Mallory Weggemann (1989-yil 26-martda tugʻilgan) – amerikalik para suzuvchi.
Karyerasi 2008-yilda suvchechakdan keyingi bel ogʻrigʻini davolash uchun epidural inʼeksiya qilinganidan soʻng Weggeman T10-darajadagi toʻliq falaj holatiga tushdi.
Weggemann sport faoliyati davomida S7 toifasida koʻplab jahon rekordlarini yangiladi. 2009 hamda 2010-yillardagi IPC suzish boʻyicha Jahon chempionatida bir nechta oltin medallarni qoʻlga kiritdi. 2012-yilgi Paralimpiya oʻyinlarida bahsli ravishda S8 toifasiga oʻtkazildi, bu esa nisbatan kamroq nogironligi boʻlgan suzuvchilar uchun moʻljallangan toifa edi. Weggemann S8 toifasida 50 metrga erkin uslubda suzish bahslarida yangi Paralimpiya rekordini oʻrnatgan holda musobaqada gʻalaba qozondi.
Weggemann falaj boʻlib qolganidan keyin oradan toʻrt oydan kamroq vaqt oʻtgach, yana suzishga qaytdi. Endilikda sportchi 2012-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarining oltin medaliga ega chiqishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan edi. Weggeman bu maqsadiga erishgach, oʻzining eng katta orzusini amalga oshirishni, yana qayta yurishga qaror qildi. Yillar davomida buning amalga oshishi imkonsiz deb hisoblangan edi, ammo Weggemannda yangi imkoniyat paydo boʻldi. Mallory odamlardan yordam soʻrab murojaat qildi va Indiegogo platformasida ommaviy moliyalashtirish kampaniyasini boshladi. 2013-yil 16-noyabrda Mallory maxsus tayyorlangan oyoq apparatlari va tirsak tayanchli qoʻl tayoqlari yordamida deyarli 6 yildan soʻng ilk marta yurishga muvaffaq boʻldi.
Weggemann 2016-yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida boʻlib oʻtgan Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlangan va shu bilan birga suzishdan tashqari faoliyatini ham rivojlantirib, ilhomlantiruvchi nutqlar soʻzlagan. Mallory, shuningdek, „The Current“ (Oqim) nomli hujjatli filmda ham ishtirok etgan. Bu film „Make A Hero“ nomli notijorat tashkilot tomonidan suratga olingan boʻlib, nogironligi boʻlgan insonlarni oʻzlariga mos sport turlari bilan shugʻullanish orqali faol va erkin hayotga undaydi.
2021-yil iyun oyida AQSh Tokioda kechiktirilgan 2020-yilgi yozgi Paralimpiya oʻyinlariga boruvchi 34 nafar para suzuvchilar nomini eʼlon qildi. Ayollar jamoasi tarkibidan Weggemann, Jessica Long, McKenzie Coan, Rebecca Meyers va Elizabeth Marks oʻrin olgan edi. Tokio oʻyinlari davomida Weggemann bir nechta medallarni qoʻlga kiritdi va ikki marotaba Paralimpiya rekordini yangiladi.
2022-yil 14-aprelda Maloryning AQSh terma jamoasi tarkibida 2022-yilgi para suzish boʻyicha Jahon chempionatida ishtirok etishi rasman eʼlon qilindi.
Mukofotlari
Dunyoning eng yaxshi nogiron suzuvchisi – 2009, 2010; AQShda yilning eng yaxshi suzuvchisi (Trischa L. Zorn mukofoti) – 2009, 2010, 2011; Nogironligi boʻlgan eng yaxshi ayol sportchi ESPY mukofoti – 2011-yil.
Shaxsiy hayoti Malory Waggemann Minnesota shtatining Eagan shahrida istiqomat qiladi.
Manbalar
Turkum:21-asr amerikalik sportchi ayollar Turkum:Paraplegiya bilan ogʻriganlar Turkum:Suzuvchilar 2024-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Turkum:Suzuvchilar 2020-yilgi Yozgi Paralimpiada oʻyinlarida Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:1989-yilda tugʻilganlar