Meksika (ispancha: Mexiko), Meksika Qoʻshma Shtatlari (ispancha: Estados Unidos Mexicanos) — Shimoliy Amerikaning janubiy qismida joylashgan davlat. BMT- aʼzosi hisoblanadi. Maydoni — 1 958 245 km². Aholisi — 131 411 200 kishi (2025). Poytaxti — Mexiko shahri. Maʼmuriy jihatdan 31 ta shtat va 1 ta poytaxt federal okrugiga boʻlinadi.
Davlat tuzumi Meksika — federativ respublika hisoblanadi. Meksika Qoʻshma Shtatlarining 1917-yil 5-fevraldagi Siyosiy Konstitutsiyasi amal qiladi, unga keyinchalik oʻzgartishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — prezident (2000-yildan Vi-sente Foks Kesada), u umumiy toʻgʻri ovoz berish yoʻli bilan 6 yil muddatga saylanadi. Konstitutsiyaga binoan, prezident qayta saylanishi mumkin emas. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Milliy kongress (2 palatali parlament), ijroiya hokimiyatni prezident amalga oshiradi.
Tabiati Meksika qirgʻoqlari kam parchalangan, eng katta yarim orollari — Kaliforniya va Yukatan hisoblanadi. Tinch okeandagi bir necha orol ham Meksika tarkibiga kiradi. Mamlakat hududining katta qismini Meksika togʻligi (aksariyat balandligi 1000–2000 m, eng baland joyi — harakatdagi Orisaba vulqonlari — 5700 m) egallaydi. Sohilga yaqin joylari-pasttekislik tashkil etadi. Meksika qoʻltigʻida neftgazli havza, Meksika togʻligida rangli metall rudalari (mis, qoʻrgʻoshin, rux, kumush, simob, margimush, surma, kadmiy, vismut, qalay, volfram, oltin), mamlakatning Shimoli-sharqida toshkoʻmir, temir va uran rudalari, oltingugurt konlari mavjud. Iqlimi tropik, shimolida subtropik iqlimdir. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 10°—25 °C, iyulniki 15°—30 °C. Yillik yogʻin togʻ yon bagʻirlarida esa 2000–3000 mm yogʻadi.
Janubi-sharqida daryo soylari koʻp, shimoli-gʻarbida kam (Yukatan yarimorolida umuman oqar suv yoʻq). Yirik daryolari: Rio-Grande (Rio-Bravodel-Norte), Lerma (quyi oqimida Rio-Grandede Santyago deb ataladi), Balsas, Grixalva — Usumasinta dare sistemasi hisoblanadi. Eng katta koʻli — Chapala. Shimoli-gʻarbida, asosan, boʻz tuproq va choʻlga xos oddiy tuproqlar; togʻliklarda sur-jigarrang, jigarrrang, savanna qizil tuproqlari va togʻ-oʻrmon qoʻngʻir tuproqlari, pasttekisliklarda surjigarrang, savanna qizil tuproqlari va botqoq tuproqlari uchraydi.
Oʻsimliklari juda xilma-xil. Meksikada oʻsimliklarning 12 mingga yakin turi bor; shulardan 2/3 qismi endemik oʻsimliklardir. Meksika togʻligining shimoliy kattaroq qismida oʻziga xos kserofil oʻsimliklar, shuningdek, mimozadosh butalar oʻsadigan chala choʻl va choʻllar asosiy oʻrin tutadi. Togʻliqning janubiy qismida va bu yerlarni oʻrab olgan pasttekislik sohillarida boshoqlilar va sertikan butalardan iborat savanna oʻsimliklari, togʻlarda bargli va aralash oʻrmonlar (dub, grab, joʻka, karagay, oqqaragʻay va boshqalar) usadi; Meksikaning janubiy va janubi-sharqiy qismlarida aksari tropik oʻrmonlar, sharqiy yon bagʻirlarida doim yashil sernam oʻrmonlar, gʻarbiy yon bagʻirlarida igna bargli, togʻ etaklarida barg toʻkadigan oʻrmonlar bor.
Yovvoyi hayvonlardan chala choʻl va choʻllarda kemiruvchilar — yer qazir (yer sichqon), koyot (yaylov boʻrisi), Meksika togʻligi oʻrmonlarida qora ayiq, yenot, kizil silovsin, puma, savannalarda bugʻu, chumolixoʻr, jayra, janubidagi tropik oʻrmonlarda maymunning 2 turi, tapir, yaguar uchraydi. Hayvonot, oʻsimlik dunyosi (flora va fauna) va boshqa noyob joylarni qoʻriqlash maqsadida 50 dan koʻproq bogʻ tashkil etilgan. Eng yiriklari: Kumbreode-Monterrey, Syerrade-San-PedroMartir, Kan-ondelrio Blanko va boshqalar hisoblanadi.
