Shahrisabz aeroporti – Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Xontepa mahallasi hududidagi mahalliy aeroport. Shahrisabz shahridan janubi-gʻarbda joylashgan.
Tarixi Dastlabki davri Shahrisabzda aeroport 1980-yillarning boshida, aniqrogʻi 1983-yilda ochilgan. 1996-yilgacha Toshkentga yoz mavsumida haftasiga 4 ta, kuz-qish mavsumida esa 3 ta aviaqatnov tashkil etilgan. Shuningdek, Urganch-Shahrisabz yoʻnalishida haftasiga 2 marta parvozlar yoʻlga qoʻyilgan. 1993—1995-yillarda Toshkent-Shahrisabz yoʻnalishidagi reyslar Qarshida oraliq toʻxtash bilan amalga oshirilgan. Ushbu reyslarda Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan An-2, An-24, Yak-40 samolyotlari hamda Britaniyadan xarid qilingan RJ-85 mintaqaviy samolyotlaridan foydalanilgan.
Sovet Ittifoqi parchalanishi ortidan mahalliy aviaqatnovlarga boʻlgan talab keskin tushib ketgan va aerport 2003-yil noyabr oyida yopilgan.
Qayta foydalanishga topshirilishi 2023-yil 25-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qashqadaryo viloyatiga tashrifida 2024-yil 1-yanvardan boshlab, turizmni rivojlantirish maqsadida viloyatning Shahrisabz tumanidan ATR samolyotida parvozlar yoʻlga qoʻyilib, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Fargʻona vodiysi viloyatlariga mahalliy reyslar koʻpaytirilishi maʼlum qilindi.
2023-yil 28-noyabrda qabul qilingan „Qashqadaryo viloyatining togʻli-rekreatsion hududlarida zamonaviy xizmat koʻrsatish va turizm obyektlarini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi PQ-376-sonli prezident qarorida aeroport infratuzilmasini rivojlantirish belgilangan. Qarorga koʻra, Uzbekistan Airports Shahrisabz aeroportini Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti talablariga muvofiq zarur infratuzilma bilan taʼminlaydi. Oʻzaeronavigatsiya markazi aeroport hududida samolyotlar harakatini boshqarish infratuzilmasini yaratadi.
2024-yil 31-avgust kuni mintaqaviy Silk Avia kompaniyasi Toshkent-Shahrisabz yoʻnalishida aviaqatnovlar 11-sentyabrdan boshlanishini maʼlum qildi va aviakompaniya rasmiy saytida chiptalar sotuvi boshlandi. 2024-yil 11-sentyabr kuni soat 13:10 da Toshkentdan parvoz qilgan ilk samolyot Shahrisabz aeroportiga qoʻndi.
Infratuzilmasi Aeroport terminali soatiga 100 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsata oladi. oʻlchamdagi bitta uchish-qoʻnish yoʻlagi mavjud. Uchish-qoʻnish yoʻlagi ATR-42, ATR-72, L-410 va barcha turdagi vertolyotlarni qabul qila oladi. Aproni 2 ta samolyot va 4 ta vertolyotni sigʻdira oladi.
Aviakompaniyalar va yoʻnalishlar Hozirda Shahrisabz aeroportidan haftada ikki marta – chorshanba va shanba kunlari Toshkent-Shahrisabz yoʻnalishida L-410 samolyotida aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.
Yana qarang Qarshi xalqaro aeroporti
Manbalar
Turkum:Shahrisabz tumani