiqlaydi. Shahar yoshi aniqlashga doir tadqiqotlar Shuningdek, shaharning yoshini aniqlash maqsadida butun Buxoro vohasi boʻylab, chunonchi yirik arxeologik yodgorliklar — Poykend, Qoʻrgʻoni Vardonze, Romitan, Varaxsha, Xoja Boʻston, Qoʻzimontepa, Oqsochtepa va boshqa shahar harobalarida keng arxeologik qazishmalar olib borildi. Arxeologik tadqiqotlar jarayonida Buxoro xususidagi yozma manbalarda keltirilgan maʼlumotlar bilan arxeologik topilmalar qiyoslanib, quyidagicha xulosaga kelindi. Zarafshon daryosining quyi oqimidagi dastlabki manzilgohlar jyoz davri (miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmi) dayoq vujudga kelib, ular sinchli yarim yertoʻlalardan iborat boʻlgan (qurib qolgan Mohondaryo tarmogʻi mintaqasida olib borilgan tadqiqotlar buni tasdiqlaydi); miloddan avvalgi VI—V asrlarda Zarafshon daryosining yirik tarmogilari deltalari joylashgan yerlarda mustahkamlanmagan manzilgoxlar paydo boʻlgan. Miloddan avvalgi IV asrda esa Buxoro arki qurilajak hudud baland mudofaa devori va keng xandaq bilan oʻrab olinib, uning etagida uchta mustahkamlangan manzilgoh joylashgan (bu xil manzilgohlar miloddan avvalgi 1-ming yillik boshidan Oʻrta Osiyoning dehqonchilik qilinadigan viloyatlariga xosdir). Mazkur manzilgohlardan biri Firobdiz, ikkinchisi Navmichkat, uchinchisi Buxoro deb atalgan. Keyinchalik bu uch manzilgoh oʻzaro birlashib va toʻxtovsiz taraqqiy etib borib, kattagina shaharga — Buxoro vohasining savdohunarmandchilik va maʼmuriy markaziga aylangan.
Qadimgi davr va Ilk oʻrta asrlar X asr tarixchisi Muhammad Narshaxiyning „Buxoro tarixi“ asarida oʻz aksini topgan mahalliy mifologik anʼanalar shaharning qadimiy qismi — Ark qalʼasiga asos solinishi qahramonlik eposlari bahodirlari Siyovush yoki Afrosiyob, yaʼni Alp Er Toʻngaga bogʻlab, shu tariqa olis-olis zamonlarga mansub tarzda rivoyat qilinadi. Biroq, vohadagi Vardonze, Romitan, Varaxsha kabi istehkomlar va Poykenddek bir tijorat shahri — Buxoro shahridan ham qadimiyroq, deb hisoblab kelinadi. thumb|right|Buxoro vohasidagi hukmdorlardan biri — Asbar tangasi. VI—VII asr boshi. Buxorodan topilgan tangalar bu yerda savdo-tijorat aloqalari va tovar-pul munosabatlari taraqqiy etganidan guvohlik beradi. Tangalarga qarab, bu yerda hukm surgan sulolalar almashinuvi, hukmdorlar ismlari, unvon-martabalar nomlanishi, sulola alomatlari — tamgʻa va boshqa tasvirlari oʻzgarib borishini aniq-tiniq kuzatish mumkin. Biroq shahar hududida Salavkiylar hukmdori Yevtidemning dirhamlariga taqlidan zarb etilgan xazina 1937-yili topilgan xolos.
Shahristonga asos solinishi Buxoro qalʼasidan sharq tomonda 3 yoki 4 nafar dehqonning (oliy zamindor toifaning) oʻziga xos mustaqil qalʼa-istehkomlari (koʻshklari) negizida asta-sekin shaharning oʻzi — Shahriston shakllanib bordi (maydoni 28—30 gektar). Shahristonga asos solinishi esa Abruyning zulmi tufayli Buxorodan Turkiston va Tarozga koʻchib ketgan buxorolik dehqonlarning iltimosi bilan 560—580-yillarda qoʻshinlari bilan shaharga kelgan turk hukmdori Sheri Kishvar nomi bilan bogʻliq holda talqin etiladi. Buxoro Turk xoqonligi tarkibida
567-yilda Buxoro Turk xoqonligi tarkibiga kirgan. 585—586-yillarda Buxoroda Abruy qoʻzgʻoloni boʻlib, u Turk shahzodasi El Arslon tomonidan bostirilgan. Shundan soʻng Yang Soux Tegin Buxoro vohasining egasi sifatida tasdiqlandi. Undan keyin Buxoroni 589—603-yillarda uning oʻgʻli Nili boshqargan. Keyin uning oʻgʻli Bosi tegin (603—604) hukmronlik qildiGumilev L. N., Drevnie tyurki. M., 1967,s.74,142.