Aholisi Aholisining koʻpi meksikanlar boʻlib, ular indeys qabilalari va elatlari, Yevropa (asosan, Ispaniya)dan koʻchib kelganlar va plantatsiyalarda ishlatish uchun keltirilgan afrikaliklardan iborat. Aholining yarmidan ortigʻi aralash nikohdan tugʻilgan metis va mulatlar tashkil etadi. Tub indeys xalqlari oʻz tillari va madaniyatlarini qisman saqlab qolgan. Ispanlar, basklar, nemislar, fransuzlar, italyanlar va boshqa ham bor. Rasmiy til — ispan tili. Dindorlarning 96% katoliklar tashkil etadi. 73% aholi shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Mexiko, Gvadalaxara, Monterrey, Leon, Syudad-Xuares.
Tarixi Meksika hududida odam yuqori paleolit (miloddan 20—15 ming yil oldin) davridan yashaydi. Bu yerda turli davrlarda Gʻarbiy yarim shardagi eng rivojlangan sivilizatsiyalardan biri mavjud boʻlgan. Miloddan avvalgi 1-ming yillik oʻrtalaridan aholi oʻtroq hayot kechira boshlagan, dehqonchilik, hunarmandchilik, sanʼat taraqqiy etgan. Milodning boshlarida Markaziy Amerikaning shimoli-gʻarbiy qismida mayya qabilalari yashagan. 1ming yillikning 2-yarmida Markaziy Meksikada tolteklar xiyla yuksak madaniyat yaratdilar. Lekin bu madaniyatni 2-ming yillikning boshlarida naua qabilalari barbod qildi. Naua qabilalari orasida atsteklar ham bor edi, ular hozirgi Mexiko shahrini barpo etdilar va XIV asrda yirik davlat tuzdilar, bu davlat XV asrda Markaziy va Janubiy Meksikaning eng qudratli davlatiga aylandi. Bu yerda dehqonchilik, hunarmandchilik, qurilish texnikasi, tasviriy sanʼat birmuncha rivoj topdi. 1517-yil Meksikani ispanlar bosib ola boshladilar. XVI asr oxiriga kelib Meksika hududi butunlay zabtetildi. Yangi Ispaniya vitse-qirolligi tuzildi, butun hokimiyat ispan zamindorlari qoʻl ostiga oʻtdi. Mahalliy aholining aksar qismi oʻz yerlaridan mahrum etildi, mustamlaka hokimlari, zamindorlar va katolik cherkoviga tobe boʻlib qoldi. Ocharchilik, kasalliklar koʻplab indeyslarning yostigʻini quritdi (ispanlar zabt eta boshlagan paytda 25 mln.ga yaqin indeys boʻlgan boʻlsa, 1605-yilga kelganda 1 mln. dan salgina koʻproq indeys qoldi). Ishchi kuchi yetishmay qolgach, Afrikadan koʻplab negr qullar keltirila boshladi. Meksika sanoatining rivojlanishiga turli yoʻllar bilan toʻsqinlik qilindi, koʻpchilik ekinlarni ekishni taqiqlab, tuz, porox, tamaki mahsulotlari sotish davlat monopoliyasiga aylantirildi. Mahalliy xalq mustamlakachilarga qarshi bosh koʻtarib bir necha bor qoʻzgʻolon qildi. Iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi va ichki bozorning vujudga kelishi, milliy ongning uygʻonishi taʼsirida XIX asrning boshlarida meksikan millati tarkib topa boshladi.
Amerikadagi ispan mustamlakalarining mustaqillik uchun olib borgan urushi davrida (1810—1826), xususan, 1810—1815 yillarda M.da M. Idalgo va X. M. Morelos rahbarligida dehqonlar qoʻzgʻoloni boʻlib oʻtdi, bu qoʻzgʻolon sha-fqatsiz bostirildi. Ispaniyadagi 1820—1823 yillar inqilobi va Janubiy Amerikadagi Ispaniya mustamlakalari vatanparvarlarining muvaffaqiyatlari Meksikada xalq ozodlik harakatining yangidan koʻtarilishiga sabab boʻldi. A. Iterbude boshchiligidagi harakat keng xalq ommasi tomonidan koʻllab-quvvatlandi. 1821-yil M. mustaqil davlat, 1824-yil esa respublika deb eʼlon qilindi. 1845-yil AQSH Texasni, 1846—1848 yillardagi Amerika-Meksika urushi natijasida mamlakat hududining qariyb yarmini bosib oddi. M.ga qarshi uyushtirilgan Angliya-Fransiya-Yspaniya intervensiyasi meksikan xalqining qahramonona qarshiligiga uchrab, interventlarning magʻlubiyati bilan tugadi. 1877-1880 va 1884-1911-yillarda general P. Dias prezident boʻlib turdi; ana shu davrda fuqarolar ozodligi oyoq osti qilindi, kongress oʻz ahamiyatini yoʻqotdi. XX asrning boshlaridan inqilobiy yuksalish roʻy bera boshladi. 1910-yilda dehqonlar harakati avj olib ketdi. F. Vilya, E. Sapata dehqonlar harakatining eng yirik rahbarlari edilar. 1910—1917 yillarda M.da inqilob boʻlib oʻtdi. 1911-yil may oyida Dias rejimi agʻdarib tashlandi. Yangi konstitutsiya qabul qilindi.
