Finlandiya fuqarolik urushi – 1918-yilda Finlandiyada boʻlib oʻtgan fuqarolar urushi boʻlib, u mamlakatni boshqarish va nazorat qilish uchun Oq Finlandiya bilan Finlandiya sotsialistik ishchilar respublikasi (yoki Qizillar) oʻrtasida kechgan. Urush Finlandiyaning Rossiya imperiyasi tarkibidagi buyuk knyazlik maqomidan toʻliq mustaqil davlatga oʻtish davrida yuz bergan. Toʻqnashuvlar Yevropada Birinchi jahon urushi (Sharqiy front) oqibatida yuzaga kelgan milliy, siyosiy va ijtimoiy beqarorlik sharoitida roʻy bergan. Urush Qizil gvardiya bilan Oq gvardiya oʻrtasida kechgan. Qizil gvardiya Sotsial-demokratik partiyaning bir qanoti boshchiligida boʻlib, Rossiya bolsheviklari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan; Oq gvardiya esa senat va sotsializmga qarshi kuchlar tomonidan tashkil etilgan boʻlib, ularga Germaniya imperatorlik armiyasi katta yordam koʻrsatgan. Germaniyaning maqsadi Fennoskandiya ustidan taʼsir oʻrnatish edi. Qizil gvardiya, asosan sanoat va qishloq ishchilaridan iborat boʻlib, janubiy Finlandiyadagi shaharlar va sanoat markazlarini nazorat qilgan. Oq gvardiya esa yer egalari hamda oʻrta va yuqori tabaqa finlaridan tashkil topgan boʻlib, ular markaziy va shimoliy Finlandiya hududlarini boshqarishgan. Oq kuchlarning bosh qoʻmondoni general C. G. E. Mannerheim edi.
Urushdan oldingi yillarda Finlandiyada tez sur’atlarda aholi oʻsishi, sanoatlashtirish, shaharsozlik va ishchilar harakatining kengayishi jarayoni sodir boʻlayotgan edi. Mamlakatning siyosiy va davlat boshqaruvi tizimi demokratiyalashuv va modernizatsiyaning beqaror bosqichida edi. Shu bilan birga, aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli va taʼlim darajasi asta-sekin yaxshilangan, milliy ong va madaniyat rivojlangan. Birinchi jahon urushi Rossiya imperiyasining qulashiga olib keldi va bu Finlandiyada hokimiyat boʻshligʻini yuzaga keltirdi. Natijada mamlakatda taʼsir uchun kurash boshlandi, bu esa chap qanot ishchi harakati bilan konservatorlar oʻrtasidagi qarama-qarshilikni kuchaytirib, mamlakatning harbiylashuviga sabab boʻldi. 1918-yil fevral oyida Qizillar Sovet Rossiyasi tomonidan qurollar bilan taʼminlanib, muvaffaqiyatsiz umumiy hujum boshladilar. Mart oyida Oqlar qarshi hujumni boshladi, aprel oyida esa ularga Germaniya imperiyasi qoʻshinlari yordamga keldi. Hal qiluvchi janglar Tampere va Viipurida boʻlib oʻtdi. Har ikkisi ham Oqlar gʻalabasi bilan yakunlandi. Helsinki va Lahtidagi janglarda esa nemis qoʻshinlari gʻalaba qozonib, natijada Oqlar va Germaniya kuchlari urushda umumiy gʻalabaga erishdilar. Siyosiy zoʻravonlik bu urushning ajralmas qismiga aylandi va taxminan 12 000 qurbonga sabab boʻldi. Ularning aksariyati Qizillar edi. Bundan tashqari, 12 500 ga yaqin Qizil asirlar lagerlarda ochlik va kasallik oqibatida vafot etdi. Umuman olganda, bu mojaroda jami 38 ming kishi halok boʻldi.
Urushdan keyingi ilk davrda Finlandiya Rossiya hukmronligidan chiqib, Germaniya taʼsir doirasiga oʻtdi. Rejaga koʻra, mamlakatda Germaniya boshchiligidagi Finlandiya monarxiyasi tuzilishi kerak edi. Biroq bu reja Germaniyaning Birinchi jahon urushidagi magʻlubiyati bilan barbod boʻldi va natijada Finlandiya mustaqil, demokratik respublika sifatida shakllandi. Fuqarolik urushi mamlakatni oʻnlab yillar davomida ikki qutbga ajratib qoʻydi. Fin jamiyati urushdan soʻng moʻtadil siyosat, diniy qadriyatlar va iqtisodiy tiklanish asosida tuzilgan ijtimoiy murosalar orqali qayta birlashdi.
Yana qarang Aland urushi Sovet-fin urushi Fin urushi Finlandiya tarixi
Manbalar
Adabiyotlar
Ingliz tilida
Fin tilida
Havolalar
Tepora, Tuomas: Finnish Civil War 1918, in: 1914-1918-online. International Encyclopedia of the First World War. Jalonen, Jussi: Tampere, Battle of, in: 1914-1918-online. International Encyclopedia of the First World War. 1918 (pictures of the Civil War on Flickr uploaded by the Vapriikki Museum Centre under CC-BY 2.0) Finna.fi (search service for information from Finnish archives, libraries and museums) Finnish Civil War 1918 (part of the 1914–1918 online International Encyclopedia of the First World War) The Representation of Violence in the Finnish (press-) Photography of the Civil War (requires an Adobe Flash player) Finnish War Victims 1914–22 Finland Divided: The Finnish Civil War 1918 Turkum:Finlandiya fuqarolar urushi Turkum:Finlandiyada 1918-yil