Eron Islom Respublikasi (), qisqacha Eron () — Gʻarbiy Osiyodagi mamlakat. Poytaxti — Tehron shahri. Maydoni 1 648, 95 km², aholisi soni 92 417 681 kishi (2025). Pul birligi — Eron riali. Maʼmuriy jihatdan 31 ta ustonga boʻlinadi. Yirik shaharlari: Mashhad, Karaj, Tabriz, Sheroz, Isfahon, Ahvoz.

Gʻarbdan Iroq (Kurdiston viloyati), shimoli-sharqdan Armaniston, Ozarbayjon va Turkiya bilan, shimoldan Turkmaniston, sharqdan Afgʻoniston va Pokiston bilan chegaradosh. Eron hududi shimol tomondan Kaspiy dengizi, janubdan Hind okeanining Fors va Ummon koʻrfazlari bilan yuviladi.

Eron qadimiy qoʻlyozmalarga koʻra qariyb besh ming yillik boy tarixga ega. Ushbu mamlakat hududidagi ilk davlat — Elam, eramizdan avvalgi 3-ming yillikda Eronning hozirgi Xuziston ustoni hududida vujudga kelgan.

Amaldagi konstitutsiyasi 1979-yil 2—5-dekabrdagi referendumda tasdiqlangan, keyinchalik tuzatishlar kiritilgan. Konstitutsiya boʻyicha davlatning oliy rasmiy shaxsi — Eron Islom Respublikasi Rahbari (1989-yildan Said Ali Xomanaiy). Undan keyingi oliy rasmiy shaxs — prezident (2024-yildan Masʼud Pezeshkyon). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Islomiy Kengash majlisi (parlament), ijroiya hokimiyatni prezident va hukumat amalga oshiradi.

Davlat tuzumi thumb|133x133px|Eron Prezidenti — Mas’ud Pizishkiyon thumb|123x123px| Sayyid Mujtabo Husayniy Xomanaiy(2026) Eron Islom Respublikasining amaldagi konstitutsiyasi 1979-yilning 2-5-dekabr kunlari oʻtkazilgan umumxalq referendum natijalaridan soʻng qabul qilingan. Keyinroq baʼzi oʻzgartirishlar kiritilgan. Rasman Eron — islom respublikasidir. Ushbu mamlakat hozir dunyoda juda oz boʻlgan teokratik davlatlardan biri.

Mamlakat konstitutsiyasiga koʻra, davlatning oliy rasmiy shaxsi — Eron Islom Respublikasi Oliy Rahbaridir. Oliy Rahbar mamlakatning umumiy siyosatini va boshqa jabhalarini nazorat qiladi. Shuningdek, aynan Oliy Rahbar mamlakat qurolli kuchlarining bosh qoʻmondoni, harbiy razvedka rahbari. Oliy Rahbar mulozimlarni davlatning baʼzi yuqori lavozimlariga tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi. Bular: Oliy sudlar raislarini, politsiya rahbarini, barcha turdagi qurolli kuchlar qoʻmondonlarini, shunigdek 12 nafar Konstitutsiya qoʻriqchilari kengashidan 6 nafarini. Oliy Rahbar Ekspertlar kengashi tomonidan saylanadi va ushbu kengashga hisobot beradi. 1979-yilning 3-dekabridan 1989-yilning 3-iyunigacha Eron Oliy Rahbari Ruhulloh Xumayniy edi. Uning vafotidan soʻng ushbu lavozimga oʻsha yilning 4-iyun kunidan Ali Xomanaiy tayinladni, uning harbiy harakatlar oqibatidagi fojiali vafotidan keyin 2026-yil martdan boshlab oʻgʻli Mujtabo Xomanaiy Eron Islom Respublikasining amaldagi Oliy Rahbari etib saylandi.

Mamlakatda ikkinchi rasmiy oliy shaxs — Eron Islom Respublikasi Prezidentidir. Prezident mamlakat konstitutsiyasi garanti, hukumat boshidir. Prezident qarorlari Oliy Rahbar tasdigʻidan oʻtganidan soʻng qabul qilinadi. Eron prezidenti Vazirlar kengashi aʼzolarini tayinlaydi, mamlakat hukumatini nazorat qiladi. Mamlakat prezidenti saylovi mamlakatning 18 yoshga toʻlgan fuqarolari umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri umumxalq saylov huquqi asosida yashirin ovoz berishi yoʻli bilan oʻtkaziladi va 4 yil muddatga saylanadi. Bir prezident vakolati ikki muddatdan, yaʼni 8 yildan koʻproq boʻlishi mamlakat konstitutsiyasi tomonidan cheklangan.