1929—1933 yillardagi jahon iqtisodiy boʻhroni davrida inqilobiy harakat kuchaydi va milliy inqilobiy partiyaning radikal qanoti vakili L. Kardenas-idelrio prezident qilib saylandi. Uning hukumati (1934—1940) mu-him oʻzgarishlar qildi, yer islohoti oʻtkazdi.
Ikkinchi jahon urushining boshlarida Meksika hukumati betaraf ekanligini bildirdi; lekin 1942-yil may oyida fashistlar blokiga qarshi urush eʼlon qildi. Urushdan keyingi yillarda Meksika iqtisodiyoti yuksala bordi. Biroq qishloqda ahvol oʻzgarmadi. 60-yillardan boshlab L. Mateos (1958—1964) va D. Ordas (1964—1970) hukumatlari milliy iqtisodiyotni mustahkamlash yoʻlini tutdi. 1970-yilda hokimiyat tepasiga kelganL. Echeverria hukumati ahvolni yaxshilash uchun yer islohoti toʻgʻrisida qonun (1971), yangi saylov qonuni (1972), mahalliy kapital qoʻyilishini ragʻbatlantirish va chet el kapitalini tartibga solish toʻgʻrisida qonun (1973) qabul qildi, davlat xizmatchilari uchun haftasiga 5 ish kuni joriy qildi. M.ning Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari, Yaponiya va Lotin Amerikasidagi bir qancha mamlakatlar bilan tashqi savdo aloqalari kengaytirildi.
1976-yilda saylangan prezident L. Portilo va ayniqsa, 1994-yilda saylangan E. Sedilo hukumatlari sanoat va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, iqtisodiy islohotlar oʻtkazishga urindi. Ammo mamlakatning tashqi qarzi oshdi, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish pasaydi, ekinzorlar qisqardi. 2000-yil „Oʻng markazchi alyans“ blokidan Visente Foks Kesadaning prezident lavozimiga saylanishi 1929-yildan buyon mamlakatni idora qilib kelayotgan Institutsioninqilobiy partiyaning hukmronligiga chek qoʻydi. Keyingi yillarda xoʻjalik boshqaruvini mahalliylashtirish, davlatga qarashli norentabel korxonalarni qisqartirish, iqtisodiyotning „ochikligi“ va tadbirkorlik fa-oliyatini kuchaytirish, oʻzaro manfa-atli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish siyosati oʻtkazila boshladi. M. 1991-yil 26-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligini tan olgan va 1992-yil 16-martda u bilan diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Meksika 1945-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 16-sentabr — Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1810).
Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari Institutsion-inqilobiy partiya, 1929-yilda tuzilgan (1938-yilgacha Milliy-inqilobiy partiya, 1946-yilgacha Meksika inqilobiy partiyasi deb atalgan, 1946-yildan hoz nomda); Kardenista milliy yangilanish fronti partiyasi, 1972-yilda asos solingan; Meksika koʻkatparvar ekologiya partiyasi, 1987-yilda tuzilgan; Demokratik inqilob partiyasi, 1989-yilda tashkil etilgan; Milliy harakat partiyasi, 1939-yilda tuzilgan. Kasaba uyushmalari: Mehnat kongressi, 1966-yilda tuzilgan; Meksika mehnatkashlari konfederatsiyasi, 1936-yilda asos solingan; Meksika ishchilari mintaqa konfederatsiyasi, 1918-yilda tashkil etilgan; Ishchi va dehqonlarning inqilobiy konfederatsiyasi, 1952-yilda tuzilgan; Meksika ishchi va dehqonlarining Xasinto Lopes nomidagi umumiy ittifoqi, 1949-yilda asos solingan; Mehnatkashlarning inqilobiy konfederatsiyasi, 1954-yil tashkil etilgan; Davlat xizmatchilari kasaba uyushmalari federatsiyasi 1938-yil tuzilgan.
Xoʻjaligi Meksika — industrial-agrar davlat hisoblanadi. Lotin Amerikasida iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 24,5%, qishloq, oʻrmon xoʻjaligi va baliqchilikning ulushi 9% ni tashkil etadi. Meksika paxta, shakarqamish, kofe yetishtirishda, neft, gaz, kumush, rux, qoʻrgʻoshin, oltingugurt, simob qazib olishda dunyoda oldingi oʻrinlarda turadi.
Sanoati