603—658-yillarda Buxoro Gʻarbiy turk xoqonligiga boʻysungan Soʻgʻd mulklaridan biri boʻlgan. O. I. Smirnova Buxoro vohasining turkiy hukmdorlari VIII asrning oʻrtalarida „Hoqon pullari“ yozuvi bilan bir guruh Turk-Soʻgʻdiy tangalarini chiqargan deb hisoblaydiSmirnova O. I. Svodniy katalog sogdiyskix monet. M., 1981., s.59. VIII asr Buxoro hukmdori Tugʻshodaning ismi turkiy boʻlgan deb taxmin qilinadiShyuven P. O vizantiyskikh posolstvakh k pervym tyurkskim pravitelyam Sogda (Problema onomastiki i toponimiki). // ONU- 1995- № 1-2-3. str. 36.
Buxorxudotlar hokimligi davrida
thumb|right|Buxorxudot Xunuk tasvirlangan tanga. Old tomonida toj kiygan hukmdor va orqa tomonida zardushtiylarning otashgohi tasvirlangan (VIII asr boshlari) VII asrda, arablar istilosi arafasida Buxoro vohaning yirik maʼmuriy markaziga aylangan edi. Buxoro qalinligi 18 metrgacha boʻlgan mustahkam devorlar bilan oʻralgan diz — qalʼadan iborat boʻlgan savdo shahri edi. Bidun Buxorxudot esa „tuzilishi jihatidan Katta Ayiq yulduzlar turkumiga oʻxshab ketadigan“ bir saroy ham barpo ettirgan. Hukmdor bu saroy darvozalariga oʻz ismi chekilgan temir lavhacha osib qoʻyishni ham buyurgan ekan. Bidun saroyida majusiy ibodatxona, xazina, zindon ham joylashgan edi. Uning gʻarbiy darvozasi „Registon“ deb atalardi. Negaki bu darvoza qum toʻshalgan keng maydonga olib chiqardi. Sharqiy darvoza esa „Goʻriyon“ deb atalar, ana shu „Qabriston darvozasi“ ortida tabarruk qadamjo — Buxoroning afsonaviy asoschisi Siyovush qabri joylashgan edi.
Shahristondan tashqarida esa savdo va hunarmandchilik shaharchasi ham shakllangan. Mox bozori tevaragi asosiy iqtisodiy markaz edi. Uning nomi „Majusiylar ibodatxonasi“ degan maʼnodagi soʻzdan kelib chiqqan. Bu ibodatxona Shahristondan tashqarida, uning janubiy darvozalari va Roʻdi Zar anhori oraligʻida joylashgan edi. Roʻdi Zar keyinchalik Shohrud deb atala boshlagan va hozirga qadar ham u shu nom bilan yuritiladi. Shahristonning asosiy alomati boʻlmish Magʻoki Attori masjidi bugungacha saqlangan. Bu joyda bozor qadim-qadim zamonlardan to 1930-yillargacha mavjud boʻlgan.
Arablar fathidan soʻng Arablarning Buxoroga dastlabki yurishlari oʻlja va daromad olish uchun talovchilik tarzidagi hujumlardan iborat boʻlgan.