Raisiyning va boshqa qator yuqori lavozimdagi davlat arboblarining baxtsiz hodisa sababli oʻlimidan keyin muddatidan avvalgi saylovlar oʻtkazildi. Saylov 2 bosqichda oʻtdi. Unda Mas’ud Pezeshkiyon gʻolib boʻldi.

Tabiati Eron Old Osiyo togʻligi mintaqasining sharqiy qismida joylashgan va Eron togʼligining gʻarbiy qismini egallagan. Eron shimolda Kaspiy dengiziga tutash, janubda Fors va Ummon qoʻltiqlari bilan oʻralgan (ushbu qoʻltiqlardagi Keshm, Xoʻrmuz, Xark va boshqalar orollar Eronga tegishli). Sohillari pasttekislik, ayrim joylari mangra chakalakzorlari bilan qoplangan. Yer yuzasining yarmidan koʻprogʻi togʻli. Mamlakat hududining chekkalarida Shimoliy Eron, Sharqiy Eron va Janubiy Eron togʻlari joylashgan. Eron togʻlari orasida Alburz togʻlari (Damovand choʻqqisi Eronning eng baland nuqtasidir, 5604 m) va Turkmaniston Xuroson togʻlari alohida ajralib turadi. Eronning janubiy gʻarbida Zagros togʻ tizmasi joylashgan. Chekka tizmalar oralarida 1000–2000 m balandlikdagi yassitogʻliklar bor. Eronning gʻarbida, Armaniston togʻligida soʻngan vulkanlar, ichki yassitogʻliklarda choʻl va landshaftli botiqlar mavjud. Eronning janubiy sohilini Garmsar tekisligi egallagan. Eron neft va gaz zaxiralariga boy. Toshkoʻmir, temir va xrom rudalari, noyob elementlar, polimetall va mis rudalari, boksit, oltingugurt, surma, barit, tuz konlari va boshqalar bor.

Iqlimi. Eron hududining katta qismida suptropik, kontinental, Fors va Ummon qoʻltiqlari sohillarida tropik iqlim; yozi issiq, qishi shimolda sovuq, janubda iliq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi Tehronda 2’, Jasq shahri (Ummon qoʻltigʻi sohilida)da 19°; iyulniki xuddi shu joylarda 29 va 32°. Oʻrtacha yillik yogʻin 500 mm dan kam, faqat Alburz togʻlari yon bagʻirlarida 2000 mm gacha, Seyiston botigʻida 5060 mm. Eronda daryo kam. Yirik daryolari: Qorun, Safedrud, Atrek, Araks, Hilmand, Shatt ul-Arab. Faqat Qorun daryosida kema qatnaydi. Togʻ oraligʻidagi botiqlarda oqmas koʻllar (Urmiya, Daryochai Namak va boshqalar) bor. Togʻ oldi tekisliklaridagi boʻz tuproqlarda choʻl oʻsimliklari, togʻlardagi qoʻngʻir tuproqlarda dasht oʻsimliklari oʻsadi. Pastliklar shoʻrxok. Alburz togʻlarining shimoliy yon bagʻri keng bargli oʻrmon bilan qoplangan. Eronning janubidagi qizil tuproqlarda savanna turidagi oʻsimliklar oʻsadi. Daryo vodiylari oʻtloq, tuprogʻi allyuvial. Eronning hayvonot dunyosi xilma-xil. Togʻlarda quyon, chiyaboʻri, togʻ echkisi, yoʻlbars, qoplon, jayra, vodiylarda tulki, boʻri, sirtlon, bugʻu, boʻrsiq va boshqalar yashaydi. Mamlakat markazidagi tekislikda kaklik, Fors qoʻltigʻi sohillarida saqoqqush va qizil gʻoz, Kaspiy dengizida qimmatbaho baliq turlari — osyotr va beluga koʻp. Milliy bogʻlari: Kevir, Guliston, Urmiya, Markaziy Alburz va boshqalar.

