Aleksandriya kutubxonasi — ellinizm davrida bunyod etilgan mashhur kutubxonalardan biri. Aleksandriya kutubxonasiga mil. av. III asrda ptolemeylar sulolasi davrida yashagan atoqli olim va adiblar (Zenodot, Aristarx Samosskiy, Kallimax va boshqalar) asos solgan. Bu yerda yunon fani va adabiyotiga doir koʻplab qoʻlyozma asarlar toʻplangan. Bundan tashqari, Sharq tillaridagi kitoblar ham mavjud boʻlgan. Kutubxona qoshida kitob koʻchiruvchilar guruhi faoliyat yuritgan, kutubxona katalogi tuzilib, u vaqt-vaqti bilan toʻldirib turilgan. Kutubxonada 700 ming jildga yaqin kitob saqlangan. Aleksandriya (Iskandariya) kutubxonasi uch asr davomida rivojlanib bordi. Mil. av. XLVIII — XLVII yillar Aleksandriya urushi davrida kutubxona asosiy toʻplamining bir qismi yongʻinda kuyib ketdi. Misrni Rim imperiyasi bosib olgach, Aleksandriya (Iskandariya) kutubxonasi oʻz mavqeini yoʻqotib bordi, qolgan qismi VII—VIII asrlarda tamomila tugatildi.
Adabiyotlar OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Turkum:Qadimiy kutubxonalar Turkum:Iskandariya bino va inshootlari Turkum:Misr tarixi