Moskva urushi - Ikkinchi jahon urushidagi yirik urushlardan biri (1941.30.9 — 1942.20.4). Mudofaada turgan (1941.5.12 gacha) sovet qoʻshinlarining Gʻarb (general-polkovnik I. S. Konev, 10-oktabrdan armiya generali G. K. Jukov), Rezerv (marshal S. M. Budyonniy), Bryansk (genaral-polkovnik A. I. Yeremenko, oktabrdan general-mayor G. F. Zaharov) va Kalinin (general-polkovnik I. S. Konev) frontlari shiddatli urushlardan soʻng, olmon qoʻshinlarining "Markaz" armiyalar guruhi (general-feldmarshal F. Bok) hujumini Volga suv omboridan janubroqda, Dmitrov, Yaxroma, Krasnaya Polyana (Moskvadan 27 km uzoqlikda), Istradan sharqroqda, Kubinkadan gʻarbroqda, Naro-Fominsk, Serpuxovdan gʻarbroqda, Aleksin, Tuladan sharqrokda toʻxtatib dushmanni holdan toydirganlar. 5—6-dekabrda sovet qoʻshinlari qarshi hujumga oʻtib, 1942-yil 7—10-yanvarda butun front boʻylab yalpi hujumga oʻtganlar. 1942-yilning yanvar — aprelida Shimoli-Gʻarbiy (general-leytenant P. A. Kurochkin), Kalinin, Gʻarbiy va Bryansk (general-polkovnik Ya.T. Cherevichenko) frontlarining soʻl qanot qoʻshinlari raqibni magʻlubiyatga uchratib, uni 100–250 km nariga uloqtirib tashlashgan. Ikkinchi jahon urushida olmonlar armiyasi ustidan ilk bor yirik gʻalabaga erishilgan.OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Manbalar

Turkum:1941-yil voqealari Turkum:1942-yil voqealari Turkum:Moskva viloyati