Aholisi thumb|right|150px|Fors qizi Soni 2015-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Eron aholisi 78 million 408 ming 412 kishini tashkil etadiStatistical Centre of Iran. 2011-yilda mamlakatda oʻtkazilgan aholi sonini sanash va roʻyxatga olish natijalariga koʻra, Eron aholisi soni 75 million 149 ming 669 kishini tashkil etgan ediStatistical Centre of Iran. Aholining oʻrtacha zichligi — 42 kishi/km² ga.

1979-yildan beri Eron aholisi ikki baravarga oʻsdi va 2006-yilga kelib 70 495 782 kishini tashkil etdi. Soʻngi yillarda ushbu rekord oʻsish templari susaygan. 2009-yilning may oyi holatiga koʻra, Eron aholisining 60% dan oshigʻi 30 yoshga toʻlmagan edi. Aholi orasidagi savodxonlik 85% dan oshiq va ushbu koʻrsatkich yildan-yilga yaxshi tomonga oʻzgarmoqda. Mamlakat aholisining 70% dan koʻprogʻi shaharlarda istiqomat qiladi.

Eronda tugʻilganlarning 4 milliondan oshigʻi Erondan tashqarida yashaydi. Ularning asosiy qismi 1979-yilda mamlakatda yuz bergan Islom inqilobi dastidan qochganlardir. Ushbu qochqinlar hozir asosan AQSH, Kanada, Avstraliya va Yevropa mamlakatlarida istiqomat qiladi va deyarli barchasi ushbu mamlakatlar fuqaroligini olgan. 1996-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Eronning oʻzida 1 milliondan oshiq qochqinlar mavjud boʻlgan. Ularning asosiy qismi urush va qiyin iqtisodiy va ijtimoiy vaziyat tufayli Afgʻoniston va Pokistonning Vaziristoniga kiruvchi viloyatlardan kelgan.

Milliy tarkibi Eronda 30 dan ortiq millat vakillari yashaydi. Aholisining 75% dan oshigʻini eroniy tillar va eroniy xalqlar guruhiga kiruvchi xalqlar: forslar, kurdlar, lurlar, mozandaronlar, gilaklar, balujlar, tolishlar, baxtiyoriylar, pushtunlar, tojiklar va boshqalar tashkil etadi. Turkiy tillar va turkiy xalqlar guruhiga kiruvchi ozarbayjonlar va turkmanlar, shuningdek boshqa millatlardan, arablar, armanlar, ossuriyaliklar, gruzinlar, loʻlilar va boshqalar ham yashaydi. Ushbu millatlarning 65% dan oshigʻini forslar, taxminan 15% ozarbayjonlar, 10% kurdlar, 6% lurlar, 2% arablar, turkmanlar 2%, boshqalar 3%.

Diniy tarkibi Eron aholisi dindorlarining asosiy qismi musulmonlardir, yaʼni aholining 98% ni musulmonlar tashkil etadi. Ulardan 89% islomning shia mazhabiga, 9% islomning sunniy mazhabiga eʼtiqod qiladi. Eronda davlat dini — islom dinining shia mazhabidir. Bahrayn, Iroq va Ozarbayjondagi kabi, Eronda mamlakat dindorlarining yarmidan koʻpi shialik mazhabiga eʼtiqod qiluvchilardir. Eronda ushbu mazhab uchun muqaddas sanaladigan ikki shahar joylashgan. Bular: Mashhad va Qum shaharlaridir.

Tarixi Eron hududida odamzod ilk paleolit davridan yashaydi. Eronliklar toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlar Ossuriya yozma yodgorliklarida keltirilgan. Miloddan avvalgi 834-yilda shoh Salmanasar IIIning sharqqa qilgan yurishini tavsiflovchi mixxat yozuvlarida qadimiy fors tilida soʻzlashuvchi xalqlar istiqomat qilgan Parsua mamlakati qayd etilgan. Miloddan avvalgi 3-ming yillik boshida Eronning janubi-gʻarbida dastlab shahardavlatlar, keyinroq Elam davlati paydo boʻldi. Miloddan avvalgi 2-ming yillik davomida Eron hududiga hind-eron tillarida soʻzlashuvchi hind-yevropa qabilalari kirib kela boshlagan.