Buxoroga islom uzil-kesil kirib kelishi VIII asr boshlarida roʻy bergan. Arab xalifaligining Xurosondagi noibi Qutayba ibn Muslim (704—715) shaharda doimiy arab qoʻshinini joylashtirdi va mavjud uylarning yarmini arablarga taqsimlab berish toʻgʻrisida buyruq chiqardi. Ayyub ibn Hasanni Buxoroning birinchi arab amiri etib tayinladi. Qutayba islomni qabul qilgan Tugʻshodani taxtga oʻtqazish bilan Buxoroda qadimiy mahalliy sulolalar hokimiyatini saqlab qoldi. Shu tarzda Buxorxudotlar oʻz oʻlkalarida arablar bilan birgalikda hukmdor boʻlib qolishdi. thumb|right|Magʻoki Attori — Mox bozorida joylashgan majusiylar ibodatxonasi oʻrnida bunyod etilgan masjid oʻrnida Qoraxoniylar davrida, XII asrda qurilgan Aynan Qutaybaning oʻzi 713-yili Buxoro arkida majusiylar butxonasini jome masjidga aylantirdi va shahar aholisiga 2 dirham evaziga har juma kuni ibodatga jamlanishni buyurdi. Registon maydonining shimoliy qismida esa birinchi hayit masjidi — Maʼbad (ibodat joyi) deb nomlangan darvozasi boʻlgan Namozgoh bunyod etildi. Oradan koʻp oʻtmay ana shu Namozgohning shimoliy tarafida musulmonlarning yirik xilxonasi — qabriston ham paydo boʻldi. Banu Hanzaliya masjidi (keyinchalik, chamasi, Ash-Shom deb atala boshlagan) Shahristonning janubi-gʻarbiy qismidagi nasroniylar cherkovi oʻrnida paydo boʻlgan. Aynan shu atroflarda Banu Saʼdiya masjidi joylashgan, shimoli-gʻarbiy tarafida esa Banu Qurayshiya, shimoli-sharqiy tarafida esa Banu Hamdoniya masjidlari makon tutgan. Qisqasi, arablarning quraysh, saʼd, hanzala va hamdon qabilalari Shahristonni egallab olgan edi. Shahristonning janubi-sharqiy tarafida joylashgan, Xin degan aslzoda dehqonga tegishli boʻlgan qalʼa — qoʻrgʻonni esa unga Ahmad nomini bergan Buxoroning birinchi imomi — Ayyub egallab oldi. Shahristondan tashqarida, Mox bozorida joylashgan majusiylar ibodatxonasi esa Magʻoki Attori masjidiga aylantirilgan edi.
Arab qabilalari Buxoro shahriga kelib joylashganidan keyin mahallalar — mavzelar oʻrtasidagi devorlar asta-sekin olib tashlandi, bir qancha vaqt oʻtib, ularning oʻrnida yangi turarjoy binolari paydo boʻldi.
715-yili Qutayba ibn Muslim vafot etdganidan keyin Buxoro arablar nazorati ostidan asta chiqa boshladi. Milodiy 728—729-yillarda sugʻdiylarning gʻarbiy turk hoqoni turkashlar hoqoni tomonidan qoʻllab-quvvatlangan kuchli qoʻzgʻoloni natijasida shahar bir yil mobaynida arablar nazoratidan tashqarida boʻldi, keyin yana ular taʼsiriga tushib qoldi.
Sharik qoʻzgʻoloni
Dastlabki vaqtlarda Buxoroga kelib oʻrnashgan arab qabilalari 750-yili Arab xalifaligida Abbosiylar sulolasi hokimiyat tepasiga kelishini maʼqul koʻrishmadi, oʻsha yili Abbosiylarga qarshi Sharik ibn Shayx Maxri boshchiligida boʻlgan qoʻzgʻolon shundan dalolat beradi. Buxoroning arab hokimiyati vakillari va shahar aholisi qoʻzgʻolonchilarni qoʻllab-quvvatladi. Abu Muslim Buxoro va Samarqand hokimi Ziyod ibn Solihni Sharikka qarshi yubordi. Ibn Solih qoʻshinlari isyonni shafqatsizlarcha bostirdi. Buxoroga oʻt qoʻyildi, shahar 3 kun oʻt ichida qoldi. Asirlar shahar darvozalariga osib qoʻyildi. Buxorxudot Qutayba ibn Tugʻshoda Xuroson shimolidagi qoʻrgʻon aholisi bilan hamjihat Ziyod ibn Solih tomonida jang qildi, ammo keyinchalik u, qoʻzgʻolonni bostirishda faol qatnashganligiga qaramay, islomdan yuz oʻgirganlikda ayblanib, Abu Muslimning koʻrsatmasiga binoan qatl etildi.
Muqanna qoʻzgʻoloni